Business Insider tahlilchisi Deyv Smit mobil qurilmalar bozorini tahlil qilib, o‘z qarashidan kelib chiqib, yakunlanib borayotgan 2018 yilning eng yaxshi smartfonlari beshtaligini tuzdi. Deyvning aytishicha, 2018 yilda ishlab chiqaruvchilar o‘z smartfonlari uchun narx belgilashda bungacha amal qilgan eng yuqori narx chegarasi – ming dollardan “o‘zib ketishdi”. Bu esa smartfonlarning jozibadorligiga ta'sir qilgan. Shu sababli Smit o‘z narxini oqlaydigan eng yaxshi smartfonlar reytingini tuzishga qaror qildi.
Reytingning 5-o‘rnini hamyonbop Motorola Moto G6 smartfoni egalladi. Ushbu smartfon ro‘yxatdagi eng arzon qurilma bo‘lib, 250 dollar turadi. Biroq smartfon bu narxni to‘liq oqlaydi: u 5,7 dyuymli ekran va ajoyib kameraga ega.
Tahlilchi 4-o‘ringa LG G7 ThinQ smartfonini qo‘ydi. Uning fikricha, smartfon ajoyib kameraga, zamonaviy protsessor va simsiz quvvatlagichga ega. Bundan tashqari, ushbu smartfon iPhone X’ga o‘xshaydi, ammo uch marta arzonroq turadi. “Unda ko‘proq to‘lashga ne hojat”, deb xulosa chiqargan tahlilchi.
3-o‘ringa Samsung Galaxy S9 qo‘yildi. Smartfon ajoyib displey, a'lo darajadagi kamera va esda qoluvchi ko‘rinishga ega. Smit qurilmaning yurak ritmi datchigiga egaligi va o‘z egasining sog‘lig‘i haqida qayg‘urishiga ham e'tibor qaratgan.
2-o‘rinni Samsung Galaxy Note 9 egalladi. Bu smartfon qimmatligi uchungina reyting yetakchisi bo‘la olmagan. Smit fabletning bozordagi eng yaxshi ekranga, kontentni yaratish va qo‘llashdagi yuqori imkoniyatlarga hamda bugungi kunda smartfonlarda tobora uchratish qiyin bo‘lib borayotgan 3,5 mmlik raz'yomga egaligini alohida ta'kidlab o‘tgan.
Reytingga esa ko‘pchilik kutgan bo‘lishi mumkindek, iPhone XS yetakchilik qilmayapti. Tahlilchining fikricha, ushbu qurilma asossiz ravishda qimmat turadi. 1-o‘rin esa OnePlus 6’ga berildi. Xaridor 580 dollarga ajoyib kamera, tezkor quvvatlagich, katta hajmdagi xotira va eng zamonaviy protsessorga ega qurilma oladi. “Bu pulga bundan yaxshiroq qurilma sotib ololmasligingiz kafolatlangan”, deb xulosa qilgan tahlilchi.