Kassa chekida tovarlar va xizmatlar nomi to‘g‘risidagi ma'lumotlar bo‘lishi shartmi? Soliq kodeksining 222-moddasiga va 17.11.2011 yildagi 306-son VMQga muvofiq bunday ma'lumotlar bo‘lishi shart. Biroq Davlat soliq qo‘mitasining 17.01.2019 yildagi 01-01128-sonli xatida savdo shoxobchalari haqida aytilmagan, faqat tovarlar guruhi ko‘rsatilgan. Shunday ekan, tovarlar nomini ko‘rsatish shart emasdir? Buxgalter vaziyatga oydinlik kiritdi.
Qayerda to‘g‘ri cheklar beriladi
Kun tartibida – cheklarda tovarlar va xizmatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar keltirilishi talabi.
Bu norma borasida qonunga rioya qiluvchilar chakana savdo muassasalari tarmog‘i hisoblanadi. Katta supermarketlarda terminal orqali to‘lov amalga oshirilayotganda shunday chek beriladi. Xususan qonunchilikda bunday vaziyatlarda chekning berilishi umuman talab etilmaydi.
Bu normaga rioya etilishi savdo tarmog‘i ma'muriyatiga tokchalarda qanday tovarlar borligini aniqlash imkonini beradi. Tovar kirimi hisobvaraq-fakturada, chakana iste'molchiga realizatsiya qilinganligi esa kassada qayd etiladi. Bunday tahliliy ma'lumotda tovar aylanishi hajmini kengaytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarga asoslaniladi.
Cheklarda tovarlar nomi ko‘rsatilganda xaridorlar bilan o‘zaro munosabatlarda nizoli vaziyatlar kamroq bo‘ladi. Har qanday vaziyatda xarid qiymati kalkulyatsiyasini tekshirish mumkin bo‘ladi, «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunda nazarda tutilgan tovarni qaytarish yoki boshqasiga almashtirish huquqi to‘g‘risida so‘z borganda, tovar qaysi do‘konda xarid qilinganligini isbotlash oson bo‘ladi.
Mazkur norma bilan soliqlarni to‘lash jarayonining ochiq-oydinligi, davlat budjetiga tushumlar to‘liq tushishi ta'minlanadi.
Istiqbolda qanday bo‘ladi
2019 yilning 1 avgustidan boshlab import qilinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan tovarlarni himoyalangan belgi va (yoki) nano-molekulyar texnologiyadan foydalangan holda majburiy markirovkalash bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunday markirovkalash mamlakatimizda tashkil qilinayotgan tovarlar harakatini nazorat qilish va hisobga olish tizimi negiziga aylanadi.
Biroq bu muayyan birlikdagi tovarni identifikatsiyalashning qo‘shimcha usulidir. Tovarlarni markirovkalashdan barcha hisob hujjatlarida, shu jumladan tovar ishlab chiqaruvchidan pirovard iste'molchiga yetib borguniga qadar bosib o‘tadigan yo‘lda rasmiylashtiriladigan hisobvaraq-fakturalarda va kassa cheklarida foydalanilgandagina samaraga erishiladi. Shu tariqa, noqonuniy xatti-harakatlarni, noinsof soliq to‘lovchilarning g‘ayriqonuniy harakatlarini cheklaydigan yana bir to‘siq paydo bo‘ladi. Markirovkalangan tovarni boshqasi bilan almashtirib bo‘lmaydi.
Tashkiliy masalalar hal bo‘layotgan bir paytda, yangi tizim samarali ishlashi uchun qanday chora-tadbirlar zarurligini, uning imkoniyatlaridan qanday qilib yuqori darajada foydalanishni o‘ylab ko‘rish kerak. Shubhasiz, chekda xarid qilinayotgan tovar nomining yonida identifikatsiya parametrlari ko‘rsatilishi har jihatdan foydali bo‘ladi.
O‘zgartirishlar talab etiladimi?
Ko‘rinib turibdiki, NKM cheklarida tovar va xizmatlar nomi ko‘rsatilishi talabining rad etilishi salbiy oqibatlarga olib keluvchi jiddiy xatolar bo‘ladi. Cheklar berilmaydigan holatlarga qarshi kurashuvchi vakolatli organlar berilayotgan cheklarda nimalar ko‘rsatilayotganligiga ham e'tibor qaratishlari lozim. Chek Soliq kodeksi va 17.11.2011 yildagi 306-son VMQning so‘zsiz bajarilishi lozim bo‘lgan talablariga muvofiq kelishi shart.
Nima uchun hozir tovarlar haqidagi ma'lumotlar kassa cheklarining hammasida ham ko‘rsatilmaydi? Axborot berish va tushuntirish kampaniyasi bilan birga tovarlar nomi ko‘rsatiladigan NKMlar bilan ishlash qoidalari mutaxassislar tomonidan ko‘rsatib beriladigan sotuvchilar va kassirlar malakasini oshirish tadbirlarini ham o‘tkazish kerak bo‘ladi.
Tovarlar harakatini nazorat qilish va hisobga olish tizimining joriy etilishi terminal va NKM cheklari birga beriladigan supermarketlar tajribasini ommalashtiradigan, uni boshqalar uchun ham majburiy holatga aylantiradigan norma kiritilishi talab etiladi. Terminallar tovarlar hisobini yuritishga mo‘ljallanmaganligi bois, ularni bunga moslashtirish oson bo‘lmaydi, hozircha esa buning iloji yo‘q. Mamlakatimizda foydalanilayotgan modellarda bunday funksiya mavjud emas, banklar tomonidan esa to‘lov tizimining xavfsizligini ta'minlash maqsadida terminallar dasturiy ta'minotini modernizatsiyalash va o‘zgartirishga ruxsat berilmayapti.
Bunday chora-tadbirlar borasida iste'molchilarning huquqlarini himoya qiluvchi davlat organlari tomonidan tanlovlar va savol-javoblar o‘tkazilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chek rekvizitlari qonun hujjatlari talablariga to‘liq muvofiq bo‘lishi sharti bilan «omadli» chek sohiblariga qimmatbaho sovg‘alar berilishini yo‘lga qo‘yish mumkin.