2019 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston soliq tizimida qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) amaliyotga tatbiq etish boshlandi. Shu bilan birga, tovarlar xarid qilinganda, mahsulotga belgilangan narx tarkibidagi QQS miqdori xarid chekida ifodalanishi ko‘pchilikda xavotir uyg‘otmoqda. Ya'ni, tovarlarga QQS qo‘shilib, narx-navo oshib ketyaptimi?
Ushbu savolga javob berishdan avval, QQS nima ekanini anglab olish lozim. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bilvosita soliq hisoblanib, mazkur soliq summasi mahsulot qiymatiga kiritilganligi uchun uning haqiqiy to‘lovchisi bo‘lib mahsulotni ishlab chiqaruvchi emas, balki shu mahsulotning oxirgi iste'molchisi hisoblanadi.
Hisobga olish mexanizmi orqali QQS to‘lashning afzalligi ortadi. Masalan, korxona shokolad ishlab chiqarish uchun boshqa korxonadan 1200 so‘mga narxlangan xom-ashyoni sotib oladi. Shundan 200 so‘m to‘lov QQS bo‘lib, haqiqatda xom-ashyo tan narxi 1000 so‘mni tashkil etadi. Ishlab chiqarilgan shokolad qiymatini sarflangan xarajatlarni hisobga olgan holda aniqlaymiz:
- xom-ashyo 1000 so‘m
- ishchilarning haqi 600 so‘m
- boshqa xarajatlar 300 so‘m
- ustama 600 so‘m
Shunday qilib, tayyor shokolad mahsulot 2500 so‘mga aylandi. Uning sotish narxiga nisbatan 500 so‘m QQS (tovar va xizmatlarning 20 foizi) qo‘shilib, so‘nggi narx hisoblab chiqariladi. Shokoladni yetkazib berish narxi 3000 so‘mni tashkil etmoqda. Lekin, ushbu holatda korxona byudjyetga 500 so‘m emas, balki 300 so‘m to‘lashi kerak. Ya'ni, QQS hisoblash metodidan foydalangan holda mol yetkazib beruvchi korxonadan xom-ashyo xarid qilayotgan paytda tovar uchun to‘langan 200 so‘m QQS chegirib tashlash imkoniyati mavjud. Demak, QQS amalga kiritilgan paytda tadbirkor narxni oshirmay turib, ko‘proq daromad olishi mumkin. Yoki iste'molchi tovarlarni arzonroq narxga sotib olishi mumkin.
Yagona soliq to‘lash tizimidan farqli jihat shundaki, QQS tizimi bo‘yicha tadbirkor o‘zigacha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini chegirib tashlaydi, uning mahsuloti (xizmati)ga qo‘shilgan qiymat solig‘ini esa iste'molchi to‘laydi. Korzinka.uz rahbari Zafar Hoshimov shunday deydi:
«Avvalgi tizim bo‘yicha mahsulot ikkita qo‘ldan o‘tsa, har bir tadbirkor daromad aylanmasidan soliq to‘layvergan. Hozir vaziyat birmuncha o‘zgarishidan umidvormiz. Ammo, ayrim masalalarga e'tibor berishimiz kerak. Qishloq xo‘jaligi sohasida ayrim muammolar ertaga paydo bo‘lishi mumkin», - deydi u.
Hoshimovning aytishicha, ulgurji va chakana savdoda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan oziq-ovqat mahsulotlari soni kam. Ro‘yxatdan go‘sht (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, parranda go‘shti), shuningdek, tirik qoramol va parranda, baliq, kartoshka, piyoz, tuxum, guruch (barcha navlar) hamda shakar joy olgan.
«Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish QQSdan ozod etilgan. Ayrim tovarlar sotuvi bo‘yicha aylanmasi QQSdan ozod etildi. Ammo, boshqa tovarlarni biz QQS bilan sotishga majburmiz. Xalqqa meva, sabzavotlar, poliz ekinlari ham kerak. Agar shu taxlitda ishlar davom etsa, men ta'kidlab o‘tgan boshqa mahsulotlarning narxi 17-19 foizga oshadi», - deya Korzinka.uz rahbari hukumat vakilini ro‘yxatdagi tovarlar turi va sonini ko‘paytirishga chaqirdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xarid chekining suratida ko‘rsatilgan holatni tabiiy qabul qilish kerak. U yerda tovarlarning narxi o‘tgan yil dekabrga nisbatan oshgani sezilmagan.
«Qo‘shilgan qiymat solig‘i uzilmaydigan soliq bo‘lishi kerak. Masalan, yerdan bir nimani qazib chiqarishdan boshlab, undan tayyorlangan mahsulotni odam yeb yo kiymaguncha, shu qo‘shilgan qiymat solig‘i uzilmay kelishi kerak. QQS birinchi tamoyili ham shu bo‘ladi. Uning biror bo‘g‘inda uzilib qolmasligiga erishmoqchimiz», - deydi Bosh vazir o‘rinbosari.
Shunga qaramay, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi xaridorlarni chalg‘itmaslik maqsadida namunaviy xarid chekini ishlab chiqishga qaror qildi. QQS tizimiga o‘tilgandan so‘ng, namunaviy xarid chekidan foydalanishga talab ortgan.