Qanday qilib ko‘p vaqt sarflamasdan yiliga 30 tadan ko‘p kitob o‘qish mumkin?

Light 01:27 / 23.01.2019 17321

Mashhur muallif Jyeyms Klir o‘z siri bilan o‘rtoqlashdi. 

Kitoblar muallifi, tadbirkor xulq-atvor psixologiyasi, odatlarni shakllantirish va rivojlanish haqida yozadi.

Foto: Unsplash

Yigirmanchi asrning buyuk investori deb ataluvchi Uorren Baffet Kolumbiya universiteti talabalari oldida chiqish qildi. Talabalardan biri investitsion kelajakda karera uchun yaxshiroq tayyorlanishda nima qilish kerakligi haqida savol berdi. Biroz o‘ylab olgach, Uorren o‘zi bilan olib kelgan hujjatlar va savdo hisobotlari to‘plamini olib, shunday dedi:

«Har kuni 500 ta ana shunday varaqlarni o‘qing. Bilim murakkab foizlar kabi to‘planib boradi. Har kim buni amalga oshira oladi, biroq kafolat beramanki, ko‘pchilik bunday qilmaydi».

Baffetning o‘zi ish vaqtining 80 foizini mutolaaga va fikrlashga sarflaydi. Bu meni yetarli miqdorda kitob o‘qiyapmanmi yoki yo‘q ana shu haqda o‘ylashga majbur qildi. Miqdor yetarli emasligining bir necha sabablari mavjudligini tushundim.

Nima uchun kam o‘qiymiz?

Mutolaa jarayonini o‘zlashtirgan odam uchun mohiyatan bu qiyinchilik tug‘dirishi kerak emas. Buning uchun vaqt topishning o‘zi kifoya. Albatta, amalda bajarishdan ko‘ra aytish osonroq.

O‘z odatlarim haqida o‘ylab buni noto‘g‘ri bajarganimni tushundim. Facebook yoki Twitter’da qiziqarli maqolaga havolani ko‘rganimda uni o‘qir edim. Biroq kitoblar uchun alohida vaqt ajratmasdim. Ko‘zimga ko‘ringan narsalarnigina o‘qirdim.

Foto: Unsplash

Natijada faqat onlayn mutolaa qilardim. Albatta, internetda ko‘plab yaxshi maqolalar bor, biroq kitoblarning sifati yuqoriroq. Ular yaxshiroq yozilgan va sinchkovlik bilan tahrirlangan, ulardagi ma'lumotning sifati ancha yaxshi va tekshirilgan. Shunday ekan, biror narsani o‘rganishni istasangiz, yaxshisi kitob o‘qing, onlayn maqolalarni emas.

Buni qanday to‘g‘rilash mumkin

Odatiy ishlarga qaramay ko‘proq o‘qishda yordam beradigan u qadar murakkab bo‘lmagan tizimni ishlab chiqdim.

Kun boshida 20 bet o‘qing

Odatda men uyg‘onaman, bir stakan suv ichaman, shukronalik uchun sabab bo‘ladigan uch narsani yozaman, keyin esa biror kitobdan 20 varaq o‘qiyman. Mana 10 haftadirki ana shu odatga amal qilaman. Bugun yettinchi kitobning yuzinchi betiga keldim. Ana shu tezlik bilan (10 haftada 7 kitob) yiliga 36 ta kitob o‘qiyman. Umuman yomon emas.

Menimcha bu yondashuv ish beradi, chunki 20 bet – ko‘p emas, bu miqdor kishini cho‘chitmaydi. Ko‘pchilik buncha betni yarim soatda o‘qiydi. Buni tezkor ishlar sizni chalg‘itishidan oldin, kun boshida amalga oshiring. Bundan tashqari, 20 ta bet bu – o‘rtacha tezlik. Sekin harakat qilib, tezda ilgarilab ketasiz.

Agar imkoniyat bo‘lsa, kitoblarga ko‘proq vaqt ajrataman. Miriqib uxlash to‘g‘risidagi maqolamdan keyin mutolaani kechki odatlarim ro‘yxatiga kiritdim. Kun uchun nima reja tuzishimga qaramay, tongda albatta 20 bet kitob o‘qiyman.

Tongning ilk soatini to‘g‘ri o‘tkazing

Uyg‘onganingizdan keyin ilk soatlarda nima bilan band bo‘lasiz? Ko‘pchilik uni ishga ketish bilan bog‘liq yugur-yugurlar bilan o‘tkazadi. Nima sababdan bu vaqtni rivojlanish uchun sarflamaslik kerak? Nima uchun har kuni bir soat ertaroq uyg‘onib, o‘zimiz bilan shug‘ullanmasligimiz kerak? Bu ishdagi, munosabatlardagi natijalaringizga qanday ta'sir qilishini bir o‘ylab ko‘ring.

Foto: Unsplash

Tongni mutolaadan boshlash aynan mana shunga yordam beradi. Tonggi soatlarni mustaqil rivojlanish uchun sarflang. Sizni yanada yaxshi insonga aylantiradigan kitoblarni o‘qing. Hayotni o‘zgartiradigan odatlarning ko‘pchiligi kabi bu tezkor emas, biroq juda muhim.

Kuniga 20 bet. Sizdan talab etiladigan bor-yo‘q vazifa shu.

Ko‘proq yangiliklar: