Surxondaryoda prokuratura tomonidan pasporti olib qo‘yilgan ayolning ishi qachon hal etiladi?

Jamiyat 19:23 / 28.11.2018 36820

Kun.uz tahririyati tomonidan Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani, GDZ-2 mavzesida istiqomat qilib kelayotgan fuqaro M.Yuldashevaning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) fuqarolik pasporti tuman prokuraturasi tomonidan olib qo‘yilganligi va buning oqibatida nogiron bolasini davolata olmayotgani haqida yo‘llagan murojaati joyida, ya'ni Surxondaryo viloyatida o‘rganib chiqildi.

Fuqaroning ta'kidlashicha, ma'lum sabablarga ko‘ra unga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma aynan tug‘ilgan paytida emas, balki 1999 yilda bobosi (otasi vafot etganligi sababli) tomonidan FXDYoning Sariosiyo tuman bo‘limi orqali rasmiylashtirilgan. Rasmiylashtirish jarayonida bobosining xatosi tufayli tug‘ilgan yiliga «1976» yil yozib qo‘yilgan. Bunda bobosining qariligi pand bergan. Yoshiga oid noaniqlik ko‘plab masalalarni hal etishda noqulayliklarni keltirib chiqargan. Shundan so‘ng, M.Yuldasheva tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga tuzatish kiritish va tug‘ilgan vaqtini o‘zgartirish haqidagi da'vo ariza bilan sudga murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudining 2010 yil 16 avgustdagi hal qiluv qarori bilan da'vo ariza qanoatlantirilgan va Sariosiyo tuman FXDYo bo‘limiga M.Yuldashevaga 1999 yil 11 mart kuni berilgan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga o‘zgartirish kiritish va tug‘ilgan vaqtini «1985 yil 20 may» deb yozish majburiyati yuklangan (sudning bunday mazmunda qaror qabul qilishiga tuman tibbiyot birlashmasining M.Aripova 1985 yilda 20 may kuni tug‘ilganligi to‘g‘risidagi №01-13/678 sonli ma'lumotnomasi, Sariosiyo tuman QFYning qishloq xo‘jalik daftaridan berilgan 426-sonli ko‘chirma, ushbu hujjatning 9-sonli xo‘jalik daftarining 472-betida ro‘yxatga olingan, tuman ko‘ptarmoqli markaziy poliklinikasining №1383 sonli ma'lumotnomasi hamda maktab tomonidan berilgan № 191376 seriyali shahodatnomalar asos qilib olingan)

Shundan so‘ng, sudning mazkur qaroriga asosan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, M.Yuldashevaga dastlab eski shakldagi fuqarolik pasport berilgan va keyinchalik unga 2014 yil 6 noyabr kuni Sariosiyo tuman IIB tomonidan  AA 7526605 seriya va raqamli biometrik fuqarolik pasporti taqdim etilgan. Ushbu fuqarolik pasportida ham fuqaroning tug‘ilgan vaqti 1985 yil 20 may qilib ko‘rsatilgan.

«Pasportimni olib qo‘yishdi!»

Muallif o‘z maktubida bayon qilishicha, hech bir sababsiz va birov shikoyat qilmay turib, uning pasporti olib qo‘yilmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, M.Yuldashevaning 2018 yil aprel oyida olib qo‘yilgan fuqarolik pasporti oradan yetti oydan oshiqroq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay egasiga qaytarib berilmagan yoki uning noqonuniy ekanligi to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan.

«Meni pasportimni soxtalashtirganlikda ayblashmoqchi, qizig‘i, qayta-qayta tekshirilib ham hanuzgacha prokuratura yoki ichki ishlar organlari tomonidan yakuniy qaror qabul qilinmayapti, na pasport qaytarildi va na chora ko‘rildi», - deydi M.Yuldasheva.

Fuqaro M.Yuldasheva bu haqida viloyat hokimligi va viloyat prokuraturasiga bir necha marta shikoyat qilganligi, biroq natija bo‘lmaganligini ta'kidlaydi.

19.06.2018 kuni Surxondaryo viloyati IIB, 22.06.18 kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ishonch raqamlariga shikoyat qilganimdan so‘ng, maxsus inspeksiya xodimi o‘zi pasport sohasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lmay turib, mening ustimdan asossiz to‘plagan hujjatlarini xulosa qilib, Surxondaryo viloyat prokuraturasiga topshirgan. Viloyat prokuraturasi ushbu materiallarni qonuniy to‘xtamga kelish uchun (12.07.2018 kuni) Sariosiyo tuman prokuraturasiga yuborgach, prokuratura xodimlari 30 yil avvalgi anglashilmovchilikni ko‘tarib, menga sarson qilib kelishyapti, - deydi fuqaro o‘z maktubida.

Ma'lum bo‘lishicha, M.Yuldashevaga fuqarolik pasportini rasmiylashtirilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan  Sariosiyo tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilib, 2018 yil 10 avgust kuni  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Ammo, mazkur qaror tuman prokurori tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilingan va qo‘shimcha o‘rganish uchun tergovchiga qaytarilgan.

Holatga oydinlik kiritish maqsadida Sariosiyo tumani prokurorining fikrlari bilan qiziqdik:

«Ha, rostdan ham pasportini olib qo‘ydik. Soxta pasport edi. Fuqaro 1985 yilda tug‘ilmagan. Agar shunday bo‘lsa, voyaga yetmay ishga joylashgan bo‘lib qoladi. Ayni damda tekshiruv ishlari davom etmoqda. Fuqaroning pasportini bekor qilish uchun barcha dalillar to‘planib yuqori tashkilotga yuborilgan», - deb tushuntirish berdi prokuror.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 329-moddasi birinchi qismiga ko‘ra jinoyatga oid arizalar, xabarlar va boshqa ma'lumotlar ro‘yxatga olinishi va darhol, jinoyat ishini ko‘zg‘atish uchun sabab qonuniyligini va asoslar yetarli ekanligini tekshirish zarurati bo‘lgan taqdirda esa, o‘n sutkadan kechiktirmasdan hal qilinishi lozim. Ushbu muddat jinoyatga oid arizalar, xabarlar va boshqa ma'lumotlar olingan paytdan boshlab hamda to ishni ko‘zg‘atish yoki qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror chiqarilguniga qadar yoxud tergovga qadar tekshiruv materiallari prokurorga yuborilguniga qadar bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga oladi.

Biroq, M.Yuldashevaning pasporti bilan bog‘liq masala mana yetti oydirki o‘z yechimini topgani yo‘q.

Hikoyam qahramonining bir nafar nogironligi bo‘lgan farzandi bor. U muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turilishi va qator muolajalarni olishi lozim. Biroq onaning pasporti yo‘qligi sabab farzand o‘z vaqtida tegishli tibbiy ko‘rikdan o‘tishda va muolajalarni olishda hamon muammolarga uchramoqda.

Masalaning yana bir achinarli tomoni shundaki, fuqaro muammosi yuzasidan qayta-qayta viloyat prokuraturasiga shikoyat qilsa hamki, bunga shu paytgacha hududning o‘zida yechim topilmagan. Natijada xatlar O‘zbekiston Republikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, Respublika Bosh prokuraturasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Ichki ishlar vazirligiga qayta-qayta kelib tushavergan. Deyarli barcha murojaatlar ko‘rib chiqish uchun viloyat prokuraturasi orqali tuman prokuraturasiga yo‘naltirilavergan.  Muammo esa yechimsiz qolavergan.

  • Haqiqatni yetti oydan beri topolmay idorama-idora sarson-sargardon bo‘ldim, moddiy ahvolim tang bo‘lib qoldi.  Asablarim ishdan chiqib, salomatligim yo‘qoldi. Eng alam qiladigani, nogiron farzandimni davolatishga qo‘limda pasportim yo‘q, - deb yozadi muallif maktubida.

Prezident har bir tashkilotda adolat bo‘lishini va davlat tashkilotlari xalqqa xizmat qilishini istaydi. Davlatda olib borilayotgan har bir islohot markazida inson omili turishi kerak. Har birimiz insonlarning dard-u tashvishlari bilan yonib yashashimiz kerakligi takror va takror ta'kidlanmoqda. Bilmaganlarini o‘rgatishimiz, tushuntirishimiz lozim. Qonun himoyachisi bo‘lsak eng avvalo qonunlarga o‘zimiz bo‘ysunishimiz kerak.

Bosh prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlardan masalaga huquqiy baho berishlari va muammo adolatli hal etilishida tashabbus ko‘rsatishlariga umid qilib qolamiz.

Zafarbek Solijonov maxsus muxbir,
Sherzod Egamberdiyev operator

Ko‘proq yangiliklar: