Kosovo o‘z armiyasini tashkil etadi. NATO Prishtina va Belgradni ortiqcha harakatlardan tiyilishga chaqirdi

Jahon 16:48 / 14.12.2018 9791

Kosovo Respublikasi parlamenti deputatlari mamlakatda to‘laqonli qurollangan armiya tashkil etilishini ma'qullashdi. Bu haqda Pink.rs xabar qilmoqda.

Qayd etilishicha, Kosovo Xavfsizlik kuchlarining nomi Kosovo Mudofaa vazirligi, deb o‘zgartirilgan.

Ushbu qarorni 107 deputat qo‘llab-quvvatladi.

«Serb ro‘yxati» parlamentdagi ozchilik deputatlari boykot e'lon qilishdi va ovoz berishga kelishmadi.

O‘z navbatida, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Kosovo Respublikasi o‘z armiyasini tashkil etishga qaror qilganidan afsusda ekanini bildirdi.

«Men bu qaror qabul qilinganidan afsusdaman. Bu NATO tashvishda ekaniga qaramay, yuz berdi», - deya Stoltenbergning bayonotini keltiradi alyans matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam «keraksiz vaqtda qo‘yildi».

Bosh kotibning ta'kidlashicha, Kosovo xavfsizlik kuchlari mandatining o‘zgarishi bilan NATO ular bilan hamkorlik darajasini qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, u Prishtina va Belgradni xotirjamlikni saqlash hamda vaziyatning keskinlashishiga olib keladigan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiya prezidenti Kosovo g‘arb davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlayotganini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: