Turizm bo‘yicha I Xalqaro investitsiya forumi doirasida investitsion loyihalar uchun yer uchastkalari ajratishga doir alohida tartib o‘rnatiladi

O‘zbekiston 23:37 / 15.11.2018 3268

Turizm sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va qulay sarmoyaviy muhitni yaratish, investorlarning mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, shuningdek davlat tuzilmalarining investorlar bilan ishlashga doir mas'uliyatini oshirish maqsadida 15 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining 931-sonli qarori imzolandi.

“2018 yilning 19-21 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan turizm sohasiga oid birinchi Xalqaro investitsion forumni samarali o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining Forum davrida istisno sifatida investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalari ajratishga doir alohida tartib o‘rnatilishiga oid taklifi qabul qilindi.

Alohida tartib quyidagilarni ko‘zda tutadi:

  • Investorga aniq investitsion majburiyatlar asosida, elektron kimoshdi savdosi o‘tkazilmagan holda turistik infratuzilma obekti qurilishi uchun yer uchastkasini ajratish;
  • Joylardagi davlat boshqaruv organi rahbari va investor o‘rtasida mavjud shart-sharoitlar asosida kelishuvga erishilgan taqdirda, loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi investitsion bitimni imzolash;
  • Investor tomonidan 15 ishchi kuni davomida O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida investitsion kelishuv summasining 25 foiz miqdoridagi pul vositasini depozitga qo‘yish yoki 5 foizi miqdorida majburiyatlarni bajarish kafolatini (performance bond) taqdim etish sharti bilan investitsion hujjatni imzolash.
  • Investor tomonidan pul vositalari kiritilgan yoki moliyaviy majburiyatlar ijro etilishiga oid kafolat berilgan kundan e'tiboran besh kun muddat ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari investitsion loyihani amalga oshirish uchun yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilishlari kerak bo‘ladi.

Shuningdek, hujjatga muvofiq, joylardagi boshqaruv organlari vakillari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda investitsion bitimlar tuzilganidan keyin uch oy muddat ichida sarmoyadorlar bilan hamkorlikda investitsion loyihalarni amalga oshirishga oid tarmoq grafiklarini ishlab chiqishlari, tasdiqlashlari va Vazirlar Mahkamasiga kiritishlari lozim. Bundan tashqari, ularga investitsion loyihalar belgilangan muddatda amalga oshirilishida sarmoyadorlarga amaliy ko‘mak berish va monitoring bilan ta'minlash vazifasi  topshirildi.

Mazkur qaror ijrosi nazorati O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi A.J.Ramatov, Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Holmurodov hamda Bosh vazir o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklatildi.

Ko‘proq yangiliklar: