Jamiyat | 21:00 / 28.12.2018
4236
4 daqiqa o‘qiladi

Murojaat ijobiy hal bo‘ldi: Zafaroboddagi bog‘chada isitish tizimi ishga tushdi

Kun.uz saytida e'lon qilingan yana bir muammo ijobiy hal bo‘ldi.

Joriy yilning 22 dekabr kuni «Zafaroboddagi bolalar bog‘chasining ahvoli abgor: bu maskanda isitish tizimi qachon ishlaydi?..» sarlavhali material nashr etilgandi.

Unda Jizzax viloyati, Zafarobod tumani markazidagi 1-maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchilar uchun umuman sharoit yo‘qligi, shu bilan birgalikda bog‘chada isitish tizimi ishlamasligi, gaz hisoblagich uskunasi buzilgani, dekabr oyi yakuniga kelib ham muassasa kuz-qish mavsumiga tayyormasligi, bolalarning sovuq va zax xonalarda qolayotgani, ochilganiga 40 yil to‘lgan ushbu maskan yillar davomida biror marta ta'mirlanmagani ta'kidlangan edi.

Jizzax viloyati hokimligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, maqolada e'lon qilingan muammo hal qilingan.

Mazkur maktabgacha ta'lim muassasasida bugungi kunda 16 nafar pedagog xodim bolalarga ta'lim tarbiya beradi. Muassasaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari oxiriga yetkazilgan. Guruhlar derazalari klyonkalar bilan qoplagan. Muassasa hojatxona va isitish tizimini qayta qurish uchun 200 million so‘m mahalliy byudjyetdan mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hojatxona qurilib bitkazilgan, isitish tizimiga 4 dona qozonxona o‘rnatilib, ishga tushirilgan.

Darhaqiqat, bino hovlisida tozalik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Devorlar oqlangan, qozonxonalar tartibga keltirilib, gaz o‘lchagich asbobi o‘rnatilgan. Xonalar ichidagi jihozlar, mashg‘ulot xonalari, yotoqxona va oshxonada o‘zgarish bor. Ayni vaqtda barcha xonalarda isitish tizimlari ishlayapti.

«Bog‘chamizda ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Xonalarimizda isitish tizimlari ishlayapti. Imkon darajasida juda ayanchli holga kelib qolgan guruh xonalarini ta'mirlatyapmiz, qirq dona eshik va oltmishta deraza oynalari keltirildi. O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, bog‘chamizda bayram shukuhi hukm surmoqda. Tarbiyachilar ham tarbiyalanuvchilar ham xursand. Bayram arafasida homiylar ham topildi. Mana, kecha 200 dona sovg‘a olib kelishdi. Ularni bolajonlarga tarqatdik. Isitish tizimida muammo yo‘q», deydi muassasa hamshirasi Oydavlat Qurbonqulova.

«Televizorda zamonaviy bog‘chalar, o‘g‘il-qizlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib havasimiz keladi. Qaniydi, bizning farzandlarimiz, nevaralarimiz ham ana shunday maskanlarda tarbiyalansa, ta'lim olsa, deymiz. Har kim ham farzandining qulayliklarga ega ta'lim maskanlarida o‘qishini, kamol topishini istaydi. Bizning niyatimiz ham shu. Bog‘chamizda o‘zgarishlar katta,  muasssaga kir yuvish mashinasi, gaz plitasi olib kelindi. Bog‘chadagi barcha guruh xonalariga yumshoq gilam, sovutgich va'da qilishdi.

Endi muassasamiz keyingi yildan kapital ta'mirlanishiga umid bog‘layapmiz, dasturga kiritilishini aytishdi», deydi muassasa mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Rahima Nosirova.

Maktabgacha ta'lim muassasasidagi farzandining toza va ozoda yurishini, vaqtida ovqatlanib, vaqtida uxlashini, kichkinaligidan odob-axloq va muomala madaniyatini o‘rganishini, fikrlash doirasi kengayishini qaysi ota-ona istamaydi deysiz?...

Muammo bor edi. Ozmi, ko‘pmi hal qilindi. Ammo shu bilan ish to‘xtab qolmasligi shart. Xulosa qilib aytganda, bog‘chadagi sharoitni yaxshilash, uni namunaviy tarzda tashkil etish, hozirgi zamon talablari asosida ta'mirlash choralarini ko‘rish, kelajagimiz egalari bo‘lmish bolajonlarimiz «hech kimdan kam bo‘lmay» bo‘lib voyaga yetishini ta'minlashdek ezgu maqsad yo‘lida xizmat qilishni tegishli mutasaddilar unutishmasa bo‘lgani. Axir vaqt kutib turmaydi, kelajak ham.

Gulchehra Sharipova

Mavzuga oid