2019 yil uchun aholi bandligiga ko‘maklashishning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi

O‘zbekiston 11:10 / 07.12.2018 7104

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “2019 yilda aholi bandligini ta'minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish Davlat buyurtmasi to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar 2019 yilda aholi bandligiga ko‘maklashishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanishi mumkin:

birinchi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish va o‘tgan yillardan o‘tib kelayotgan loyihalarni yakunlash hisobiga yirik loyihalar (xo‘jalik boshqaruv organlari) 55,7 ming va kichik loyihalarda (mahalliy loyihalar, o‘z mablag‘i hisobiga kredit olmasdan) 81,2 mingdan kam bo‘lmagan doimiy ish o‘rinlarini tashkil etish;

ikkinchi, bo‘sh turgan, qurilishi tugallanmagan obektlardan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish hisobiga 23,7 ming yangi ish o‘rinlarini tashkil etish;

uchinchi, davlat-xususiy sherikchilik asosida ijtimoiy soha obektlarini (ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, jismoniy tarbiya, sport va boshqalar) tashkil etish hisobiga 23,7 ming ish o‘rinlarini tashkil etish;

to‘rtinchi, hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga 37,3 ming ish o‘rinlarini tashkil etish;

beshinchi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholini o‘z-o‘zini band qilishni rag‘batlantirish, tijorat banklari va boshqa maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan “Har bir oila - tadbirkor” va boshqa dasturlar doirasida kreditlar berish orqali 191,5 ming ish o‘rinlari tashkil etish;

oltinchi, uy-joy qurilishi, obodonlashtirish, infratuzilma obektlari, mavsumiy va vaqtinchalik ishlar, ayniqsa “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida 63,0 ming aholini vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda bandligini ta'minlash;

yettinchi, 110,2 ming nafar fuqaroni mavjud ish o‘rinlariga, 85,5 ming nafarini kvota va tabiiy sabablar bilan bo‘shaydigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish;

sakkizinchi, 30,2 ming nafar ishsizlarni Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbga tayyorlash va qayta o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish, 49,9 ming nafar ishsizlarni Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobiga haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish va 200,4 ming nafar fuqaroni xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish;

to‘qqizinchi, 273,4 ming norasmiy bandlarni rasmiy bandligini (legallashtirish) ta'minlash.

2019 yilda Bandlik dasturi prognoz parametrlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan, quyidagilarga:

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari – sanoat, xizmat va qishloq xo‘jaligidagi yirik loyihalarni amalga oshirish uchun;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida foydalanilmayotgan obektlardan samarali foydalanish bo‘yicha idoralararo komissiyalari – bo‘sh turgan, qurilishi tugallanmagan obektlardan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish uchun;

Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta'lim vazirligi – davlat-xususiy sherikchilik asosida ijtimoiy soha obektlarini ishga tushirish;

“Hunarmand” uyushmasi – milliy hunarmandchilikni rivojlantirish;

Markaziy bank, tijorat banklari rahbarlariga – kreditlash orqali aholi bandligini oshirish;

Qurilish vazirligi (uy-joy qurilish qismi bo‘yicha), Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Avtomobil yo‘llari Davlat qo‘mitasi, O‘zbekenergo AJ, O‘ztransgaz AJ - (infratuzilma obektlari bo‘yicha), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari (“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha mavsumiy va vaqtinchalik ishlar bo‘yicha) – uy-joy qurilishi, obodonlashtirish, infratuzilma obektlari, mavsumiy va vaqtinchalik ishlar dasturlari bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

Ko‘proq yangiliklar: