Abdulazizxon madrasasi bo‘yicha rasmiy munosabat bildirildi

O‘zbekiston 21:12 / 21.01.2019 18251

Yaqinda Kun.uz'da Abdulazizxon madrasasining bugungi kundagi ahvoli to‘g‘risida maqola e'lon qilingandi. Jurnalist Saodat Abdurahmonova madrasa nega hozirgi ta'mirtalab ahvoliga kelib qolgani borasida shartli savolni o‘rtaga tashlagan bo‘lib, bunga «e'tiborsizlik, konservatsiya va obidalarni qayta ta'mirlash ishlari bo‘yicha mutaxassislarda ko‘nikma, bilim yetishmasligi» sabab bo‘layotganini bayon etgan

Bunga javoban Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Buxoro va Navoiy viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo davlat inspeksiyasi​dan berilgan xabarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash direksiyasi mablag‘lari hisobidan, Abdulazizxon madrasasida 2019 yilda ta'mir ishlarini ishlari amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ma'lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 iyundagi «YuNeSKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasidagi hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qarorining 4 va 9-bandlariga muvofiq, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy qismi alohida muhofaza etiladigan hudud sifatida e'tirof etilib, unda rejalashtirilgan barcha qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari YuNeSKOning Umumjahon merosi markazi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan belgilangan tartibda avvaldan kelishilgan holda amalga oshirilishi shart. 

«Buxoro tarixiy markazi va uning muhofaza hududidagi barcha kapital qurilish ishlari, ularning loyihalari Umumjahon merosi markazi tomonidan ma'qullangunga qadar to‘xtatilishi belgilab qo‘yilganligi sababli ta'mirlash ishlarini olib borish vaqtinchalik to‘xtatilgan.

YuNeSKOning Umumjahon merosi markazi xalqaro ekspertlaridan iborat olimlar tomonidan Eski shahardagi obidalarni  tadqiq etish ishlari boshlangan. Izlanishlar natijasi bo‘yicha belgilangan tartibda o‘zlarining xulosalarini berishi ko‘zlangan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, xalqaro ekspertlar xulosalari hamda Umumjahon merosi markazi tomonidan  loyihalar ma'qullanganidan keyin Abdulazizxon madrasasida  ta'mir ishlari davom ettirilishini ma'lum qilamiz», – deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, Abdulazizxon madrasasi 2008 yil 9 oktyabrda Buxoro viloyati hokimining qarori bilan Moddiy madaniy meros obektlari davlat ro‘yxatiga olingan. Inshoot Ashtarxoniylarning beshinchi vakili Abdulazizxonning buyrug‘i bilan me'mor Mimxoqon ibn Xo‘ja Muhammadamin tomonidan 1652 yilda qurilgan.  Madrasa XVII asr Buxoro me'morchiligining yetuk namunasidir.

Ko‘proq yangiliklar: