Ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning sababi nimada?

O‘zbekiston 16:49 / 13.01.2019 21585

Kun.uz sayti tahririyati Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashuv markazi rahbari Yuliy Botirovich Yusupov bilan turkum suhbatlar uyushtirishni rejalashtirgan. Turkum «Yuliy Yusupov bilan natijalar haqida» deb nomlanadi. Jurnalist Shokir Sharipov tahririyatimiz mehmoni bilan birgalikda o‘tgan yilga nazar tashlaymiz va iqtisodiy islohotlar borasida nimalarga erishganimiz va nimalarni boy berganimiz haqida suhbat quradi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Sh.Sh. – Birinchi savolim kengroq mazmunda: «bizga nega islohotlar kerak?»

Yu.Yu. – Savol haqiqatan keng mazmunda. Islohotlar nima uchun kerakligini tushunish uchun gapni islohotlar nima ekanligidan boshlasak. Sal uzoqroqdan kelishga harakat qilaman. Masalan, bir nochor oila bor. Bu oila nima uchun nochor yashayotganligini tushunishga harakat qilib ko‘ramiz. Ular turli sabablarga ko‘ra nochor yashayotgan bo‘lishlari mumkin. Masalan, ayol oliy ma'lumotli emas. Shuning uchun maosh kam to‘lanadigan ishda ishlaydi va oz oylik oladi. Eri esa, aytaylik, ko‘p ichadi. Shu bois bir joyda uzoq ishlolmaydi – ertami-kechmi ishdan haydaladi. Ayon bo‘ladiki, oilaning qashshoqligi uning a'zolarining o‘zlariga bog‘liq.

Ammo yanada chuqurroq sabablari bo‘lishi mumkin. Ayolning oilasida qizlar o‘qishi shart emas - «qizlar maktabda o‘qisa yetadi, asosiysi erga tegib, bola boqish» degan tamoyil bo‘lganligi sababli ayol oliy ma'lumotli bo‘la olmagan. Bu yerda ta'lim ikkinchi o‘ringa tushib qoladi. Bu ham qashshoqlikning chuqurroq sabablaridan biri. 

Lekin boshqa –tashqi sabablar ham bo‘lishi mumkin. Aytaylik, er ichuvchi, dangasa yoki yomon ishchi bo‘lganligi uchun emas, balki oilasi bilan yashayotgan joyda ish yo‘qligi uchun ish topolmaydi. Unda nima uchun u yerda yetarlicha ish o‘rinlari yaratilmayotgani haqida savol tug‘iladi.

Kalavaning uchini topishga urinar ekanmiz, oilalarning nochorligi nafaqat ularning o‘zlariga, balki tashqi sabablarga ham bog‘liq degan xulosaga kelamiz.

Agarda kengroq miqyosda oladigan bo‘lsak, odamlar o‘rtacha juda yaxshi yashaydigan va odamlar juda yomon yashaydigan mamlakatlar, hududlar borligini ko‘rishimiz mumkin.

Turmush darajasini baholaydigan ko‘rsatkich – YaIM – yalpi ichki mahsulot mavjud. Ayrim davlatlarda u kishi boshiga yiliga 30 ming dollardan ko‘proqni, yana ba'zi mamlakatlarda esa YaIM yiliga ming dollardan kamroqni tashkil etadi. Qarang, o‘rtadagi farq o‘ttiz-qirq baravar!

Bunday vaziyat odamlarning shaxsiy xususiyatlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas. Qaysidir mamlakat yoki hududda qo‘lidan hech narsa kelmaydigan odamlar ko‘p bo‘lishi va shuning uchun ular nochor yashashlarini tasavvur qilish qiyin. Aslida, hamma odamlar bir xil. To‘g‘ri, odamlar orasida dangasalar, mehnatkashlar va boshqalar bo‘ladi. Ammo biologiya nuqtai nazaridan olib qaraganda, odamlar bir xil. Ishyoqmas va mehnatsevarlar hamma mamlakatlarda bor. Ammo qaysidir davlatlarda odamlar ancha yaxshi, qaysi birlarida esa ancha yomon yashaydi. Buni odamlarning shaxsiy xususiyatlariga to‘nkab bo‘lmaydi.

«Nega?» - bu savolni XVIII asrdayoq Adam Smit bergandi. Uning qalamiga mansub kitob «Xalqlarning boyligi tabiati va sabablari borasida tadqiqot» deb nomlanadi. «Nima uchun ayrim davlatlar boy, boshqalari esa qashshoq?».

Va bugungi kunda iqtisodchilar va boshqa yo‘nalishlar vakillari gap odamlarning shaxsiy qobiliyatida emasligini, shaxsiy qobiliyat bilan mamlakatlar va hududlarni emas, alohida oilalarning holatini izohlash mumkinligini aytishadi. Gap qandaydir boshqa narsada.

Xo‘sh, nimada? Gap qoidalar va odamlarning o‘zini tutishidagi stereotiplarda. Odamlar tabiatan bir xil, ammo o‘zlarini turlicha tutishadi. Hattoki birgina odam turli vaziyatlarda o‘zini turlicha tutadi. Bu jamiyat, oila yoki shahar yoxud butun bir mamlakatda mavjud bo‘lgan qoidalar va stereotiplar bilan bog‘liq. Mutaxassislar bu stereotiplar va qoidalarni  institut yoki jamoatchilik institutlari deb ataydilar. Bular rasmiy qoidalar: qonunlar, qonunosti hujjatlari, yo‘l harakati qoidalari, ish beruvchi va ishchilar o‘rtasidagi shartnomalar bo‘lishi mumkin – bularning barchasi rasmiy qoidalar. Bular shuningdek, norasmiy qoidalar bo‘lishi ham mumkin, odamlar qonunda yozilgani uchun emas, balki shunday harakat qilishga o‘rganib qolishgani uchun yoki urf-odatlardan kelib chiqib ish tutishadi. Bular rasmiy va norasmiy institutlardir.

Shuni ham anglash lozimki, qonunda yozilgan hamma narsa ham amaldagi rasmiy institut bo‘lmasligi mumkin. chunki qog‘ozda yozilgan nimadir amalda ishlamasligi mumkin. 

Masalan, Konstitutsiyamizda qonun oldida hamma tengligi, hamma bir xil huquqqa ega ekanligi, bizda Konstitutsiya oliy qonun hujjati hisoblanishi yozilgan. Boshqa tomondan esa, qandaydir idoraning normativ hujjati bu Konstitutsiyani inkor qiladi. Va Konstitutsiyani yo‘qqa chiqaradigan aynan mana shu normativ hujjat ijro etiladi.

Misol uchun, bizda ikki toifadagi fuqarolar bor edi: toshkentliklar va O‘zbekistonning boshqa fuqarolari. Ikkinchi toifadagilar Toshkentdan uy sotib ololmasdi, yaqin vaqtgacha Toshkentda ishga joylasha olmasdi. Bu Konstitutsiyaga zid. Konstitutsiya oliy kuchga ega bo‘lishi lozim. Ammo qandaydir normativ hujjat uni yo‘qqa chiqaradi. Ma'lum bo‘ladiki, biz Konstitutsiyasi asosida emas, qandaydir buyruq, farmon yoki yana boshqa biror hujjat asosida ish ko‘ramiz.

Yana shunday holatlar bo‘ladiki, yozilgan qoidalar emas, og‘zaki buyruqlar amal qiladi. O‘n yil oldin bankka imzolangan shartnoma bilan borgandim. Hisobimga pul tushishi uchun shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish kerak edi, menga «shartnomadagi ayrim bandlarni o‘zgartirib keling» deyishdi. Ikkita so‘z qo‘shish kerak ekan. Ammo shartnoma imzolab bo‘lingan, xalqaro tashkilot bilan imzolangan edi, endi mana shu ikkita ahmoqona so‘z uchun shartnomani ortga qaytarishim kerak edi. Ulardan buni qanday asosda talab qilishayotganini, qaysi normativ hujjatda bu narsa yozilganini so‘radim. Ular esa hech qanday normativ hujjat yo‘qligini, «tekshiruv bo‘lgani va ulardan shunday tuzatish kiritish talab qilinganini» aytishdi. Tamom-vassalom! Qonun hujjatlariga tupurish uchun og‘zaki buyruq kifoya. va bunday holatlar hamma joyda tiqilib yotibdi.

Mana, mamlakatlar, hududlar, jamiyatlar nimasi bilan bir-biridan farq qiladi – bu ularda mavjud bo‘lgan qoidalardir. Bu farqlar mamlakatlar orasidagi iqtisodiy vaziyatlarning turli-tumanligini belgilab beradi. Turli turmush darajasini ham. Qayerdaki odamlarga erkin ishlash, yaxshi pul topish, biznes bilan erkin shug‘ullanish uchun sharoit yaratilgan bo‘lsa, o‘sha yerda jamiyat gullab-yashnaydi. Qayerdaki qoidalar yomon bo‘lsa, qoidalar odamlarga erkin iqtisodiy faoliyat yuritishga xalaqit bersa, o‘sha yerda jamiyat qashshoq bo‘ladi.

Va islohot nima? Islohot bu qoidalarni o‘zgartirishdir. Yomon qoidalarni yaxshilariga o‘zgartirish. Yomon qoidalarni eng yaxshilariga almashtirish. Islohotlar qachonki bizda qoidalar yomonligini tan olganimizda kerak bo‘ladi.

Jamiyatimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, bizda juda ko‘p narsani o‘zgartirish kerak. O‘n yilliklar davomida deyarli hamma joyda yomon qoidalar yig‘ilib qolgan.

Sh.Sh. – Aynan shu haqda so‘ramoqchi edim. Biz hammamiz sovet davrida yashaganlarning merosxo‘rlarimiz. Siz o‘sha davrda yashagansiz, men yosh bo‘lganman, ammo eslay olaman. O‘sha davrda qandaydir stereotiplar emas, balki to‘laqonli dunyoqarash shakllangan deb taxmin qilaman. Bundan qanday qutulsa bo‘ladi, balki yanada chuqurroq «kirish» kerakdir?

Yu.Yu. – Sovet ittifoqida O‘zbekistondan tashqari boshqa respublikalar ham bo‘lgan. Sotsialistik lagerning boshqa mamlakatlari ham bo‘lgan. Hattoki «sotsialistik lagerning Lotin Amerikasidagi qo‘rg‘oni» bo‘lgan - Kuba. Ammo Sovet ittifoqi ancha ilgari tarqalib ketgan - chorak asrdan ortiqroq vaqt o‘tdi. Agarda sotsialistik lagerdan qolgan mamlakatlarga nazar tashlasak, turlicha vaziyatni ko‘ramiz. Bizdagidek yomon qoidalar barchada ham mavjud emas. Ayrimlari bizga nisbatan ancha ilgarilab ketishgan. Sovetlardan qolgan meros ulkan, ammo kimdir uni yengib o‘ta oldi. Kimdir esa qo‘shimcha muammo hosil qildi. Bizda xuddi shunday holat – biz bu merosni olib yurishdan tashqari yana ko‘plab muammolar orttirib oldik. 

Asosiy muammo nimada? Mavjud kamchiliklar haqida lom-mim demaslikda. Bizda yaqin vaqtga qadar deyarli hech qanday muammo muhokama qilinmasdi. Muammolar nafaqat yechilmas, balki to‘planib borardi. 

Va bu holatni bartaraf qilish uchun agarda biz amal qilayotgan qoidalar eskirdi deb hisoblasak – islohotlar o‘tkazishimiz shart.

Ko‘proq yangiliklar: