Ekspert: Milliy teleradiokompaniyani xususiylashtirish vaqti kelgan

Jamiyat 20:38 / 14.12.2018 8982

Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan seminar-treningga taklif etilgan soha mutaxassislari hozirgi kundagi muammolar haqida to‘xtalib o‘tishdi. Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev huquqiy jurnalistika sohasidagi kamchiliklarga e'tibor qaratdi.

«Hozirgi kunda ommaviy axborot vositalari faoliyati rivojlanib bormoqda. Ammo, kamchiliklar yetarli. Misol tariqasida, huquqiy jurnalistika masalasida oqsoqliklar kuzatilmoqda. Biz hozir ham yuridik, ham jurnalistik bilimga ega kadrlarga muhtojmiz. Adliya vaziri aytib o‘tganidek, yarim yilda 41 ming fuqaro javobgarlikka tortilgani ham haqiqiy holatni ko‘rsatib turibdi. Bu yetarli malaka va bilim yo‘qligidan dalolat beradi. Avvalo, jurnalistlarning malakasini oshiruvchi markaz tashkil etish lozim. Bizda bunday institut mavjud emas. Professional ishlash yo‘q. Bugungi kungi xolislik va tezkorlik bo‘yicha fikrimni so‘rasangiz. Men yomon degan bo‘lardim», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov blogerlikning huquqiy asoslari bo‘yicha nutq so‘zladi va e'tiborni sohadagi kamchiliklarga qaratdi.

«Nashrlarda hozir kimdir kimnidir pichoqlagani, kimdir boshqasini zo‘rlagani haqidagi salbiy xabarlar ham ko‘p berilmoqda. Tashqaridan qaraganda, jinoyatchilik avj olgandek tasavvur paydo bo‘ladi. Biroq, jinoyatchilik darajasi ortmagan. Shunchaki, shunday xabarlar ko‘p tarqalmoqda», degan u.

Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi eksperti Yoqutxon Mamatova axborot tarqatish mas'uliyati va javobgarligi bo‘yicha yig‘ilganlarga ma'ruza qilib, jurnalistikadagi qator muhim holatlar haqida so‘z yuritdi. 

«Prezident o‘z ma'ruzasida jurnalistlar tanqidiy materiallar yozmasligi haqida aytib o‘tildi. Tanqid qilsa, rivojlanish bo‘ladi. Biroq, buni hamma turlicha tushunadi. Tanqid qanday bo‘lishi kerak? Tanqid konstruktiv bo‘lishi kerak. Jurnalist o‘zi hamma joydan ayb qidirib yuradi. Shuning uchun ularni hamma yoqtirmaydi. Bu Amerikada ham shunday, bizda ham shunday. Aslida biz davlatning g‘oyalarini translyatorlarimiz», dedi soha eksperti.

Shundan so‘ng, jurnalistlar bilan savol-javoblar o‘tkazildi. 

Kun.uz muxbiri Milliy teleradiokompaniyaning xususiylashtirilishi ehtimoli bo‘yicha bergan savoliga javoban ekspertlar «buning vaqti kelgani»ni ta'kidlab o‘tishdi.

«Ommaviy axborot vositalariga bozor munosabatlarini kiritish lozim. Hozir bu masala telekanallarda qattiq kun tartibiga qo‘yilgan. Ularning faoliyati, xodimlar maoshi, moliyaviy transformatsiya masalasi juda muhim va xodimlarning o‘zlari ham bunga tayyor bo‘lishi lozim. Hozir u yerda judayam og‘riqli masala bo‘layotganini televideniye vakillari judayam yaxshi biladi. 2019 yilda bu dargohda katta o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin», degan ekspertlardan biri.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda davlatga qarashli Milliy teleradiokompaniya tarkibida 15ta telekanal mavjud.

Ko‘proq yangiliklar: