Profilaktika inspektorlari yordamchilarining asosiy vazifalari belgilanadi

O‘zbekiston 10:59 / 07.01.2019 32422

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlarining yordamchilari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018 yil 24 dekabrdagi PQ–4075-son qaroriga muvofiq, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmalari rahbarlari lavozimlari tugatilib, ularga ish haqi to‘lash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning amaldagi mexanizmlari saqlab qolingan holda, bo‘shayotgan shtat birliklari hisobidan profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari lavozimlari joriy etilgan hamda ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida ichki ishlar organlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilgan.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining tugatilgan «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmalari rahbarlarining 9 002 nafar shtat birligini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Hujjat bilan quyidagilar:

profilaktika (katta) inspektorlarining yordamchilari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

profilaktika (katta) inspektorlarining yordamchilarini kvota asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

profilaktika inspektorlari yordamchilarining mehnatiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

Profilaktika (katta) inspektorlarining yordamchilari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, quyidagilar profilaktika inspektorlari yordamchilarining asosiy vazifalari hisoblanadi:

tegishli hududda xavfsizlikni va jamoat tartibini saqlash, fuqarolar ogohligini oshirish, tinchlik va barqarorlikni ta'minlashda ichki ishlar organlariga ko‘maklashish;

biriktirilgan hududida ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi o‘rtasida profilaktik targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishda ishtirok etish;

fuqarolarda, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolar yig‘inlarida huquqiy targ‘ibot ishlarini tizimli amalga oshirish;

voyaga yetmaganlar hamda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etish;

ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turuvchi shaxslar, shu jumladan voyaga yetmagan hamda yoshlar bilan aniq va maqsadli profilaktik tadbirlarni tashkillashtirish va o‘tkazishda ishtirok etish;

fuqarolar tomonidan pasport tizimi, sanitariya, ekologiya, yong‘in va harakat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarda ishtirok etish;

ichkilikbozlik va giyohvandlikka ruju qo‘yganlar, oila-turmush va axloq-odob doirasida muntazam ravishda huquqbuzarlik sodir etuvchi shaxslar, farzand tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi yoki ular tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydigan ota-onalar, voyaga yetmaganlarni huquqbuzarliklar sodir etishga undovchi shaxslar, nosog‘lom turmush tarzida hayot kechirayotgan oilalarni aniqlash, ularga tegishli qonuniy choralar ko‘rish uchun profilaktika inspektoriga ushbu ma'lumotlarni taqdim qilish;

ilgari sudlangan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirishda qatnashish;

jismoniy shaxslarning huquqbuzarlik jabrlanuvchisiga aylanishi xavfini kamaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;

tabiiy ofatlar, ommaviy tartibbuzarliklar va boshqa favqulodda vaziyatlarda jamoat tartibini saqlash, favqulodda vaziyat xavfi tug‘ilganda aholini o‘z vaqtida xabardor qilish, aholi o‘rtasida bunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishni targ‘ib etish va ushbu holatlarni bartaraf etishda ko‘maklashish;

ish faoliyatida hududlardagi jamoat joylari, mahalla ko‘chalari, qarovsiz joylarda navbatchilik asosida jamoatchilik nazoratini olib borish;

«Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi, «Fidokor yoshlar» jamoatchilik patrul guruhlari, «Jamoatchilik nazorati maskanlari»da xizmatni tashkil etish, navbatchilikni yo‘lga qo‘yish, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni aniqlash, profilaktika inspektori va mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan birgalikda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish.

Profilaktika inspektorlari yordamchilari o‘zlariga yuklatilgan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

«Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi a'zolari, «Fidokor yoshlar» jamoatchilik patrul guruhlari, «Jamoatchilik nazorati maskanlari» faoliyatini kunlik nazorat qilish va muvofiqlashtirish;

qishloqlar, ovullar va mahallalardagi kriminogen vaziyatni, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va ularga imkon beruvchi shart-sharoitlarni o‘rganish, shuningdek o‘rganish natijalari bo‘yicha profilaktika (katta) inspektorlariga tegishli ma'lumot va takliflarni taqdim etish;

profilaktika (katta) inspektorlari bilan birgalikda maxsus profilaktik chora-tadbirlarni, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan profilaktika ishlarini amalga oshirish;

jinoyatlarni aniqlash va fosh etish hamda surishtiruv, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan, jinoiy jazodan bo‘yin tovlayotgan, bedarak yo‘qolgan shaxslarni hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda boshqa shaxslarni qidirish, shuningdek, shaxsi noma'lum murdalarning shaxsini aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashish;

aholi bilan o‘tkazilayotgan mavjud muammolarni o‘rganish va ularni hal etishning maqbul yo‘llarini aniqlashga qaratilgan uchrashuvlarda ishtirok etish;

huquqbuzarliklardan jabrlangan, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga ega, huquqbuzarlik sodir etishga moyil hamda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy va boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatishga, shuningdek, ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda ko‘maklashish;

biriktirilgan hududdagi har bir oilani aylanib chiqish va ularni o‘rganish, notinch oilalarni aniqlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda ularning maishiy va boshqa muammoli masalalarini hal etishga ko‘maklashish;

fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida qonun hujjatlari talablariga rioya etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash masalalarida tushuntirish ishlarini tashkil etish;

voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi, qarovsizligi va huquqbuzarliklari holatlari hamda ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlar to‘g‘risida tegishli tashkilotlarni o‘rnatilgan tartibda xabardor qilish;

yetim bolalar va ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni joylashtirishda vasiylik va homiylik organlariga ko‘maklashish;

sud qarorlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishida jamoat tartibini ta'minlashda, majburiy keltirish ishlarida ishtirok etish.

Ko‘proq yangiliklar: