Taqiqlangan tashkilot tarkibiga kirib qolganlarni afv etish tartibi qanday bo‘ladi? ​

O‘zbekiston 12:51 / 22.01.2019 52673

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 sentyabrdagi «Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni imzolangandi. 

Farmonga muvofiq, nizom qabul qilingan bo‘lib, u terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarini taqdim etish, ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish, shuningdek, taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi. 

Nizom bandlari va komissiya faoliyatiga oid savollarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi javob berib, ayrim holatlarga rasmiy izoh berdi. 

Bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan chet eldagi O‘zbekiston fuqarosi o‘zini aybdor hisoblamasa, to‘liq oqlanishini talab qilmoqchi bo‘lsa, u holatda bu fuqaro ham komissiyaga murojaat qilishi mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, unda qay tarzda murojaat qiladi?

Nizomning 3-bob, 10-bandiga ko‘ra, Komissiyaning asosiy vazifalaridan biri, bu- taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlari o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini ta'minlashdir.

«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga asosan, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etish huquqi kafolatlanadi. Murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi. Hech kim biron-bir murojaatni himoya qilishga yoxud unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.

Shuningdek, «Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5542-sonli Farmoni va yuqorida keltirib o‘tilgan Nizomga asosan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi uchun bir nechta o‘ziga xos talablar qo‘yilgan bo‘lib, shulardan biri «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida shaxsan arz qilib kelsa, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va tuzalish yo‘liga o‘tgan» bo‘lishidir.

Yuqoridagilarga asosan, terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi murojaat qilishi mumkin, biroq fuqaro jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi uchun u Farmon va Nizomning talablariga to‘liq javob berishi lozim.

Nizomdan ma'lum bo‘ladiki, fuqaroni jinoiy javobgarlikdan ozod etish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasida belgilangan asoslarga ko‘ra jinoyat ishini tugatish tarzida amalga oshiriladi. Shunda aybliligi hal qilinmay turib ozod qilinsa, unda fuqaro oqlangan bo‘ladimi?

Nizomning 1-bob, 3-bo‘limiga ko‘ra, jinoiy javobgarlikdan ozod etish Komissiyaning tegishli xulosasi asosida dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasiga muvofiq amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. 

Ushbu holatda fuqaro oqlangan hisoblanmaydi. Fuqaroning ayblilik to‘g‘risidagi masalasi hal qilinmay turib unga nisbatan tegishli organ tarafidan JPKning 84-moddasiga asosan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror chiqariladi.

Ishchi guruh jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va boshqa shaxslarni taklif qilish huquqiga ega. NNT lardan kimlarni taklif qilish rejalashtirilgan? Va NNT lardan qanday foydalaniladi? Boshqa shaxslar deganda kimlar nazarda tutilgan?

Haqiqatan, Nizomning 2-bob 8-bandiga asosan, ishchi guruh jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va boshqa shaxslarni taklif qilish huquqiga ega.

Shu me'yorga ko‘ra, ishchi guruh zaruriyat paydo bo‘lganida, murojaat har tomonlama, to‘liq va obektiv ko‘rib chiqilishini ta'minlash maqsadida, zarur bo‘lgan har qanday davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va boshqa shaxslarni taklif qilishi mumkin. Bunda, NNTlarni aniq bir ro‘yxati shakllantirilmagan, barchasi murojaat holatidan kelib chiqiladi. Boshqa shaxslar deganda esa, ekspertlar, mutaxassislar yoki zarur bo‘lgan hollarda guvohlar, xolislar kabi shaxslar tushuniladi.

Agar jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida murojaat qilayotgan shaxs xorijiy davlatda bo‘lsa, u yashaydigan davlatda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi bo‘lmasa hamda eng yaqin vakolatxona ham uzoqda bo‘lsa, unda qanday yul tutiladi? Fuqaroning O‘zbekistondagi qonuniy vakili, advokati fuqaro nomidan murojaat qilish huquqiga egami?

Yuqorida qayd etilganidek, Farmon va Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi uchun bir nechta talablar qo‘yilgan bo‘lib, shulardan biri O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida shaxsan arz qilib kelish talabidir.

Shunga ko‘ra, jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan, terroristik va ekstremistik xususiyatdagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan (qidiruvda bo‘lgan) shaxslar tomonidan Komissiya raisi nomiga yoziladi hamda yozma shaklda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud yoki bevosita Komissiyaga shaxsan taqdim etiladi.

Agar jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida murojaat qilayotgan shaxs xorijiy davlatda bo‘lsa, u O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasiga (bundan buyon matnda diplomatik vakolatxona deb yuritiladi) shaxsan kelishi, dastlabki suhbatdan o‘tishi va Komissiya raisi nomiga murojaat taqdim etishi shart.

Ishchi guruh har bir viloyatda tashkil qilinadimi? Yoki ishchi guruh faqat Respublika poytaxtida ishlarni ko‘rib chiqadimi?

Farmonga muvofiq, komissiyaning ishchi organi – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi.

Asosiy ishchi guruh ham IIV negizida shakllantirilgan. Biroq, joylarda ham doimiy ishchi guruhlar tuzilgan bo‘lib, ular IIVda shakllantirilgan va faoliyat yuritayotgan doimiy ishchi guruhiga murojaatlar yuzasidan hujjatlar yig‘ilishida va boshqa zarur bo‘lgan hollarda ko‘maklashishi ko‘zda tutilgan.

Nizomda nazarda tutilgan shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjudligini aniqlash borasida so‘z yuritilgan. Nizomning shu qismiga izoh bersangiz, qaysi to‘sqinliklar haqida gap ketmoqda?

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari quyidagi hollarda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi ko‘rsatilgan, jumladan:

- aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida shaxsan arz qilib kelsa, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va tuzalish yo‘liga o‘tgan bo‘lsa;

- jinoiy faoliyat va boshqa huquqqa xilof qilmishlarni fosh etishda faol yordam bergan bo‘lsa;

- taqiqlangan tashkilotlar safiga aldov yo‘li bilan jalb etilgan bo‘lsa; 

- taqiqlangan tashkilotlarning g‘oyaviy yoki ma'naviy rahnamosi bo‘lmagan bo‘lsa;

- jangovar harakatlarda va qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishda ishtirok etmagan bo‘lsa; 

- terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida taqiqlangan tashkilotlarda o‘quv, maxsus yoki harbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan bo‘lsa; 

- terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida chiqish yoki harakatlanishni amalga oshirmagan bo‘lsa; 

- xalqaro terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etmagan bo‘lsa;

- terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar mavjud bo‘lgan materiallarni adashib yoki axborot-kommunikatsiya vositalarida tarqatishga qasd qilmagan va bunday maqsadni ko‘zlamagan holda saqlagan bo‘lsa.

Agar terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, mazkur talablarga to‘liq javob bersa, bu holatda ushbu fuqarolarimizning jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Nizomda komissiya tomonidan jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaat kelib tushgan kundan boshlab bir oy ichida ko‘rib chiqiladi, deyiladi. Ushbu bir oylik muddat qachondan boshlanadi? Masalan, fuqaro chet eldagi vakolatxonaga murojaat qildi, shu murojaat kunidan boshlab bir oy ichida komissiya xulosasi chiqadimi?

Nizomga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki sudlarga taqdim etilgan jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, bir ish kuni ichida Komissiya ishchi organiga yuboriladi.

Diplomatik vakolatxonaga taqdim qilingan murojaatlar, mazkur Nizomning 14 va 15-bandlarida nazarda tutilgan tadbirlar (shu jumladan, Ishchi guruh a'zolari bilan hamkorlikda) o‘tkazilganidan so‘ng, quyidagi materiallarni ilova qilgan holda diplomatik pochta bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Komissiya ishchi organiga yuboriladi:

murojaat qiluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatning diplomatik vakolatxona tomonidan tasdiqlangan nusxasi (fuqarolik pasporti, fuqarolik pasporti bo‘lmagan yoki uning amal qilish muddati tugagan hollarda ushbu muassasa tomonidan berilgan O‘zbekiston Respublikasiga qaytish sertifikatining tasdiqlangan nusxasi);

murojaat qilgan fuqaroning shaxsiga oid ma'lumotlar, shuningdek, o‘tkazilgan suhbat natijalari ko‘rsatilgan, Komissiya tomonidan tasdiqlangan shakldagi anketa;

murojaat qilgan shaxs tomonidan taqdim etilgan, jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi masalani hal etishda ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar, fotosuratlar, audio, videoyozuvlar va boshqa materiallar;

boshqa shaxslarning murojaat qilgan fuqaro haqida qo‘shimcha ma'lumot sifatida bergan tushuntirish xatlari.

Komissiya tomonidan jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaat kelib tushgan kundan boshlab bir oy ichida ko‘rib chiqiladi.

Ishchi guruh murojaatni har tomonlama o‘rganib chiqqandan keyin yana qanday to‘sqinlik aniqlanishi mumkin?

Ishchi guruh murojaatni o‘rganib chiqqanidan so‘ng, Farmon va Nizomda ko‘rsatilmagan qo‘shimcha holatlarni asos qilib, murojaatni qanoatlantirmasligiga qo‘l qo‘yilmaydi. Har bir murojaatni ko‘rib chiqish va u bo‘yicha xulosa qabul qilish faqatgina Farmon va Nizom talablaridan kelib chiqiladi.

Bu farmon O‘zbekiston hududidagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarga xam tatbiq qilinadimi? Tatbiq qilishda qandaydir cheklovlar bormi?

Nizom shart va bandlari mahkumlarga qo‘llanilmaydi. Bu normalar faqat jinoiy ta'qib ostidagi, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi nazarda tutilayotgan shaxslargagina amal qiladi

Ayni paytda hududlardagi quyi IIB vakillari farmon mazmuni, komissiya faoliyati to‘g‘risida to‘liq ma'lumotga ega emas. Shu tufayli, tushunmovchiliklar kelib chiqyapti. Komissiyaga murojaat etishning yagona aloqa raqamlari bormi?

Mavjud. Ichki ishlar vazirligiga 71 256-36-18, Bosh prokuraturaga esa 71 233-28-67 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin. 

Ma'lumot uchun, prezident farmoniga asosan Komissiya ishchi organi faoliyatini tashkil etish maqsadida Ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, ushbu guruh tarkibiga Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari va Oliy sud sudyasi, shuningdek Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Yoshlar ittifoqidan mas'ul xodimlari kiritilgan.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: