Huawei kompaniyasi vitse-prezidenti Bryus Li kompaniya Android tizimi o‘rnini egallaydigan o‘z operatsion tizimini ishlab chiqayotganini tasdiqladi.
Yangi operatsion tizim haqidagi batafsil ma'lumotlar hozircha oshkor qilinmayapti. Ma'lum bo‘lishicha, yangi tizim Kirin OS deb nomlangan. Bu reja AQSh hukumati talabi bilan Google kompaniyasi Android tizimini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatib qo‘yishi ehtimoli mavjudligi sababli ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari, Honor smartfonlarida yangi Fuchsia OS operatsion tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Huawei Android tizimiga muqobil operatsion tizim yaratmoqchi ekanligi haqida bundan uch yil avval gap tarqalgandi. 2016 yilda kompaniya bosh direktori Richard Yu Kirin OS operatsion tizimi haqida izoh bergandi.