Scorpion filmi rekord darajada tomoshabin yig‘di

Jamiyat 14:53 / 04.12.2018 12129

1 dekabr kuni Toshkent shahri kinoteatrlarida “Scorpion” trillerining premerasi bo‘lib o‘tdi.  

Ilk dam olish kunlarida kartinani tomosha qilish uchun kinoteatrlarga 15 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyurdi. Boshqa filmlar namoyishiga keladigan tomoshabinlar soni bilan taqqoslaganda, bu ko‘rsatkich 15-20 barobarga ko‘p. Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi ma'muriyatidan ma'lum qilinishicha, kinoixlosmandlarining talabidan kelib chiqqan holda deyarli barcha kinozallarda besh smenada ham “Scorpion” filmi namoyish etilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Muxlisa Azizova rejissyorligida olingan “Scorpion” trilleri 27 noyabr kuni IV PROlogue xalqaro kinofestivalining ochilishida gala-premera qilingan edi. Kartina shu kunning o‘zidayoq o‘zbek va xorij kinosi vakillari tomonidan yuksak e'tirof etildi. 

Triller Toshkent, Buxoro, Sankt-Peterburg va Marokashda suratga olingan. 

Yoshlar o‘rtasida xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashishga da'vat etuvchi filmda Farhod Mahmudov, Karim Mirhodiyev, Yulduz Rajabova, Ra'no Shodiyeva kabi taniqli aktyorlar ishtirok etdi. Shuningdek, rollarda mashhur turkiyalik aktyor Murat Yildirim va rossiyalik aktyor Vyacheslav Razbegayev rol ijro etgan. 

Film ssenariy muallifi Bob Andervud (AQSh), kartina operatori Maks Tsui (Germaniya). Ovoz ustida ishlash jarayoni «Mosfilm» kinokonserni mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan. Rang-tasvir esa Moskvaning Color Kitchen kompaniyasi hamkorligida olib borilgan. Filmning ovoz dizayni ustida amerikalik ovoz rejissyori Geri Burjua ishlagan.

Kartina tizeri bir kun ichida bir million martadan ortiq tomosha qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: