Trampning sobiq advokati AQSh prezidentiga ishonmaslikka chaqirdi 

Jahon 22:51 / 14.12.2018 16372

AQSh prezidenti Donald Trampning sobiq advokati, saylov qonunchiligini buzgani uchun 3 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan Maykl Koen Trampning sud ishiga aloqadormasligi haqidagi so‘zlarini rad etdi va unga ishonmaslikka chaqirdi.

Nyu-York sudi 12 dekabrda Koenni saylov kampaniyasi haqidagi qonunni buzgani uchun uch yillik qamoq jazosiga mahkum qildi. Koen avvalroq saylov kampaniyalarini moliyalashtirish haqidagi qonunni buzish, Trampning buyrug‘i bilan u bilan jinsiy aloqada bo‘lgan ayolga sukut saqlashi uchun pul berishda vositachilik qilish, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda aybdor ekanini tan olgan. 

Koenga hukm chiqarilgach, Tramp sobiq advokatiga qonunni buzishni buyurmaganini aytgan. AQSh prezidentining ta'kidlashicha, uning saylov kampaniyasi moliyalashtirilishi Koenning ishiga taalluqli bo‘lmagan. 

“Unga kimdir ishonadi, deb o‘ylamayman. Birinchidan, Trump organization’da birorta ish janob Tramp qo‘lidan o‘tmaguncha amalga oshirilmaydi. U menga to‘lovlarni amalga oshirish, bu masalalarda ishtirok etishni buyurgan”, deb aytgan Koen hukm chiqarilgandan keyin ABC News telekanaliga bergan intervyusida. 

Koen Tramp uning xatti-harakatlari qonunga zidligini bilgani va to‘lovlar shubhasiz unga va kompaniyasiga yordam berish maqsadida amalga oshirilganini ta'kidlab o‘tgan.

“Haqiqat shundaki, amerikaliklar va butun dunyodagi odamlar u aytayotganlarga ishonmaydi. Bu odam yolg‘on gapirmoqda. Afsuslanarlisi, uning iflos ishlari uchun men javob berishim kerak”, deb qo‘shimcha qilgan sobiq advokat. Koen boshlovchining Tramp “Rossiya ishi” bo‘yicha olib borilayotgan tergov haqida rost gapirayotgani yoki yo‘qligi haqidagi savolga “yo‘q” deya javob bergan. 

“Men sadoqat qilishga noloyiq odamga sadoqatli bo‘lganman”, deb ta'kidlab o‘tgan Koen. 

Ko‘proq yangiliklar: