AIBA direktori XOQni boks bo‘yicha tezroq qaror qabul qilishga chaqirdi

Sport 18:00 / 20.01.2019 17969

Xalqaro havaskorlik boksi uyushmasi (AIBA) ijrochi direktori Tom Virjyets Xalqaro Olimpiya qo‘mitasini (XOQ) 2020 yilgi Tokio Olimpiadasi uchun saralash musobaqalari bo‘yicha yakuniy qarorni tezroq qabul qilishga chaqirdi. R-Sport xabariga ko‘ra, u buni kechiktirish tayyorlanish rejasini tuzishi kerak bo‘lgan sportchilarga zarar yetkazayotganini qayd etib o‘tgan.

2018 yilning noyabr oyi oxirida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi Tokioda 2020 yilda o‘tuvchi yozgi Olimpiadada boks musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha rejalarni muzlatib qo‘ygandi. Qaror doirasida AIBA’ni moliyalashtirish, chiptalar sotish, kvalifikatsiya va saralash tizimini tasdiqlash va tatbiq qilish to‘xtatib qo‘yilgandi.

Bu qaror Xalqaro havaskorlik boksi uyushmasiga (AIBA) nisbatan olib borilayotgan tergov va uning amaldagi rahbariyatidan norozilik bilan bog‘langandi. Xususan, XOQ AIBA rahbari lavozimiga AQSh moliya vazirligi sanksiyalari ostiga tushgan G‘ofur Rahimovning saylanganidan norozi bo‘lgandi.

«Biz XOQ bilan hamkorlik qilishga va ularni tashvishlantirayotgan barcha savollarga javob berishga tayyormiz. Biz yuzaga kelgan holatni jiddiy qabul qilamiz va XOQ qo‘ygan talablarni bajarishga harakat qilamiz.

Biz avval ham tergov komissiyasining rahbariga aytganimizdek, uchrashuv tashkillashtirilishi va ochiq tinglov bo‘lishini kutmoqdamiz. Umid qilamizki, kelgusida bu jarayon tezlashadi. Bugungi kunda bokschilarimiz kelajak mavhumligi tufayli jabr chekishmoqda, ular qachon, qayerda va qanday tartibda saralash o‘tkazilishini bila olishmayapti. Sportchilarga bunday munosabatda bo‘lish to‘g‘ri emas, ularning manfaati hamisha ustuvor bo‘lishi kerak», – degan Tom Virjyets.

Ko‘proq yangiliklar: