Xitoy “Chanchjen-3B” raketasini 2 ta Beidou-3 navigatsiya sun'iy yo‘ldoshi bilan fazoga uchirib, o‘zining global navigatsiya tarmog‘i Beidou tizimini yaratishni yakunladi. Bu haqda Xitoyning aerokosmik fan va texnika korporatsiyasi (CASC) ma'lum qildi.
Raketa 19 noyabrda mahalliy vaqt bilan soat 2.07da Sichan kosmodromidan uchirilgan. Sun'iy yo‘ldoshlar 3 soatdan keyin belgilangan orbitaga chiqqan. Ular Beidou-3 seriyasidagi avvalroq uchirilgan 17 ta sun'iy yo‘ldosh bilan birga ishlaydi. Ushbu sun'iy yo‘ldoshlar tizimning 42- va 43-sun'iy yo‘ldoshi bo‘ldi.
“Xitoy o‘z oldiga qo‘ygan global navigatsiya tizimini yaratish vazifasini muvaffaqiyatli bajardi. Bu Beidou’ning ichki tizimdan xalqaroga o‘tishidagi muhim qadam bo‘ldi. Yil oxirigacha tizim ishlay boshlaydi va “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasi davlatlari va hududlariga navigatsiya xizmatlarini taqdim qila boshlaydi”, deyilgan xabarda.
Beidou AQShning GPS va Rossiyaning GLONASS tizimlariga raqobatchi hisoblanadi. Tizim 2020 yilgacha butun dunyo bo‘ylab navigatsiya xizmatlarini ko‘rsata boshlashi rejalashtirilgan.