Yaponiya Xitoyga qarshi kurashda AQShni qo‘llab-quvvatladi

Jahon 13:12 / 10.12.2018 13044

Yaponiya hukumati Xitoyning Huawei va ZTE smartfon ishlab chiqaruvchilariga davlat shartnomalari uchun da'vogarlik qilish hamda davlat xaridlarida ishtirok etishni taqiqladi. Bu haqda TASS Yaponiyaning Kyodo agentligiga asosan xabar qilmoqda.

Bunday taqiqlovga hukumat Xitoy smartfonlari xavfsizlik va undagi ma'lumotlarni saqlash jihatidan ishonchsiz ekanidan tashvishlanayotgani sabab bo‘ldi. «Biz uchun zararli funksiyalarga ega bo‘lgan va ma'lumotni o‘g‘irlash, yo‘q qilish hamda axborot tizimlari ishini buzishda ishlatilishi mumkin bo‘lgan uskunalarni sotib olmaslik juda muhim masala», - deya Yaponiya hukumati bosh kotibi Yosixide Suganing so‘zlari keltirilgan.

Shu bilan birga, u muayyan kompaniyalar nomini aytmadi, ammo, agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, gap, birinchi navbatda, aynan Huawei va ZTE haqida ketmoqda.

Ikkala ishlab chiqaruvchi bir necha oydan beri Qo‘shma Shtatlarda muammolarga duch kelmoqda. Yozda mahalliy rasmiylar ularga o‘z uskunalarini davlat muassasalariga yetkazib berishni taqiqlashdi. Ma'lumotlar saqlashni ta'minlab bermaslik bo‘yicha ayblovlardan tashqari, ular KXDR hamda Eronga nisbatan sanksiyalar rejimini buzganlikda gumonlanmoqda. ZTE rahbariyati Vashington bilan kelishuvga erishdi va bozorda ishlashni tiklash imkoniga ega bo‘lish uchun bir necha muhim top-menejyerlarni o‘zgartirdi.

Dekabr oyining boshida esa, Kanadada Huawei moliyaviy direktori va asoschisining qizi Men Vanchjou qo‘lga olingani ma'lum bo‘ldi. AQSh uni ekstraditsiya qilishni so‘ragan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei moliyaviy direktori nega hibsga olingani aniqlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: