Rossiyada tojikistonlik olti fuqaro halok bo‘ldi

Jahon 10:38 / 07.12.2018 14235

Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida sodir bo‘lgan avtohalokatda olti kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt inson jarohat oldi. Barcha halok bo‘lganlar, OAV xabariga ko‘ra, tojikistonliklar bo‘lgan. Ular tez tibbiy yordam mashinasi bilan to‘qnashib ketgan «VAZ-2114» yo‘lovchilari edi.

Shu bilan birga, Tojikistonning Fayzobod tumanida istiqomat qiluvchi Muhiddin Vashgirdiy Feysbukdagi sahifasida voqea joyidan olingan suratni joylashtirdi. Uning xabar berishicha, yo‘l-transport hodisasida qarindoshlari halok bo‘lgan.

Uning bildirishicha, YTH oqibatida xolasi - 68 yoshli Sadbarg Sharipova hamda 8, 10 va 18 yoshda bo‘lgan uch nabirasi halok bo‘lgan. Shuningdek, 22 yoshli qarindoshi ham hayotdan ko‘z yumgan. O‘sha avtomobilda bo‘lgan 22 yoshli erkakning oilaga aloqasi yo‘q - hozirda uning shaxsi aniqlanmoqda.

«Ayni paytda xolamning 11 yoshli yana bir nabirasi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga joylashtirildi. Halok bo‘lganlar jasadi bugun Tojikistonga yuboriladi», - deya xabar berdi u. Yana uch nafar jabrlanuvchi - tez yordam mashinasi haydovchisi va yo‘lovchilari.

«YTH oqibatida, voqea joyida VAZ avtomobilida bo‘lgan 6 kishi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari voyaga yetmagan bolalar. Shuningdek, tez tibbiy yordamning uch xodimi va yengil avtomobil yana bir yo‘lovchisi - 11 yoshli bola turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi», - deya ma'lum qildi Rossiya IIV Krasnodar o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: