Magdeburgdagi rojdestvo bozoriga uyushtirilgan hujumdan so‘ng Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer hujumchi haqida avvalroq qaysi idoralar ogohlantirish olganini aniqlash uchun qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazilishini e’lon qildi. «Federal jinoiy idora Saksoniya-Anhalt yeri rasmiylari tomonidan olib borilayotgan tergov bilan hamkorlik qilmoqda», dedi u 22 dekabr, yakshanba kuni chop etilgan haftalik Bild am Sonntag gazetasiga bergan intervyusida.
«Tergov organlari voqeaning barcha holatlarini aniqlaydilar, ular avvalroq qanday signallar olinganini va ularga qanday munosabatda bo‘lganini diqqat bilan o‘rganadilar», dedi Fezer.
Der Spiegel nashriga ko‘ra, gumonlanuvchi Taleb A. bir necha bor huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushgan va rasmiylar bilan muammolarga duch kelgan. 2013 yil sentabr oyida Rostok sudi uni «jinoyat bilan tahdid qilish orqali jamoat tartibini buzganlik» uchun 90 kunga har kunlik 10 yevro miqdorida jarimaga tortdi.
Germaniyada mashina rojdestvo bozoridagi kishilar ustiga haydaldi
20 dekabr kuni Magdeburgdagi rojdestvo bozoriga tashrif buyuruvchilarni mashina urib ketishi oqibatida besh kishi, jumladan bir bola halok bo‘ldi. Bundan tashqari, Saksoniya-Anxalt bosh vaziri Rayner Xazeloffning so‘zlariga ko‘ra, kamida 200 kishi jarohatlangan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 15 kishi jiddiy jarohat olgan. DW 21 dekabr kuni erta tongda hujum qilgan shaxs haqida ma’lumot berdi.
Welt gazetasining yozishicha, hujum qilgan shaxs 1974 yilda tug‘ilgan erkakdir. U - Saudiya Arabistonidan 2006 yilda Germaniyaga kelgan shifokor.
Der Spiegel haftaligi 50 yoshli gumonlanuvchi Taleb A. psixiatr va psixoterapevt ekanligini aniqladi. Frankfurter Rundschau gazetasi u haqida 2019 yilning mart oyida shunday yozgan: "Tolib al-Abdulmohsen 2006 yildan beri Germaniyada yashaydi. U Germaniyaga psixoterapevt sifatida malaka oshirish uchun tashrif buyuruvchi shifokor sifatida kelgan va keyin bu yerdan boshpana so‘ragan. 44 yoshli erkak siyosiy qochqin maqomiga ega".
Die Welt nashrining yozishicha, erkak Magdeburgdan 50 km uzoqlikda joylashgan Bernburg shahrida yashagan. Gumonlanuvchining yashash joyida tintuvlar o‘tkazilgan. Gazeta ijtimoiy tarmoqlarda Taleb Al Abdulmohsen foydalanuvchisining profilini topdi, bu yuqorida sanab o‘tilgan ma’lumotlarga asoslangan tavsifga mos keladi.