30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, IT-texnologiyalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va ularning milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazadi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi aloqa va axborotlashtirish sohasidagi davlat organlari, tashkilotlari va korxonalari, operatorlar va provayderlar ishtirok etadilar.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining internet tarmog‘iga chiqish narxlarini pasaytirish, shuningdek ulanish tezligini oshirish va 2020 yilga kelib MDH davlatlari darajasigacha ko‘tarishga oid topshiriqlarini bajarish bo‘yicha «O‘zbektelekom» AK hisoboti taqdim etiladi.
Kompaniya xabariga ko‘ra, o‘tgan 10 oy mobaynida «O‘zbektelekom» AKda zarur bo‘lgan yaxshilanishlar tizimli tahlil qilindi, kerakli qurilmalar sotib olindi, dastur-jadval ishlab chiqilib, tashqi kanal o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish va operatorlar, provayderlar va oxirgi foydalanuvchilar uchun Internetga chiqish tezligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Bildirilishicha, anjuman aloqa va axborotlashtirish sohasidagi davlat organlari, tashkilotlari va korxonalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi operatorlari va provayderlari o‘rtasida AKT sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Kompaniya tomonidan telegram-bot ishga tushirildi, bu yerda Kompaniyaga bajargan ishlar haqida har qanday savol berish mumkin. Eng yaxshi savollar mualliflari tadbirga taklif etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 dekabrdan O‘zbekistonda internet tezligi 10 barobarga oshishi va'da qilingandi.