Raqamli iqtisodiyotda yashirin iqtisodiyot va qora bozorga o‘rin yo‘q

Iqtisodiyot 23:18 / 03.12.2018 34211

Oxirgi vaqtlarda jamoatchilikda ko‘p muhokama bo‘layotgan mavzulardan biri - mamlakatimizdagi yashirin iqtisodiyot faoliyatini rasmiy iqtisodiyotga o‘tkazish va valyuta qora bozorining hanuzgacha saqlanib qolayotgan salbiy ta'sirlari bilan kurashish mavzulari ko‘pchilikni jiddiy o‘ylantirib qo‘ymoqda.

Yashirin iqtisodiyot va qora bozor haqida avval ham batafsil yozganman, shuningdek ulardan xalos bo‘lish uchun qanday yo‘llarni tanlash mumkinligi haqida ham hali valyuta liberalizatsiyasi bo‘lmasdan ancha oldin fikrlar bildirgan edim . Bugungi kunga kelib O‘zbekistonda valyuta liberalizatsiyasidan bir yildan ortiq vaqt o‘tgach birmuncha vaziyat o‘zgargani va ancha yengilliklar yaratilganiga qaramasdan yashirish iqtisodiyot va qora bozorning alomatlari hali hanuz saqlanib qolayotgani haqida so‘z yuritsak.

Yaqinda Yuliy Yusupov Oliy Majlis qonunchilik palatasi majlisida ilgari surilgan fikrlarga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi va naqd ko‘rinishda xorijiy valyutani banklar tomonidan sotilmayotganini qora bozorni saqlanib qolayotgani asosiy sabablaridan biri sifatida e'tirof etdi. Shuningdek, yuqori darajada belgilangan soliqlardan qochish va davlat tomonidan sun'iy pasaytirilgan narxdagi tovarlarni mavjudligi qora bozorni avj olishiga olib kelishini ta'kidlab o‘tdi. Darhaqiqat, uning fikrlari o‘rinli, shu o‘rinda u bafurja yozmagan bir holat, ya'ni naqd xorijiy valyuta sotib olishga bo‘lgan cheklovlar saqlanib qolayotganiga izoh berib o‘tmoqchiman.

O‘ylashimcha, naqd valyutaning to‘g‘ridan to‘g‘ri bank kassalaridan sotilishini hozircha to‘xtatib turilishi sababi, avvalo, aholini cheklovsiz miqdorda valyuta xarid qilish mumkinligiga vaqt davomida ko‘niktirib borish (bu o‘z navbatida ilgari kuzatilgan turnaqator navbatlarni kelgusida kamaytiradi), valyutani aholi tomonidan xarid qilish darajasini liberalizatsiyadan keyin keskin oshishini oldini olish va valyutani xarid qilayotgan shaxslarni identifikatsiya qilinishini ta'minlash (bu esa aynan qaysi shaxslar ko‘proq miqdordagi valyutani xarid qilayotganini bilish imkonini beradi) bilan bog‘liq.

Ushbu holat vaqtinchalik chora sifatida qo‘llanilgani va yaqin orada bu masala “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun yangi tahriri qabul qilingach hal bo‘lishi Markaziy bank vakillari tomonidan ham qayd etib o‘tildi. Shuningdek, valyuta qora bozorini mavjud bo‘lishida monetar omillar emas, balki ayrim fiskal omillar sabab bo‘layotgani qayd etilgan. Misol tariqasida noqonuniy import bilan shug‘ullanayotgan chayqov bozori vakillari valyutaga bo‘lgan talabni oshirayotgani keltirilgan. Albatta, yashirin iqtisodiyotning vakillari naqd ko‘rinishdagi nazorat qilinmaydigan xorijiy valyutadan maksimal darajada foydalanishadi. Biroq, bu o‘z navbatida naqd valyutani sotilmasligini ta'siri ham borligini inkor eta olmaydi.

Chunki, insonlar psixologiyasida hali hanuz o‘sha moddiy ko‘rinishdagi pullarning o‘rni va ahamiyati yuqoriligicha qolgan. Ya'ni, ko‘zi bilan ko‘rib qo‘li bilan ushlab ko‘rmaguncha ko‘ngil joyiga tushmaydi. Valyutani kartaga tashlab, uni keyin bank kassasidan yoki bankomatlardan naqd qilish esa bir tomondan vaqt, ikkinchi tomondan xarajat talab qilganligi, qolaversa shu narsa ham qaysidir ma'noda ruhiy cheklov vazifasini bajaradi. Bu ikkita holat esa oddiy aholini ham o‘z navbatida hech qanday hujjat so‘ramaydigan “eski tanish dollarchi”larga murojaat qilishiga sabab bo‘ladi.

Menimcha, toki Markaziy bank shu naqd xorijiy valyutani sotishni yo‘lga qo‘ymaguncha doimiy ravishda e'tirozlar bildirilaveradi va valyuta qora bozori vakillari ham faol yashashda davom etadi. Qora bozor, toki talab bor ekan yashaydi, talabni o‘zimiz paydo qilamiz, bizda talab paydo bo‘lishiga sabab esa aynan naqd ko‘rinishda valyutani birdaniga banklardan sotib olishdagi qiyinchilik. Boshqa tomondan esa noqonuniy savdo va biznes vakillari uchun aynan valyuta qora bozorining mavjud bo‘lishi ham ayni muddao. Ayniqsa, valyutani sandiq tagida jamg‘arishni va istalgan paytda mamlakatdan shu pullar bilan chiqib ketishni zaxira yo‘li sifatida saqlab qo‘ygan “zodagon”lar uchun ham naqd ko‘rinishda naqd valyutani istalgan paytda topa olish imkoniyati muhim sanaladi.

Biroq, meni ko‘p o‘ylantiradigan narsa bu - butun jahon rivojlangan davlatlari imkon qadar raqamli iqtisodiyotga o‘tishni o‘ylab, harakat qilayotgan bir paytda, biz oddiy naqd xorijiy valyuta muammosini oxirigacha hal qilmaganimizdir. Raqamli iqtisodiyot avvalo barcha soha va tarmoqlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda amalga oshirilishini talab qiladi. Raqamli texnologiyalarni qo‘llashda eng birinchi navbatda, avvalo, mana shu raqamli to‘lovlar texnologiyalarini takomillashtirish kerak bo‘ladi. Raqamli iqtisodiyot rivojlanishi uchun naqd pulsiz iqtisodiyot (Cashless economy) qurilishi kerak. Aslida, naqd pullar 21-asr axborot texnologiyalari asri uchun eskirdi. Bugungi kunda Kanada, Shvetsiya va Buyuk Britaniya mamlakatlari misolida naqdsiz to‘lovlar takomillashtirilishi va naqd pullar muomalasining maksimal darajada kamaytirilishi natijasida iqtisodiyotda yashirin iqtisodiyotning YaIMga nisbatan eng quyi ko‘rsatkichlarni qayd etayotganini guvohi bo‘lishimiz mumkin. Bu davlatlarda valyuta qora bozori degan tushunchaning o‘zi yo‘q.

Demak, ushbu davlatlar tajribasidan xulosa qilish va maksimal darajada naqdsiz pul muomalasini ko‘paytirish va naqd pul hajmini imkon qadar kamaytirish Markaziy bank diqqat qaratishi kerak bo‘lgan asosiy jihatlardan biri bo‘lishi kerak.

Menga qolsa, avval ham ta'kidlaganimdek bu ishni aynan naqd xorijiy valyuta muomalasidan boshlasa ham bo‘ladi. Amaldagi “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha hisob-kitoblar va to‘lovlar milliy valyutada amalga oshirilishi qat'iy belgilab qo‘yilgan. Bo‘ldi, qonun amalda ijrosini topishi uchun Respublika hududida naqd ko‘rinishida xorijiy valyutani amalda bo‘lishini o‘zi tushunarsiz holat. Rasman har qanday tovar yoki xizmatga milliy valyutada to‘lov amalga oshirilgandan keyin xorijiy valyuta faqatgina jamg‘arish uchungina foydalanishi mumkin. Jamg‘arish yostiq ostida yoki sandiq ichidamas, balki bankda bo‘lishini ta'minlash uchun ham naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston hududida amal qilishini oldini olish kerak.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, oddiy aholi uchun naqd xorijiy valyuta jamg‘arishdan boshqa nima uchun kerak? Eskidan qolib kelgan o‘zaro kelishuvlar va yirik tovarlar qiymatini dollarda belgilash va dollarda hisoblashish an'anasidan voz kechish kerak. Dollarga nisbatan mo‘ljal olsa olaversin, lekin to‘lov so‘mda bo‘lishi shart. Xorijga chiqmoqchi bo‘lsa, bemalol istalgancha miqdordagi pulni xorijiy valyutada kartasiga o‘tkazib berishadi banklarda. Rivojlangan xorij davlatlarida naqd xorijiy valyutani bizdagidek ulug‘lashmaydi va umuman yirik miqdordagi kupyuralarga shubha bilan qaraladi. Chunki, yirik miqdordagi kupyuralardan ularda asosan nolegal soha vakillari ko‘proq foydalanishadi.

Darhaqiqat, tan olish kerak naqd ko‘rinishdagi xorijiy valyutalar ko‘p hollarda aynan noqonuniy faoliyat yurituvchi shaxslarda, o‘zining qancha miqdorda mablag‘i borligini rasman hech kim bilmasligini xohlaydigan korrupsiya vakillarida, kontrabanda vakillarida, chayqovchi tadbirkorlar tomonidan tez-tez foydalaniladi. Chunki bu shaxslar naqd xorijiy valyuta(qattiq valyuta)ning kuchini bilishadi va uning nazoratdan tashqarida ekanligidan maksimal foydalanishadi. Ular naqdsiz ko‘rinishda xorijiy valyutalarni banklarda saqlaydigan bo‘lishsa, bunday katta miqdordagi mablag‘larga nisbatan shubhalar paydo bo‘lishidan qo‘rqishadi. Shuning uchun ham doimiy ravishda naqd valyutaning muomalasi barqaror bo‘lishini chin dildan istashadi. Aslida yashirin iqtisodiyot vakillarining aksar qismi faoliyati aynan naqd xorijiy valyuta bilan oldi-sotdi qilishni talab qilishini hisobga oladigan bo‘lsak, naqdsiz xorijiy valyuta tartibini takomillashtirish yashirin iqtisodiyotni kamaytirishga sabab bo‘ladi.

Buning uchun naqd valyutaning har qanday ko‘rinishda bo‘lishini to‘xtatish va shunday saqlanayotgan holatlar aniqlanganda davlat hisobiga musodara qilishni belgilash orqali amaldagi qonunning hayotda real amal qilinishiga erishish mumkin. Albatta, orangizda cheklash orqali yana naqd valyutani tasarruf etish erkinligimiz cheklanadi deydigan insonlar ham topiladi, biroq Biz iqtisodiyotni sog‘lom rivojlanishi uchun ham shunday yo‘l tutishimiz kerak. Bu yo‘l revolyutsion yo‘l bo‘ladi, rivojlangan davlatlar naqdsiz iqtisodiyotga evolyutsion yo‘l bilan erishishmoqda. Ammo, bu yo‘lni qo‘llash uchun avvalo banklardagi naqdsiz xorijiy valyuta tranzaksiyalari jarayonlarini mahalliy qismini tezkor bo‘lishi uchun xorijiy valyutalar aylanishi uchun ham milliy to‘lov tizimini joriy qilish, yetarli darajada xavfsizlik va integratsiya jarayonlari texnik talablarga javob beradigan texnologiyalarni tatbiq qilish lozim bo‘ladi. Avval xorijiy valyutada naqdsiz muomalani mukammal yo‘lga qo‘ygach keyinchalik milliy valyutadagi naqdsiz pul muomalasiga to‘liq o‘tish imkoniyatlarini ko‘rib chiqsa bo‘ladi.

Men aytayotgan taklif amalga oshishi amrimahol, chunki buning uchun ham texnik tomondan, ham ma'nan, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy tomondan fikrlar va qarashlar shunga mutanosib va tayyor bo‘lishi kerak. Biroq, ertami kechmi qachondir naqd pulsiz iqtisodiyotga o‘tish masalasi birinchi o‘ringa chiqadi va shu paytda yo‘qotilgan vaqt haqida fikr yuritishsa ajab emas.

Axir butun dunyoda raqamli pullar, elektron pullar va virtual pullar ommalashayotgan bir paytda naqd pullarning muomalasini ko‘paytirish erkinlashtirish uchun - bir qadam oldinga, raqamli iqtisodiyot uchun - ikki qadam orqaga yurish sanaladi. Jahonda kriptovalyutalar savdosini birjalarga joriy qilish boshlanayotgan bir paytda bizda doimiy elektr bilan ta'minlangan hududlarimiz yetishmaydi. Eng achinarlisi, Bizdagi monetar siyosatning o‘zicha, fiskal siyosatning o‘zicha va tashqi iqtisodiy faoliyatning o‘zicha harakat qilishi natijasida umumiy biznes uchun yaratiladigan sharoitlarda omixta yechim bo‘ladigan qulay sharoitlar va adolatli o‘yin qoidalarini ishlab chiqilishida ancha muammolar yuzaga kelgani. Bu esa o‘z navbatida rasmiy faoliyatdan ko‘ra norasmiy faoliyat yuritishga zamin yaralishini ta'minlamoqda. 

Raqamli iqtisodiyot haqida so‘z yuritishdan oldin avvalo o‘zimizda takomillashtirilgan uzluksiz sifatli xizmat ko‘rsatadigan infrastruktura, axborot texnologiyalari va malakali kadrlar, sifatli davlat xizmatlari va omixta faoliyat yuritadigan monetar, fiskal va tashqi iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yilishini ta'minlash talab etiladi. Umid qilamizki, yaqin yillarda aynan shu sohalarda ijobiy o‘zgarishlar bo‘ladi.

Mansur Tangishov,
moliyachi ekspert

Ko‘proq yangiliklar: