​O‘zbekistonda mehnatga majburlash nega davom etmoqda? 

O‘zbekiston 20:10 / 12.12.2018 35002

O‘zbekiston hukumati joriy yilda majburiy mehnat, obodonlashtirish va hashar ishlariga kishilarni majburlash holatlariga qarshi qattiq kurashni boshladi. Haqiqatan, erishilgan natija maqtashga arzigulik: 2017 yili faqat 87 foiz kishi o‘z xohishiga ko‘ra paxta dalasida ishlagan, bu yil ko‘rsatkich o‘sdi. 

Xalqaro mehnat tashkiloti e'lon qilgan monitoring hisobotiga ko‘ra, 2018 yili paxta terim mavsumida 93 foiz ishchilar o‘z istagi bilan dalaga chiqqan. Ammo, qolgan 7 foizning taqdiri, o‘zi xohlamagan ishni bajarishga majburlangan kishilarning huquqlari poymol etilishiga nima sabab bo‘ldi? 

Ma'lum qilinishicha, shu yili 169ta holat bo‘yicha mahalliy tashkilot, hokimlik rahbarlarni ma'muriy javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Telegram-kanaliga 1949ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, qariyb 200ga yaqin inspektor hududlarda monitoringni olib borishdi. 

Bandlik va mehnat munosabatlari​ vazirligi mavsum boshida 2,6 million kishining mehnatga jalb etilishi haqida bildirib, 2,6 trillion so‘mdan oshiq mablag‘ ishchilar mehnatiga haq to‘lash uchun tayyorlab qo‘yilgani aytilgandi.  O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov aytganidek, haqiqatan paxta mavsumiga kishilarni ko‘proq jalb etish maqsadida  mehnatga haq to‘lash ancha jonlandi, pullar o‘z vaqtida, ish joyida va oshirilgan narxlarda tarqatildi. Ammo, rejadagi 2,6 million kishi yoxud umumiy ishchilarning 7 foizi umuman bu ishlar bilan shug‘ullanishni istamagandi. 

Video: YouTube

Video: Tas-IX

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allenning ta'kidlashicha, mahalliy hokimlik rahbarlari oldida belgilangan kvotani to‘ldirish masalasi ochiq qolarkan, mehnatga u yoki bu ko‘rinishda kishilarni jalb etish davom etishi tabiiy. 

«Bu bir kechada amalga oshiriladigan islohot emas», - deb tan oladi elchi. 

Ammo, vaziyatga haqiqiy baho berilsa, paxta mavsumida tabiat injiqliklari, kvotani to‘ldirish kabi masalalar hokimlarga bosimni kuchaytiradi. Biroq, O‘zbekiston joriy yilda 2,3 million tonna paxta yetishtirdi. Bu nimani anglatadi? 

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakat bo‘ylab 2,9 million tonnadan ortiqroq paxta xomashyosi terib olingandi. Bu yil paxta hosili kamaygan. 

«Haqiqatan ham, tabiat injiqliklari – bahorning quruq kelgani, kutilmagan jala va bo‘ronlar, yoz faslidagi kuchli suv tanqisligi, jazirama issiq, turli hasharot va kasalliklar ekin-tikinlarga katta xavf tug‘dirgani, kuzda esa yog‘in-sochinlarning barvaqt boshlangani mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi xodimlarini yana bir bor jiddiy sinovdan o‘tkazdi», - deydi davlat rahbari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlarini tabriklab. 

Ko‘rinib turibdiki, kvota masalasini uddalash faqat ishchi kuchiga ham bog‘liq emas. Tabiatdagi o‘zgarishlar vaziyatni yanada qiyinlashtiradi. Shunga qaramay, XMT texnik maslahatchisi Yonas Astrup majburiy mehnatdan tizimli foydalanish mamlakatda yo‘qolganini e'tirof etmoqda. 

«Tizimni o‘zgartirish uchun vaqt kerak. Asosiysi - mamlakatda buni amalga oshirish uchun siyosiy iroda paydo bo‘ldi. Bu shunchaki muammo emas, odamlarning fikrlashi o‘zgarishi lozim, qishloq xo‘jaligida modernizatsiya talab etiladi», - deydi u.

Bir so‘z bilan aytganda, hokimlarning paxta mavsumida shaxsiy javobgarligini belgilash masalasida vaziyatni yumshatish kerak. Prezident taklif etganidek, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tish payti keldi. ​Shuningdek, joylarda rahbarlarning ishga munosabati, fikrlashi keskin o‘zgarmasa, zamon buni talab etyapti.

Ko‘proq yangiliklar: