Yuragingiz sog‘lommi? Qanday tekshirish mumkin?

Light 18:15 / 15.01.2019 84079

Har yili dunyoda millionlab odamlar yurak-qon tomir kasalliklari tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Erta bosqichda diagnostika qilish butun millat ahli uchun odatga aylanganida kasallik natijasidagi o‘lim ko‘rsatkichlarini qisqartirish mumkin bo‘lar edi, deyiladi zdorovieinfo.ru saytida.

Kasallik borligini qanday tushunish mumkin?

Havo yetishmasligi, bosh aylanishi, ter ajralish jarayonining faollashuvi va shishlar muammodan darak berishi mumkin. Biroq yurak-qon tomir kasalliklarining belgilari darhol namoyon bo‘lmaydi. Shuning uchun asosiysi - o‘z vaqtida tekshiruvdan o‘tish, ayniqsa xavf omili bo‘lsa:

·      diabet;

·      qarindoshlarda yurak-qon tomir tizimi kasalliklari bo‘lsa;

·      chekish;

·      kamharakat hayot tarzi;

·      yuqori xolesterin darajasi;

·      yuqori qon bosimi.

Yurakni tekshirish uchun shifokor sizni elektrokardiografiya (EKG), magnit-rezonans tomografiya (MRT) yoki exokardiografiya (UZI)ga yo‘llashi mumkin. Biroq to‘liq diagnostika uchun buning o‘zi yetarli emas. Ehtimol, yana fonokardiografiya, koronarografiya, rentgen, elektrofiziologik yoki radioizotop tekshiruvga borishga to‘g‘ri kelar.

Foto: Shutterstock

Yurak faoliyatini o‘zimiz tekshirishimiz mumkinmi?

Mustaqil ravishda shifokorga murojaat qilish vaqti kelgan yoki yo‘qligini bilish mumkin. Buning ikki xil yo‘li bor:

·      Martine usuli

Bu test yurak-qon tomir tizimining umumiy holati haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

30 soniyada 20 marta o‘tirib turish, pulsni o‘lchash va natijalarni yozish kerak. Keyin 1-2 daqiqa dam oling: bu vaqt ichida yurak faoliyati qayta tiklanadi va pulsni takroran o‘lchashga to‘g‘ri keladi. Xotirjamlik holatidagi va jismoniy mashqdan keyingi holatdagi ko‘rsatkichlarni taqqoslang.

Katta farq bo‘lmasa, demak, yuragingiz yaxshi ishlamoqda. 60-80 foiz atrofidagi tezlashish normal farq hisoblanadi. Agar bundan yuqori bo‘lsa, yurak faoliyati buzilgan bo‘ladi. Sabablar turlicha bo‘lishi mumkin: aritmiya, ateroskleroz, qon aylanish tizimining buzilishi. Har qanday holatda ham kardiologga murojaat qiling.

·      Shtange usuli

Bu test yurak-qon tomir va nafas tizimi qanchalik yaxshi ishlayotganini aniqlashga yordam beradi.

2-3 marta chuqur nafas olish kerak. Keyin chuqur nafas olib, uni ushlab turish kerak. Agar 40-50 soniyacha nafas olmay tura olsangiz, demak, siz mutlaq sog‘lomsiz. Agar 40 soniyadan kam bo‘lsa, uyda emas, mutaxassis huzurida yurak tekshiruvini amalga oshirish zarur bo‘ladi.

Kasallikni qanday bartaraf qilish mumkin?

G‘arbda bir an'ana bor: yurak xurujidan vafot etgan qarindoshning dafn marosimidan keyin butun oila a'zolari tibbiyot tekshiruviga yoziladi. O‘z vaqtida aniqlangan patalogiya - davolashdagi muvaffaqiyatning yarmi. Olimlar tekshiruvlar hamda chekishni tashlash va ortiqcha ovqatlanmaslikka yo‘naltirilgan oddiy tavsiyalardan tashqari quyidagilarni maslahat berishadi:

Foto: Shutterstock

·      Haftasiga 4-5 marta sport bilan shug‘ullanish

The Journal of Physiology'da chop etilgan tadqiqotlarga ko‘ra, haftada uch marta sport bilan shug‘ullanish yetarli emas. Yurak faoliyatini normal saqlab qolish uchun haftada 4-5 marta jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish kerak. Tadqiqot mualliflari yuzlab keksalarni kuzatib, haftada 2-3 marta sport bilan shug‘ullangan kishilarda yirik qon tomirlari qattiq ekanini aniqlashdi. 4-5 marta jismoniy mashqlarni bajargan kishilarda esa ular sog‘lom va elastik bo‘lgan. Bu yurak faoliyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatadi;

·      Yoga bilan shug‘ullanish

Gollandiyalik olimlar ushbu qadimiy mashqlar tizimini maslahat berishadi. 37 tadqiqotning metatahlili yoga bilan shug‘ullanish qon bosimi va xolesterin miqdorini pasaytirishini ko‘rsatgan.

·      Sochlarni nazorat qilish

Sochlarning erta to‘kilishi va oqarishi insonning yurak kasalliklariga moyilligidan darak berishi mumkin. Olimlar 2 mingdan ziyod yigitni tekshiruvdan o‘tkazib, sochi erta to‘kiluvchi erkaklar yurak kasalliklaridan ko‘proq aziyat chekishini aniqlashdi. Londonlik tadqiqotchi Alan Xyuzning ta'kidlashicha, soch to‘kilishi qarish jarayoniga ta'sir ko‘rsatuvchi genetik buzilish belgisi bo‘lishi ham mumkin.

·      Asabiylashmaslik

Olimlar stress va yurak kasalliklari o‘rtasida bog‘liqlik borligini allaqachon aniqlashgan. Harvarddagi yangi tadqiqot gap miyaning qo‘rquv va g‘azab kabi hissiyotlarini ishlab chiquvchi sohasi - bodomsimon tana faolligida ekanini ko‘rsatdi. U miya suyak iligiga signal yo‘llaydi, u esa ko‘proq oq qon hujayralarini ishlab chiqara boshlaydi. Bu esa arteriyalarda yallig‘lanishni keltirib chiqaradi va yurak xuruji, stenokardiya yoki insultga olib kelishi mumkin.

Foto: Dreamstime

 

Ko‘proq yangiliklar: