Yevropaning rivojlangan mamlakatlarida bilvosita soliqlar ichida o‘zining qamrovi va salmog‘i jihatidan yetakchi o‘rinni egallovchi soliq — qo‘shilgan qiymat solig‘idir. O‘zbekistonda 2019 yil uchun belgilangan davlat byudjyeti parametrlarida qo‘shilgan qiymat solig‘ining ulushi eng yuqori bo‘lib, 35 foizdan oshadi. Shu bilan birga joriy yildan boshlab Respublikamizda amalga oshirilayotgan soliq islohotlarida eng katta o‘zgarishlarga sababchi bo‘lgan soliqlardan biri hisoblanadi.
Tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan va qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga 2019 yildan boshlab beixtiyor o‘tayotgan yuridik shaxslarni va nafaqat ularni o‘ylantirayotgan savollardan biri — nega qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish joriy qilindi va bu jamiyatga nima beradi?
Aksariyat hollarda, javob sifatida davlat byudjyetida yuz berishi kutilayotgan yo‘qotishlarni qoplash maqsadida joriy etildi, deyiladi. To‘g‘ri, bu o‘zgarishlar byudjyetdagi yo‘qotishlarni qoplashga xizmat qilishiga shubha yo‘q, lekin masalaning boshqa tomoni ham bor. Shu haqda bugun so‘z yuritamiz.
Soddalashtirilgan tartibda soliq to‘lovchi kichik korxonalarning shu paytga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni to‘lamasligi faqat iste'molchilar uchun soliq yukini kamaytirib, korxonalar uchun aslida soliq yukini ko‘paytirmoqda.
Xususan, QQS bo‘yicha imtiyoz berilgan mahsulotni (masalan, aholiga sotiladigan qurilish materiallari, kommunal xizmatlar, shahar yo‘nalishidagi avtotransport xizmatlari va boshqalar) ishlab chiqarish uchun sarflangan materiallar bo‘yicha to‘langan QQS summasining hisobga o‘tkazilmasligi korxonalar uchun (hisobga o‘tkazilmagan QQS miqdorida) soliq yukini hosil qiladi va xarajat sifatida sotib olingan xom ashyo narxida aks ettirilib, foydani kamaytiradi.
Shu bilan birga, soddalashtirilgan tartibda soliq to‘lovchi kichik korxona ishlab chiqargan mahsulotlari yarimfabrikat yoki oraliq mahsulot sifatida keyingi ishlab chiqarish bosqichida foydalanilsa, undan foydalanuvchi korxona uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i go‘yoki tovar oborotidan olinadigan soliqqa aylanib qoladi, bu holatda, oxir oqibatda ishlab chiqarilgan tovarning narxi keskin oshishiga sabab bo‘ladi:
Bir xil sharoitda ishlovchi ikkita qurilish korxonasining birinchisi uchun qurilish materiallari ta'minotchi QQS to‘lovchi korxona va ikkinchisi uchun soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibi joriy etilgan korxona bo‘lgan sharoitlarda bajarilgan ishlar hajmining qiymati turlicha bo‘lishiga olib keladi.
Bizning misolimizda birinchi — moddiy resurslarni soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibida ishlovchi korxonadan sotib oluvchi pudratchi uchun foyda miqdori bir xil bo‘lgan sharoitda bajarilgan ishlar hajmi qiymati 40986 shartli birlikni tashkil etadi hamda to‘liq tovaroboroti 34155 shartli birlikdan 6831 shartli birlikda QQS to‘lashga majbur, chunki QQSdan chegirma (hisobga olish imkoniyati) yo‘q.
Ikkinchi — moddiy resurslarni QQS to‘lovchi korxonadan sotib oluvchi pudratchi foyda miqdori kamaymagan sharoitda bajarilgan ishlar hajmi qiymati 39930 shartli birlikka teng bo‘lgan, shu bilan birga sotib olingan moddiy resurslar uchun to‘langan QQSni hisobga olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, soddalashtirilgan tartibda soliq to‘lovchi kichik korxonalar xarid qilgan xomashyo va materiallar uchun to‘lagan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini xarajatlariga olib borishi zarur. Bu holatda qo‘shilgan qiymat solig‘i garchand bilvosita soliq bo‘lsa ham, to‘g‘ri soliq singari kichik korxona moliyaviy faoliyatiga ta'sir etadi, ya'ni xom ashyo uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i xarid qilingan xom ashyo qiymatiga kiritilib xarajatlarda aks ettiriladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kichik korxonaning foydasini kamaytiradi. Shu bilan birga QQS to‘lovchi korxonalar soddalashtirilgan soliqqa tortish rejimiga o‘tgan kichik tadbirkorlik sub'yektlaridan mahsulot sotib olishdan o‘zlarini «tiyishadi», natijada realizatsiya hajmi kamayishi kelib chiqadi.
Shunday ekan, 2019 yildan boshlab tovar aylanmasi bir milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan korxonalarga QQSning joriy etilishi nafaqat davlat byudjyetidagi yo‘qotishlarni qoplashni ko‘zda tutadi, shu bilan birga kichik korxonalar tomonidan bozorga chiqargan tovarlarida QQS hisoblamasliklari tufayli yuzaga kelayotgan bozor iqtisodiyotiga xos bo‘lmagan nosog‘lom raqobatni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shuhrat TOShMATOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.