Bizni yubiley kutmoqda: Nihoyat, Avstraliya darvozasini ishg‘ol etish vaqti keldi

Sport 08:47 / 21.01.2019 28043

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Avstraliya terma jamoasi bilan rasmiy uchrashuvlarda uch bora duch kelgan. Har uch uchrashuvda avstraliyaliklarning qo‘li baland kelgan. Eng qiziq tomoni — o‘zbek futbolchilari hali «sokkeruz»lar darvozasiga hattoki gol ura olishmagan.

Demak, oldingi uchrashuvlarda gol urolmaganimiz uchun g‘alaba qozonolmaganmiz. Agar yigitlarimiz Avstraliya terma jamoasi darvozasini ishg‘ol etishni uddalay olishsa, buyog‘i silliq ketadi, deb umid qilsa bo‘ladi.

Yana bir qiziqarli jihat, 2011 yildan buyon — roppa-rosa 8 yil davomida bu ikki terma jamoa o‘zaro ro‘baro‘ kelmagan. Ya'ni, jamoalar uzoq yillardan so‘ng bir-birlariga qarshi maydonga tushishmoqda. Qariyb, bir-birining maydondagi o‘yinidan, salohiyatidan bexabar.

Naqadar noxush bo‘lmasin, o‘tgan uchrashuvlarni yodga olaylik.

1. JCh-2010 IV bosqich saralash uchrashuvi. 2008 yil 10 sentabr. Toshkent.

O‘ZBeKISTON – AVSTRALIYa 0:1 (0:1)

Gol: Skott Chipperfeld (26)

2. JCh-2010 IV bosqich saralash uchrashuvi. 2009 yil 1 aprel. Sidney.

AVSTRALIYa – O‘ZBeKISTON 2:0 (0:0)

Gollar: Joshua Kennedi (66), Harri Kyuell (73-penalti)

3. Osiyo-Kubogi 2011. Yarim final. 2011 yil 25 yanvar. Doha.

O‘ZBeKISTON – AVSTRALIYa 0:6 (0:2)

Gollar: Harri Kyuell (5), Sasha Ognenovskiy (35), Devid Kerni (65), Brett Emerton (73), Karl Valeri (82), Robbi Kruz (83).

Yana bir qiziq fakt: taniqli jurnalist va futbol funksioneri Alisher Nikimbayevning ta'kidlashicha, Qatarda o‘tgan Osiyo kubogi uchrashuvidagi O‘zbekiston – Avstraliya uchrashuvi milliy jamoamizning rasmiy o‘yinlardagi 100-uchrashuvi bo‘lgan. Ertaga bo‘lib o‘tadigan Avstraliya – O‘zbekiston uchrashuvi ham MTJning yubiley — 150-uchrashuvi bo‘ladi.

Noxush an'analarga chek qo‘yilishi va yubiley uchrashuv g‘alaba bilan yakunlanishini millionlab futbol muxlislarimiz orziqib kutishmoqda. Futbolchilarimizga omad va muvaffaqiyat yor bo‘lsin!

Ko‘proq yangiliklar: