Qodirov xalaqit bermaslik va ko‘proq pul ajratishni so‘radi

Jahon 17:02 / 13.12.2018 46322

Checheniston Respublikasi rahbari Ramzon Qodirov Shimoliy Kavkazni rivojlantirish bo‘yicha Federal maqsadli dasturni bajarish samaradorligiga oid Hisob palatasining hisobotiga munosabat bildirdi. Qodirovning ishonch bildirishicha, pul yetishmovchiligi va mintaqaga haddan tashqari katta e'tibor qaratish unga ko‘proq narsaga erishishga to‘sqinlik qilgan. Bu haqda «Interfaks» xabar bermoqda.

Qodirov so‘nggi 11 yil ichida qanday katta yutuqlarga erishish imkoni bo‘lgani haqidagi savolga javob berib, ishonch bilan shunday dedi: «Albatta, qilishimiz mumkin edi». Mintaqa rahbarining bildirishicha, respublikaga katta muvaffaqiyatlarga erishish uchun ko‘proq pul kerak.

«Odamlar Rossiya Qodirovga katta pul beradi, deb o‘ylashadi, shuning uchun Checheniston gullab-yashnayotgan ekan. Agar dastur bo‘yicha bizga kerakli mablag‘ ajratishganida - biz ko‘proq narsa qilar edik. Bizni bezovta qilishmaganda, undan ham ko‘proq», - deya ma'lum qildi Checheniston rahbari.

Qodirov Rossiya hukumatini mintaqada federal dasturni qisqartirgani uchun aybladi. «Bizga 75 milliard rubl berildi. Ular asosni tiklashgani, endi zavodlarni ishga tushirishimiz lozimligi haqida aytishmoqda. Agar asbob-uskunalar, xomashyo bo‘lmasa, zavodlarni qanday qilib ishga tushiramiz?», - dedi Checheniston rahbari.

Shuningdek, Qodirovning qayd etishicha, «avtomati bo‘lgan sobiq jangchi» faoliyatiga haddan ortiq e'tibor aslida xalaqit bergan, ammo Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yordami va uning ishonchi ishlash uchun rag‘bat uyg‘otgan. «Bizga ko‘p xalaqit berishdi, ishonchsizlik bor edi, hamma binokl orqali qarardi: Qodirov rus tilida yomon gapiradi, kecha qo‘lida avtomat bo‘lgan jangchi edi, bugun esa siyosat hamda iqtisodiyot bilan shug‘ullanmoqda, deyishgan», - deya tushuntiradi Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ramzon Qodirovning qarorgohini tozalashga 51 mln rubl sarflanishi xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: