2018 yilda go‘sht narxi qaysi viloyatda maksimal darajada qimmatlashgani ma'lum bo‘ldi

Iqtisodiyot 11:42 / 02.01.2019 63633

2018 yilning dekabr oyi davomida go‘sht va parranda go‘shti mahsulotlari narxi o‘rtacha 1,3%, yil mobaynida esa 21,2 %ga qimmatlashgan. 

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, baliq va baliq konservalari narxlari dekabr oyida 1,6%, yil davomida esa 30,4%ga ko‘tarilgan.

Oy davomida qo‘y va suyaksiz mol go‘shti narxlarining yuqori darajada qimmatlashganligi 2018 yilning iyun oyida qayd etilgan bo‘lib, o‘sish sur'ati mos ravishda 6,4% hamda 6,0%ni tashkil etgan. Umumiy hisobda yil davomidagi narxlar o‘zgarishi quyidagi ko‘rinishga ega: suyakli mol go‘shti narxlari 26,9%, qo‘y go‘shti 24,6%, suyaksiz mol go‘shti 14,9%ga qimmatlashdi.

Ma'lumot uchun: dekabr oyida mol go‘shti (suyaksizdan tashqari) Toshkent va Xorazm viloyatlarida sezilarli darajada qimmatlashgan (oy davomida 2,9% va 1,4%).

Dekabr oyida qo‘y go‘shti narxlarining boshqa hududlarga nisbatan yuqori darajada qimmatlashganligi Samarqand va Toshkent viloyatlarida qayd etilgan (oy davomida 2,6% va 2,0%).

Suyaksiz mol go‘shti narxlari dekabr oyida o‘tgan oydagi narxlarga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan.

2018 yil boshidan mol va qo‘y go‘shti narxlarining maksimal darajada Sirdaryo viloyatida (suyakli mol go‘shti 39,1%, qo‘y go‘shti 34,4%, suyaksiz mol go‘shti 17,7%) qimmatlashganligi kuzatilgan. Suyakli mol go‘shti narxlarning minimal darajada oshganligi esa Qashqadaryo viloyatida (19,2%), suyaksiz mol go‘shti Jizzax viloyatida (11,0%), qo‘y go‘shti esa Andijon viloyatida (16,1%) ro‘yxatga olingan.

Parrandachilik mahsulotlari narxlari avgust oyidan boshlab barqaror o‘sish tendensiyasiga ega bo‘ldi. Jumladan, avgust-dekabr oylari davomida tuxum narxlari 32,1%, parranda go‘shti (sonlardan tashqari) 20,6%, tovuq boldiri va son qismlari 12,7%ga o‘sdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2018 yilda iste'mol sektoridagi inflyatsiya darajasi ma'lum bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: