«Elektron hukumat»ni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar to‘xtatib qo‘yildi

O‘zbekiston 14:50 / 14.12.2018 7554

“Elektron hukumat” tizimini boshqarish bo‘yicha funksiyalar  Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga o‘tkazilganligi vaqtinchalik choraga sabab bo‘ldi, deb yozmoqda Norma.

Prezidentning 2018 yil 13 dekabrdagi farmonida vakolatlarni idoralar o‘rtasida qayta taqsimlashning sababi aniq belgilandi – LBMA raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish sohasida vakolatli organ, Elektron hukumat esa uning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi.
 
Shu bois Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga “Elektron hukumat” tizimi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini to‘xtatib qo‘yish va bir oy muddatda ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish topshirildi. LBMA, o‘z navbatida, 2019 yil 1 aprelga qadar amalga oshirilayotgan loyihalarni tanqidiy ko‘rib chiqadi hamda maqsadga muvofiq, dolzarb, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsad va vazifalariga mos keladigan loyihalarning davom ettirilishini ta'minlaydi. 2019 yil 1 mayga qadar “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish konsepsiyasi loyixasi prezident Administratsiyasiga kiritiladi.
 
"Elektron hukumat" ishini to‘xtatib qo‘yish haqida gap borayotgani yo‘q. Elektron davlat xizmatlarini odatdagi tartibda ko‘rsatish davom ettiriladi.
 
Bunda kelasi yilda barcha davlat xizmatlarini faqat “Universal Mobile Systems” MChJ ma'lumotlarni qayta ishlash markazlari orqali taqdim etish boshlanadi. Agentlik manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019 yilning 1 mayiga qadar ma'lumotlarni qayta ishlash markazlariga bo‘lgan ehtiyoj va ularning joylashuvi to‘g‘risida prezident Administratsiyasiga takliflar kiritadi. Mohiyatiga ko‘ra, operator "Elektron hukumat" uchun hisoblash quvvati va aloqa kanalini ta'minlaydi.

Bundan tashqari, Elektron hukumatni rivojlantirish uchun alohida bojxona ombori tashkil etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: