O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasi portalida «Tekstil va tikuv-trikotaj sanoatida sohaning eksport salohiyatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Bu mening xotiramdagi sohani boshqarishning mavjud – eskirgan tizimini saqlab qolish ochiqdan ochiq lobbi qilinayotgan va ma'murchilik islohotini yo‘q qilishga qaratilgan ikkinchi hujjat loyihasidir, — deb yozadi iqtisodchi ekspert Yuliy Yusupov. — Birinchisi «Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» deb nomlangan edi va u haqida o‘z vaqtida men maqola ham yozgan edim.
Keling, bir nechta savol qo‘yib, ularga javob beraylik:
Sohalar ustidan davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish nega kerak?
Ayni paytda iqtisodiyotning ko‘plab sohalari bozor iqtisodiyoti prinsiplariga mutlaqo zid bo‘lgan uslublarda tartibga solinib kelinyapti. Tartibga solish bilan «assotsiatsiya»lar, «konsern»lar yoki kamtargina «aksiyadorlik jamiyati»lariga aylantirilgan sobiq vazirliklar shug‘ullanishmoqda va ular o‘ziga xos bo‘lmagan quyidagi funksiyalarni bajarishmoqda:
- Sohani rivojlantirish siyosatini belgilash, soha ishlashi kerak bo‘lgan qoidalarni ishlab chiqish (bular vazirlik, hukumat va parlament funksiyasidir);
- Mazkur siyosatni amalga oshirish, masalan, ruxsatnoma, litsenziya berish, standartlar va boshqa narsalarni belgilash (bu davlat agentligi funksiyasi);
- O‘rnatilgan qoidalarning bajarilishini nazorat qilish (davlat inspeksiyasi funksiyasi);
- Soha korxonalari manfaatlarini ilgari surish (ko‘ngilli assotsiatsiya funksiyasi);
- Tijorat faoliyati (bu bilan mustaqil tijorat korxonalari shug‘ullanishi kerak).
Bularning barchasi bilan bitta idora shug‘ullanadigan bo‘lsa manfaatlar to‘qnashuvi yuz berishi shundoq ko‘rinib turibdi. Biz uchun hayotiy zarur bo‘lgan islohotning mohiyati ushbu funksiyalarning barchasini bir biridan mustaqil tuzilmalar o‘rtasida ajratilgan bo‘lishiga erishishdir. Chunki, bitta muassasaning o‘zi siyosatni belgilab, o‘zi uni amalga oshirishi, o‘zi shu siyosat obekti bo‘lishi va o‘zini o‘zi nazorat qilishi mumkin emas, axir. Bu sog‘lom tafakkur chegarasidan chiqib ketgan, turib bitgan absurdning o‘zginasi-ku?! Lekin bugun iqtisodiyotimizning ko‘plab sohalari aynan mana shunday absurd usullar bilan boshqarilmoqda. Samarasizlik, monopolizm va korrupsiyaga ham shular sabab bo‘lmoqda.
Xo‘sh, assotsiatsiyami yoki vazirlik?
Endi keling, tekstil sohasida «islohotlarni chuqurlashtirish» uchun bizga nimalarni taklif qilishayotganini ko‘rib chiqaylik. Allaqachon eskirgan «O‘ztekstilsanoat» assotsiatsiyasini, «sovet davri sarqiti» sifatida tugatish yoki hechqursa davlat funksiyalaridan mosuvo etilgan tadbirkorlarning ko‘ngilli assotsiatsiyasiga aylantirish, deb o‘ylarsiz? Sohada ma'muriy to‘siqlarni bartaraf etish va raqobatni rivojlantirish choralarini qo‘llashmi? Topolmadingiz!
Taklif qilinayotgan ishlarning birinchisi – nom almashtirish. «Zo‘r» taklif! Novatsiya! Bizga O‘zbekiston tekstil, tikuv-trikotaj sanoati assotsiatsiyasini O‘zbekiston tekstil, tikuv-trikotaj sanoati, paxta-tekstil ishlab chiqarish va klasterlari Milliy assotsiatsiyasiga aylantirish taklif etilmoqda. Bu nechanchi marta nom almashtirish ekanligiga aniqlik ham kiritib o‘tirmadim. Chunki bunday idoralar bir necha marta nomini almashtirib, o‘z faoliyatini mutlaqo o‘zgartirmasdan kelmoqda.
Bu holda (bu esa eng asosiysi!) yangi tuzilgan «assotsiatsiya» raisi va uning o‘rinbosarlari lavozimga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi va status bo‘yicha vazir va uning o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi. Men rais va uning o‘rinbosarlarining o‘zlarini sidqidildan vazir va vazir o‘rinbosarlari deb hisoblashlari, lekin qandaydir arzimas rasmiyatchilik tufayli o‘zlarini bunday atay olmasliklari borasidagi hissiyotlarini tushunaman. «Statusga tenglashtirilganlik» bilan kifoyalanishga to‘g‘ri keladi. Albatta, alam qiladi. Lekin jamoa foydasi uchun nimalarga rozi bo‘lmaydi odam…
Loyihada eski «assotsiatsiya»ning barcha funksiyalari va vakolatlari saqlab qolinadi, hattoki oshiriladi. Ya'ni, idora amalda bir-biriga zid bo‘lgan funksiyalarni bajarishda davom etadi. Yangi funksiyalarga esa, masalan, «paxta ekish uchun dala maydonlarini aniqlash, paxta-tekstil klasterlarini joylashtirish, shuningdek, Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash davlat fondining mablag‘lari hisobidan (hammoliyalashtirish tartibida) imtiyozli kreditlarni ajratish» kabilar kiradi. Endi bunday ishlar yangi tuzilgan «assotsiatsiya-vazirlik» ma'qullovidan so‘ng amalga oshiriladi. Yana bir yangi funksiya – «O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan paxta tolasidan yigirilgan kalavani olib chiqishga ruxsatnoma berish». Bunga yana yig‘im joriy etish rejalashtirilmoqda. Super! Mana sizga, ma'muriy to‘siqlarni qisqartirish va iqtisodiyotni boshqarishni erkinlashtirish — ikkovi bitta idishda!
«Islohot» uchun resurslar
Ikkinchisi. «Assotsiatsiya» qoshida «Tekstil sohasini rivojlantirish va paxta-tekstil ishlab chiqarish va klasterlarni qo‘llab quvvatlash fondi» tashkil etish rejalashtirilmoqda ekan. Fondni moliyalashtirishning asosiy manbalari quyidagi mablag‘lar hisoblanadi:
- Paxta-tekstil ishlab chiqaruvchilari va klasterlariga paxta ekish uchun ajratilgan yer maydonlarining har bir gektaridan eng kam oylik ish haqining 20 foizi miqdorida yillik undiriladigan yig‘im;
- 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab paxta tolasidan yigirilgan dag‘al kalavani O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan olib chiqish uchun ruxsatnoma berish uchun yig‘im».
Ya'ni, mohiyatan soliq yoki unga tenglashtirilgan yig‘imlar. Boshqacha qilib aytganda, «assotsiatsiya» ishini davlat mablag‘lari hisobiga moliyalashtirish nazarda tutilmoqda.
Uchinchisi. Milliy assotsiatsiya «islohotlar»ni amalga oshirishni rejalashtirishda foydalanadigan boshqa resurslar imtiyoz va yengilliklar ro‘yxati bo‘lib, bu imtiyozlarning katta qismi «assotsiatsiya»ning o‘zi uchun – a'zolari uchun (sohaning barcha korxonalari uchun emas) mo‘ljallangan va «assotsiatsiya»ning «xulosalari» va «buyurtma»lari asosida berilar ekan. Bularning barisi «assotsiatsiya»ning hozirda mavjud imtiyoz va vakolatlariga qo‘shimcha ekanini unutmang.
Ya'ni, sohaning tub islohotini, halol raqobatni unuting. Hammasini yana amaldorlar o‘z kabinetidan turib boshqarishda davom etmoqchi.
Ekspertlar «iqtisodiyotning strategik sohalari» deb ataluvchi (avtomobilsozlik, transport, energetika, tabiiy boyliklar qazib olish, kimyoviy, tekstil, oziq-ovqat, elektrotexnika va boshqa) sohalarni tartibga solish va monopoliyadan xalos etishni qamrab olgan kompleks islohotlarni amalga oshirmasdan turib barqaror rivojlanishni kafolatlash imkoni yo‘qligini ko‘p va xo‘b yozishgan. Soha islohotlarini sohani samarasiz boshqaruv tizimini qayta tashkil qilishdan boshlash kerak. «Soha boshqaruvi organlari» hech qachon o‘zini o‘zi isloh qilmasligini unutmaslik lozim. Bundan umid qilish — utopiyaning o‘zginasi. Islohotlar «tepadan» (prezidentdan, hukumatdan) yoki «yonlama» (mana shunday islohotlarni o‘tkazish uchun maxsus tuzilgan, hukumatdan mustaqil bo‘lgan organdan) bo‘lishi kerak.
Biz ma'muriy islohotlar o‘tkaziladigan kunlarni ko‘ra olarmikanmiz yoki uning o‘tkazilishini keyingi avlodlarga — farzandlarimiz va nevaralarimizga qoldiramizmi?