O‘zbekiston va Hindiston tinch atom sohasida hamkorlikni muhokama qildi
Joriy yilning 13 dekabrida «O‘zatom» agentligida Hindiston Respublikasining mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi Vinod Kumar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
«O‘zatom» xabariga ko‘ra, tomonlar atom energetikasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini, shu jumladan, O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyihani amalga oshirishda Hindiston kompaniyalarini maslahatchi sifatida jalb qilish masalasini muhokama qilishdi.
Shuningdek, yadro texnologiyalaridan noenergetik foydalanish sohalarida, shu jumladan, radiofarmakologiya, rentgen diagnostikasi va nurli terapiya hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularga ishlov berishda foydalanish haqida ham so‘z bordi.
Vinod Kumarning ta'kidlashicha, bunday hamkorlikni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Hindistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha Hindiston tomonidan O‘zbekistonga ajratilgan kredit liniyasidan foydalanish imkoniyati mavjud.
Ushbu kredit liniyasi doirasida onkologik bemorlarni davolash uchun diagnostik va davolash uskunalarini, shuningdek, mahsulot sifatini oshirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ishlov berish uchun uskunalarni yetkazib berish imkoni yaratiladi.
Uchrashuvda batafsil ma'lumotlarni taqdim etish va masalalarni tegishli idoralar bilan muhokama qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hindiston tomoni Hindiston atom energetikasi departamenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
Mavzuga oid

17:28 / 04.03.2025
Hindiston-O‘zbekiston transport yo‘lagi Qozog‘istongacha uzaytirildi

20:26 / 03.03.2025
Kambag‘allikni qisqartirishda Hindiston tajribasi: muqobil yo‘l topildi

12:40 / 03.03.2025
Hindiston Toshkentda sun’iy intellekt bo‘yicha birinchi ma’lumot markazini quradi

11:44 / 01.03.2025