3 kunda Qashqadaryodagi ishsizlik soni 161taga kamaydi

Jamiyat 18:27 / 28.11.2018 7174

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yigirma olti yilligi munosabati bilan Qashqadaryo  viloyatida “O‘zbekiston yoshlari – yangi zamon bunyodkorlari!” shiori ostida “Yoshlar festivali”  bo‘lib o‘tdi.  

Dastlab, Qarshi shahridagi “Yoshlar markazida” jurnalistlar bilan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchisi Begmat Ochilov festival dasturidagi 20 ga yaqin loyihalarga alohida to‘xtalib, festival xayrli tashabbuslar, yoshlar masalalariga qaratilgan amaliy ishlar bilan samarali o‘tishini ta'kidladi. 

Targ‘ibot guruhining 37 nafar Respublika targ‘ibotchilari, 12 nafar viloyat targ‘ibotchilari 5 ta guruhga bo‘linib, Qarshi, Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Kasbi, Mirishkor, Nishon kabi tuman yoshlari ichiga kirib borishdi. 

3 kun davomida “Yoshlar kutubxonasi”, “Bolalar kitobi”, “Yoshlar nashrlari kunlari”, “Kelajak bunyodkorlari”, “Tabiat tarafdorlari” va “Yuqori malakali bepul tibbiy xizmat” loyihalari , “Mustahkam oila siri” yosh oilalar forumi, yoshlar o‘rtasida turli sport musobaqalari, “Konstitutsiya haftaligi”, “Yoshlar bilan ochiq muloqot” loyihasi doirasida “Hokim va yoshlar”, “Sud va yoshlar”, “Deputat va yoshlar”, “Prokuror va yoshlar” uchrashuvlari, “Mening dalam – mening faxrim” shiori ostida fermerlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi va “Biznes sayohat” loyihalari tashkil etildi. Ayniqsa, “Farzandlik burchim” patronaj yoshlar loyihasi doirasida kitobsevar yoshlarga kitoblar sovg‘a qilinishi, uyida ta'lim oladigan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlari uchun o‘quv qurollari topshirilishi, yolg‘iz qariyalar holidan xabar olinishi  milliy qadriyatlarimiz sanalgan mehr-oqibat tuyg‘ularining yorqin ifodasi bo‘ldi.  

Davra suhbatlari, ochiq muloqotlardan tashqari chekka qishloqlardagi ta'lim muassasalari, mahallalar, harbiy qismlar va kasalxonalarga kitoblar sovg‘a qilinib, ular uchun bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etildi.

Loyihalarni amalga oshirish mobaynida targ‘ibot guruhi a'zolari  viloyatdagi yosh tadbirkorlar Ulug‘bek Begmamatov, A'zam Panjiyev, Yusuf Mirzayev, Obidjon Rahmatov, Javohirjon Namozov, Matluba Rasulovalarning tadbirkorlik faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.   Non mahsulotlari, kompyuter internet xizmatlari markazini ochgan Ulug‘bek Begmamatov 5 nafar ishsiz yoshlarning bandligini ta'minladi. Qarshi shahridagi yosh tadbirkor “Ziyodbek Yashin hamkor” xususiy korxonasi tomonidan qurilgan issiqxonaga 15 nafar tengdoshini ishga qabul qildi.  Kasbilik yosh tadbirkor A'zam Panjiyevning mebel ishlab chiqarish korxonasiga 8 nafar yosh ishga joylashdi. Yusuf Mirzayevning  Yakkabog‘ tumanidagi sun'iy qoplamali sport maydonchasida 3 ta yangi ish o‘rni yaratildi. “Yoshlar bilan ochiq muloqot” da tadbirkor Obidjon Rahmatov yoshlarni MDF eshiklari va mebel ishlab chiqarishga mo‘ljallangan "UMARXON-FAYZ" xususiy korxonasiga 5 ta bo‘sh ish o‘rinlariga taklif qildi. Yakka tartibdagi tadbirkor Javohirjon Namozov Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasini yo‘lga qo‘yib, 3 ta ish o‘rni yaratish orqali yoshlar bandligini ta'minlashga o‘z hissasini qo‘shdi. Chiroqchi, G‘uzor tumanlarida “Yoshlar mehnat guzari” hamda tumanlar imtiyozli kredit asosida tadbirkorligini boshlagan 12 nafar yosh tadbirkorlar tomonidan 137 nafar yoshlarning bandligi ta'minlanib, Koson tumani Bolalar musiqa va san'at maktabida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 24 nafar yosh ishga joylashdi.

Yoshlarga ijtimoiy psixologik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan Qarshi tumanida 70 nafar notinch oilalar, jinoyatchilikka moyil hamda ruhiy tushkunlikka tushgan bolalar bilan individual ish olib borildi. Natijada 5 nafar profilaktik hisobda turgan bolalarni hisobdan chiqarish bo‘yicha tavsiya berishga, 3 ta ajrashish arafasidagi yosh oilalarni yarashtirishga erishildi. 

Qarshi shahrida 47 ta xonadonga mo‘ljallangan yosh, ijtimoiy faol, jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shib kelayotgan yosh oilalar uchun “Yoshlar uyi” tantanali ravishda topshirildi.   Shuningdek, “Yoshlar bilan ochiq muloqot”da Qarshi shahar hokimi Jamshid Fozilov  230 nafar  shahar yoshlari bilan ochiq suhbat qurdi.

Shahrisabz tumani FHDYo bo‘limida “Mustahkam oila siri” yosh oilalar forumi tashkil etildi va uning doirasida oila qurish arafasida bo‘lgan yoshlar uchun o‘quv-seminarlar o‘tkazildi. 

Chiroqchi tumanida “Mening dalam – mening faxrim” shiori ostida fermerlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudyasi Lutfilla Mahmarajabov Chiroqchi transport kollejida “Sud va yoshlar” mavzusida yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.  

Qarshi davlat universitetida “Turkman-o‘zbek do‘stligi abadiydir” mavzusida ikki millat vakillarining madaniy uchrashuvi,  Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida Innovatsion ixtirochilar ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi. Amir Temur ekspeditsiyasi rahbari Faxriddinxo‘ja Ashrafxo‘jayev tomonidan Amir Temur nomidagi “Ajdodlar merosini o‘rganish” ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi.

Ko‘proq yangiliklar: