2019-yil 1-yanvardan boshlab, O‘zbekiston soliq tizimida qo‘shilgan qiymat solig‘i keng joriy etilishi rejalashtirilgandi. Ishbilarmon va mutaxassislarning aytishicha, QQS avvalgi soliq turlaridan tubdan farq qiladi va, albatta, mamlakat iqtisodiyotini ijobiy natijalar sari olib boradi.
Lekin jamoatchilik orasida bir nechta savollar katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda: QQSning joriy etilishi amaldagi narxlarga ta'sir qiladimi?
Ijtimoiy tarmoqda tarqalib ketgan xarid chekida QQS miqdori ko‘rsatilgan va narx shunchaga oshdi, degan yanglish sarosima ham mavjud. Mavzuni yaqindan tahlil etish uchun mutaxassis, soliqchi va tadbirkorga murojaat etdik.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Yuliy Yusupov, iqtisodchi-ekspert:
– 1 yanvardan boshlab, ko‘plab savdo punktlarida xarid chekining bir qismida QQS miqdorini ko‘rsatmoqda. Bu ko‘pchilikni qo‘rqitmoqda. Xaridorlar tovar narxi shuncha foizga oshganidan hayiqmoqda. Qo‘rqish kerak emas, chunki QQS 1 yanvardan paydo bo‘lmadi, u ko‘p yillardan beri amalda bo‘lgan. Ko‘plab tovarlar bo‘yicha ishlab chiqaruvchilar QQS to‘lab kelgan. Shunchaki, u xarid chekida ko‘rsatilmasdi. Ya'ni, tovar qiymatini shakllantirishda QQS inobatga olingan, lekin chekda ko‘rsatilmagan. Umuman olib qaraganda, QQS miqdorini chekda ko‘rsatish majburiy emas.
Bundan tashqari, avval QQS to‘lamagan tadbirkorlar, o‘sha paytda yagona soliq to‘lovini amalga oshirgan. U ham tovar qiymatini shakllantirishda inobatga olinardi. Axir hamma soliqlarni iste'molchi to‘laydi. Endi YaST o‘rniga QQS to‘lanadi. Bu bilan narx oshib ketadi, deyish xato.
Mubin Mirzayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari:
– Ko‘pchilik qo‘shilgan qiymat solig‘i qanday hisoblanishini unutib yuborgan. QQS xarajatlarga ta'sir qilmasligi zarur, to‘g‘ri, u foydani kamaytirishi mumkin, korxonaning rentabelligini tushirishi mumkin, lekin tan narxga aslo ta'sir qilmaydi. Yagona soliq to‘lovchisi QQS bilan hisoblashmay, xarajatlari oshgan, mana shu tan narxning oshishiga ham sabab bo‘lgan.
Yuliy Yusupov, iqtisodchi-ekspert:
– Chekda QQS aks ettirilishi – hech narsadan darak bermaydi. QQS qaysi tovarlarning narxi oshishiga yoxud tushib ketishiga olib kelishi mumkin? Savdoda keng tarqalgan, talabgir tovarlar – import qilingan mahsulotlar. Import tovarlar bojxonadan olib kirilayotgan paytda, mahsulotlar QQSga tortiladi. Mamlakatda ko‘plab tadbirkorlar soliq imtiyoziga ega bo‘lgan va import uchun QQS to‘lamagan. Shunga qaramay, import uchun QQS to‘langan bo‘lsa, zanjir hosil bo‘ladi. Ya'ni, import qiluvchi ulgurji savdo bilan shug‘ullangan kompaniya QQS (20 foiz) va yagona soliq to‘lovini (5 foiz) birdan amalga oshirgan. Chakana savdo bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar mahsulotni sotib olib, o‘zi belgilagan narx bilan savdoni davom ettirgan. Undan ham soliq (4 foiz) olingan. Endi hisoblang: 20 + 5 + 4 = import tovar narxida mujassam etilgan soliqlar.
Hozirgi tizim bilan hisob o‘zgaradi: barcha QQS to‘lovchisiga aylandi va o‘zidan oldingi QQS to‘lovini inobatga olish huquqi bor. Demak, import tovarlar bo‘yicha narxlar nafaqat saqlanib qoladi, balki pasayishi ham mumkin. Menimcha, narxlar o‘zgarmay qoladi, chunki QQS tovar qiymatida baribir bo‘lgan. Hech narsa qattiq o‘zgarmadi. Importda imtiyozli tovar bo‘lsa, endi zanjir buzilishi, narx ko‘tarilishi mumkin. Bundan qochib bo‘lmaydi, kimdir soliqdan ozod etilib, kimdir soliqqa tortilsa, raqobat muhiti buziladi, bu – mantiqsizlik.
Mubin Mirzayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari:
– Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi yagona yer solig‘i to‘lovchisi, ular umuman QQS to‘lamaydi. Rasmiy savdo do‘konlari realizatsiya qilinadigan 8 turdagi talabgir qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, chakana savdoda ham QQSdan ozod etilgan. Bu – go‘sht va non mahsulotlari, baliq, kartoshka, piyoz, tuxum, guruch, shakar. Qolgan mahsulotlar nima bo‘ladi, degan savol turibdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari haqiqatan dehqon bozorlari orqali savdo qilinadi. U jabhada «tadbirkorlar soliqqa tortilsin, QQS to‘lasin» degan masala yo‘q.
Kun.uz: Qishloq xo‘jaligida nooziq mahsulotlar-chi?
Mubin Mirzayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari:
– Qishloq xo‘jaligining nooziq mahsuloti, deganda, asosan tekstil, kiyim-kechak tushuniladi. Tekstilda ham ko‘p imtiyozlar bor. Ularning savdo zanjirida nol stavka ham joriy etilgan. Biz buni to‘g‘ri yo noto‘g‘ri ekanligini yana o‘rganyapmiz. Asosiysi – kiyim-kechakda ham narxlar oshishini oldini olish zarur. Yengil sanoatni barqaror ushlash uchun nimalar zarur?
Yuliy Yusupov, iqtisodchi-ekspert:
– Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta tayyorlash ishi-chi? Bu yo‘nalishda ham muammo bor. Konserva, qiyom, sharbat ishlab chiqaruvchi barcha sub'yektlar QQS to‘lovchisi hisoblanadi. Fermer esa QQS to‘lamaydi. Demak, savdo zanjiri uzilib qoladi va soliq yuki ortib ketyapti. Bu masalani yechish kerak edi, afsuski, o‘tgan yildan bu masala ochiq qolmoqda.
Mubin Mirzayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari:
– Qayta ishlab chiqarish ishida sut mahsulotlarini tayyorlovchi tadbirkorlar umuman QQS to‘lamaydi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi bir qator soha vakillari soliq imtiyozlari bilan ishlaydi. Bu bo‘yicha ro‘yxatga bir nazar tashlash kerak.
Imtiyozlarni bekor qilish, birinchi navbatda – narxlarga ta'sir qilmasligi kerak. Ikkinchidan, aholining daromadi, to‘lov qobiliyatiga ta'sir qilmasligi kerak. Mana shu nuqtai nazardan, takliflar ishlab chiqilgan. Imtiyozlarning barchasini birdan bekor qilib bo‘lmaydi: bosqichma-bosqich amalga oshiramiz. Ayni paytda bizga barqaror narxlar kerak.
Kun.uz: O‘tgan yilda, chakana savdo qilish maqsadida, QQS hisoblarisiz xarid qilingan tovarlarni 2019 yilda realizatsiya qilishda muayyan payt bozorda narx ko‘tarilishi paydo bo‘lmaydimi?
Mubin Mirzayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari:
– Qo‘shilgan qiymat solig‘isiz sotib olingan bo‘lsa, tovarning asl bahosi past bo‘lishi kerak. Hozirgi bozor narxidan, tovarning qiymati past bo‘lishi darkor. Ishlab chiqaruvchilardan kelib chiqqan holda, bozorda narx shakllanib bo‘ldi va tovar qiymatida QQS hisobga olinardi. O‘tgan yili sotib olingan qoldiq tovarlar hozirgi bozor narxiga ergashishi kerak.
Biz gapirayotgan gapimiz to‘g‘rimi yo noto‘g‘rimi, men topshiriq berdimki, joylarda vaziyatni tahlil qilib, natijani ko‘rishimiz kerak. Aytilgan gaplar yoki soliq to‘lovchi haqmi, soliqchi haqmi – korxonalar misolida ko‘rib chiqamiz.
Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi