«Bir kunda 600 ming dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotdim». Toshkentda tadbirkor qurayotgan uylar buzib tashlandi

Jamiyat 18:23 / 23.11.2018 147622

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda yosh tadbirkorning prezident va xalqqa murojaati yo‘llangan videotasvir tarqalgandi. Unda joriy yilning 4 noyabr kuni tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayev tomonidan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani «Avayxon» mahallasi hududida qurilayotgan 3 qavatli turar-joy binosi shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev nazoratida buzib tashlangani aytilgandi. Mazkur holat yuzasidan KUN.UZ tahririyati jurnalistlik surishtiruv o‘tkazdi.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish

Hududga borib, buzilayotgan binoni ko‘zdan kechirdik. Bu vaqtda hudud deyarli tep-tekis edi. Biroq tozalash ishlari avjida ekan. Avvaliga o‘sha yerdagi buzish ishlariga mas'ul bo‘lgan mansabdor shaxslardan biri, Toshkent shahar IIBB Yong‘in Xavfsizligi Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Po‘latovga yuzlandik.

«Mazkur bino yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda qurilayotgan bo‘lgan. Uylar orasidagi masofa talabga ko‘ra 6 metrni tashkil etishi kerak. Lekin talablar bajarilmagan. Mabodo favqulodda holatlar bo‘lib, fuqarolar va ularning buyumlari evakuatsiya qilinishi kerak bo‘lsa, bu yerga birorta texnika kira olmaydi. Bu o‘z navbatida katta zarar olib kelishi mumkin.

Uylarning ichidagi havo aylanishiga xizmat qiluvchi trubalar ham rejada ko‘rsatilganidek emas. Bundan tashqari, 1900 metr kvadrat maydonga uy solishi ko‘rsatilgan. Lekin tadbirkor qo‘shimchasiga 600 metr kvadrat maydonga noqonuniy qurilma qilgan.

Loyihalashtiruvchi tashkilot hujjatlarda xususiy uy sifatida rasmiylashtirilgani sabab binoni qabul qilish jarayonida davlat qabul komissiyasi qatnashmagan. Faqatgina xaridor bilan shartnoma qilinib hujjat tegishli tashkilotlardan rasmiylashtirilgan», - deydi Baxtiyor Po‘latov.

Baxtiyor Po‘latov

Shundan keyin Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi Elbek Qo‘chqorov bilan ham suhbatlashdik.

«Xabaringiz bo‘lsa, Toshkent shahrida yaqinda 7 kishi is gazidan vafot etdi. Ushbu holat yuzasidan komissiya tuzilib, tekshirish ishlari olib borildi. Xulosaga ko‘ra, ushbu firma tomonidan qurilgan va qurilayotgan binolar belgilangan qurilish standartlariga javob bermaydi. Gaz uskunalari noto‘g‘ri qo‘yilgan, gaz trubalari hujjatlarda ko‘rsatilgan talablarga javob bermaydi.

Kamiga xususiy uy quraman deb olingan maydonga ko‘p qavatli sotiladigan uylar qurilgan», - dedi boshqarma xodimi.

Mahalla faollaridan biri bo‘lgan Gulchehra Nazarmuhammedova ushbu holatni oddiy fuqaro sifatida 100 foiz qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Yaqin atrofda yashovchi insonlar ham bu holatga ijobiy fikr bildirishdi.

Gulchehra Nazarmuhammedova

Keyin Mirzo Ulug‘bek tuman bosh arxitektoriga yuzlandik. Uning aytishicha, hujjatlarga ko‘ra yakka tartibdagi turarjoy qurilishi kerak bo‘lgan. Uylar ko‘p qavatli turarjoy sifatida qurilgan. Bu holatni o‘sha vaqtda aniqladik. Tuman hokimiga dalolatnoma tuzib kiritilgan. Tegishli hujjatlar sud organiga berilgan. Hozirda jarayonlar davom etmoqda.

«Buzib tashlangan binolar shaharsozlik norma-qoidalariga javob bermaydi. Binolar tasdiqlangan loyiha asosida qurilganida edi, hozirgi salbiy oqibatlar yuzaga kelmasdi. Uylar orasidagi masofalar ham hisobga olinmagan», - deb vaziyatni tushuntirdi bosh arxitektor Murodil Jamolov.

Shundan so‘ng, Mirzo Ulug‘bek tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i Gavhar Mansurova bu borada o‘z fikrlarini bildirdi.

Gavhar Mansurova

«Hujjatlarda ushbu mulk ko‘p qavatli uy deb belgilangan. Obektni shartnoma asosida boshqa shaxslarga bir qismini notarius orqali mulk qilib sotishi mumkin. Oldi-sotdi shartnomasi asosida. Har bir xonadonning kadastr hujjatlari joyida. Qonunan amalga oshirilgan. Boshqa holatlarga men javob bermayman», - dedi Gavhar Mansurova.

Tegishli tashkilotlar vakillaridan izoh olgach, binolari buzib tashlangan tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayev bilan suhbat olib bordik. Ikkinchi taraf sifatida tadbirkor o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Loyihani ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, boshida Mirzo Ulug‘bek tuman bosh arxitektori M.Jamolov qo‘l qo‘yib tasdiqlagandi. Keyin shahar hokimi kelib «loyihadagi markazda ko‘rsatilgan yo‘lakni ochib, xavfsizlik texnikasi qoidalariga javob beradigan qilib quringlar, men tadbirkorlar tomondaman», deb ko‘rsatma berib ketdi. Biz topshiriqni bajarishga kirishdik. Ertalabgacha ulgurmadik. Ertasiga hokim bosh vazirimiz bilan keldi va qurilayotgan binolarimiz og‘zaki topshiriq bilan buzib tashlandi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, «O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da'vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim» deyilgan.

Nega men qurayotgan binolar sudning qarorisiz buzib tashlandi? Men tushunmadim. Shu vaqtgacha birorta davlat tashkilotlaridan kelib sizlarda shunday kamchiliklar bo‘lyapti deb tushuntirish ham bermagan.

Biz quradigan binolar boshqa uylar narxidan keskin farq qiladi. 1 xonali uyimizning narxi 110-115 million so‘mga boradi. Boshqa qurilayotgan uylarning narxidan xabaringiz bor. 3-4 xonali uylar narxi deyarli milliard so‘mga baholanmoqda. Toshkentda oylikka yashaydigan oilalar bunday uylardan umuman sotib ololmaydi. Toshkentda 3 million oylik olib ishlaydigan inson bizning uylardan bemalol kreditga olib yashasa bo‘ladi. Hamma sharoiti bor. Toshkentda uylar faqat boylar uchun qurilmasligi kerak. O‘rtahol oila ko‘pchilikni tashkil qiladi. Biz shunday toifa oilalar uchun uy qurib kelayotgan edik.

Bir-ikkita xatolarimiz bor. Ish bor joyda kamchilik bo‘ladi. Shuni tushuntirsa biz to‘g‘rilaymiz. Davlat yosh tadbirkorga yordam berishi kerak emasmi?! Bir necha bor hokimiyat va ichki ishlar vakillari topshirgan topshiriqlarni ham o‘z vaqtida bajardik. Imkon bersa buni ham to‘g‘rilar edik.

Endi buzib tashlashga asos sifatida yaqinda Toshkent shahrida is gazidan vafot etganlarni ko‘rsatishmoqda. O‘sha uyning mulkdorlari biz qo‘ygan havo aylanishiga xizmat qiluvchi trubalarni tegishli tashkilotdan ruxsat so‘ramay boshqasiga alishtirgan. U erigan va ichi yopilgan. Gaz hidi uncha bilinmaganiga sabab, ichkarida to‘planib qolgan. Natijada uydagilar undan zaharlanib vafot etishgan.

«Endi senga bir hafta muddat. Qurgan uylaringda yashovchilarga pulini ber va uylarni bo‘shat. Buzamiz» deyishmoqda. Mingga yaqin insonni qayerga ko‘chiraman? Ularga mablag‘ni qayerdan olaman? 600 ming dollardan ortiq mablag‘im yo‘q bo‘lib ketdi. Dodimni kimga aytay?

Men ochiq aytaman, qurayotgan uylarimdan 1 barobar miqdorda foyda qilaman. Uni keyin firma rahbarlari bilan bo‘lishaman. 3-4 barobar foyda olmaganman. Niyat ham qilmayman. Oz bo‘lsa ham barakasini bersin deganman.

Fikrimcha, bosh vazirga ham, shahar hokimiga ham qo‘l ostidagilar tomonidan ma'lumotlar noto‘g‘ri yetkazilgan. Ular aslida yaxshi inson. Doim qo‘llab kelishgan.

Umid qilamanki, masalaga tez orada oydinlik kiritiladi. Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevdan ham yordam so‘rayman. Iltimos menga yordam bering! Men 28 yoshli tadbirkor pulsiz qoldim. Nima qilishga ham hayronman. Menga imkon berilsa, albatta davlatga bundan ham katta foydali ishlar qilish qo‘limdan keladi. Chet eldan investorlarni ham jalb qila olaman», - deya bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib berdi tadbirkor.

Xabarlarga ko‘ra, 28 yashar tadbirkorning yaqinda buzib yuborilgan imorati qurilishida «prorab» bo‘lib ishlaydigan Abror Sayfuddinov va Shuhrat Ahmedov Mirzo Ulug‘bek tuman IIB vaqtinchalik tergov izolyatorida 13 noyabr kuni 1 kun ushlab turilgan va qo‘yib yuborilgan. Asos sifatida qanday sabab  ko‘rsatilgan hozircha noma'lum.

KUN.UZ voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Zafarbek Solijonov maxsus muxbir,
Sherzod Egamberdiyev operator

Ko‘proq yangiliklar: