Farg‘onada 9 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan avtosalon xodimiga sud hukmi o‘qildi

Jamiyat 12:10 / 04.12.2018 46109

“Farg‘ona avto savdo” mas'uliyati cheklangan jamiyatining ombor mudiri vazifasida ishlagan I.T.ning sodir etgan jinoyati bo‘yicha sud jarayoni boshlangani xabar berilgan edi.

O‘zA’ning yozishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha So‘x tumani sudining 2018 yil 3 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, I.T. aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi o‘zganing mulkini qo‘lga kiritganlikda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 168-moddasi 4-qismining “a” bandi bilan aybdor deb topilib, to‘qqiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Foto: O‘zA

Sudning hukmiga ko‘ra, I.T. “Farg‘ona avto savdo” mas'uliyati cheklangan jamiyatida ombor mudiri vazifasida ishlab kelgani holda xizmat vazifalariga jamiyat tomonidan sotilayotgan avtomashinalar uchun to‘lovlarni qabul qilish va avtomashinalar savdosi bilan shug‘ullanish kirmasa-da, oldindan jinoiy reja tuzgan.

U asosan jabrlanuvchilar bilan shaxsiy yoki qarindosh-urug‘lik munosabatlaridan foydalanib, ulardan naqd pul shaklida avtomashinalar uchun to‘lovlarni qabul qilib olib, ayrimlariga avtomashina sotib olib berish, ayrimlariga foydasi bilan pullarini qaytarib berish orqali boshqa shaxslarning ishonchiga kirdi.

Foto: O‘zA

2017 yil iyul oyidan 2018 yil may oyiga qadar jami 71 nafar jabrlanuvchilarning 9 milliard 329 million so‘mdan ortiq pullari va mulklarini takroran, aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish jinoyatlarini qasddan sodir etgan.

Ish bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi tomonidan ularga yetkazilgan 1 milliard 749 million so‘m moddiy zarardan ixtiyoriy voz kechilgan bo‘lib, qolgan jabrlanuvchilarga yetkazilgan 7 milliard 579 million so‘m moddiy zararni sudlanuvchidan undirish belgilandi.

Foto: O‘zA

Sud jinoyatlarni sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga xususiy ajrim bilan munosabat bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada 50 nafardan ziyod fuqaroni transport vositasi olib berishni va'da qilib, 760 ming dollarga «uxlatgan» shaxsga sud hukmi o‘qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: