«Shuhrat–Dombrabadskiy» ishi sudga oshirildi. U va akasi Toshkentdagi masjidni egallab olishga uringanlikda ayblanmoqda

O‘zbekiston 22:20 / 12.12.2018 51463

Toshkentda «Shuhrat –Dombrabadskiy» (do‘mbirobodlik Shuhrat) laqabi bilan tanilgan Shuhratilla Nosirov hamda uning akasi Shavkat Nosirov ustidan sud ishi boshlanmoqda. Bu ma'lumotni O‘zbekiston Oliy sudidagi manba Kun.uz muxbiriga tasdiqladi.

Manbaning ma'lum qilishicha, ish sudga kelgan, yaqin vaqt ichida boshlanadi. Qayd etilishicha, sud yopiq tarzda o‘tkaziladi.

Huquqni muhofaza qilish organlari joriy yilning yozida Toshkent shahridagi Do‘mbirobod mavzesida joylashgan «Nosirxon» masjidini xususiylashtirib olmoqchi bo‘lgan kriminal avtoritet Shuhratilla Nosirov va uning akasini qo‘lga olishgandi.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, 1990-yillar boshida Shuhratilla Nosirov uyushgan jinoiy guruh tashkil etgan. Bu guruh reket va boshqa zo‘ravonliklarga tayangan jinoyatlarni sodir etish bilan shug‘ullangan. U 1994 yili mavjud dalillar asosida 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Jazoni ijro etish muassasasi tartibini buzganligi uchun 2 marta muddati uzaytirilgan, 2016 yil avgustida ozodlikka chiqarilgandi. 

2018 yil may oyidan e'tiboran aka-uka Do‘mbiroboddagi «Nosirxon» masjidi ichki ishlariga aralasha boshlagan. Ular ushbu masjid ularning mulki ekanini ro‘kach qilishgan. Ular tahdid qilish yo‘li bilan mazkur masjid xodimlaridan muhri, shtampi va barcha hujjatlarini tortib olishgan. Shundan so‘ng, ular masjidning O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga tegishli ekanini bildirmaydigan yangi noqonuniy muhr tayyorlab, undan foydalana boshlashgan.

Bundan tashqari, aka-uka Nosirovlar masjid xodimlarini unga kelib ibodat qiluvchilar orasidan tanlagan holda mustaqil ravishda yangilab, ular orasiga  o‘z yaqinlarini ham kiritishgan. Masjid hay'ati raisi sifatida Shavkat Nosirov saylangan. U bevosita masjid faoliyatini boshqarishga kirishgan.

Masjid mutavallisi (hisobchi) sifatida aka-ukalarga bo‘ysunuvchi M.Haydarov ish olib borgan. Unga maosh tayinlanib, O‘MI va uning Toshkentdagi vakilligiga majburiy pul o‘tkazishni ma'n qilgan. Shu munosabat bilan masjidning moliyaviy faoliyati aka-uka Nosirovlar ko‘rsatmasi bilan olib borilgan.

Shu bilan birga, aka-ukalar O‘MI, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Adliya vazirligining roziligisiz masjid nomini «Nasrulloxon to‘ra» nomiga o‘zgartirishni rejalashtirishgan. Shuningdek, masjidga yondosh, jismoniy shaxslarga tegishli yer uchastkalarini egallab olish yo‘li bilan masjid hududini kengaytirish va uni ta'mirlashni rejalashtirishgan.

Aka-uka Nosirovlarga nisbatan shu yilning 8 iyun kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani IIB tomonidan O‘zbekiston JKning 145- (vijdon erkinligini buzish), 227-(hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish), 228- (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 165-(tovlamachilik) moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: