Bugunga kelib innovatsion servislarni rivojlantirib, bozorga chiqayotgan IT-gigantlar 1 trillion dollarlik kapitalizatsiyaga erishish imkoniga ega. Ma'lumotlar yo‘qolishi bilan bog‘liq mojarolarga aralashgan emitentlar esa ortda qolmoqda. Forbes jurnali shu haqidagi qiziq maqolasi bilan bo‘lishdi.
2018 yilning avgustida Apple 1 trillion dollar kapitalizatsiyaga erishgan birinchi ommaviy kompaniya sifatida e'tirof etildi. Uning eng yaqin raqibi, Amazon onlayn-gipermarketi esa o‘sha vaqt bu ko‘rsatkichga erishishiga 1 foiz qolgandi, biroq uchinchi chorak hisobotidan keyin o‘rtadagi farq oshdi. Yuqori texnologiyalar sektoridagi qolgan gigant kompaniyalar — Microsoft, Alphabet (Google egasi), Facebook va Alibaba esa bu ko‘rsatkichdan yanada uzoqda. Nomi qayd etilgan har bir kompaniya kapitalizatsiya cho‘qqisiga erishishda o‘ziga xos yo‘lni bosib o‘tgan. IT-korporatsiyalar qanday qilib o‘z trillioniga erishmoqda?
Oltin «olma»
Hozir Apple kapitalizatsiyasi 1 trillion dollardan pastladi, ammo bu vaqtincha. Hoynahoy tez orada qog‘ozlar kotirovkasi bir aksiya uchun 115-120 dollar diapazoniga qaytadi. Bu ishonch nima bilan asoslanadi? Kotirovkalar o‘sishi uchun asosiy drayver sifatida biznes segmenti - kompaniyalar va ularning mahsulotlari xizmat qiladi. Apple’da bular uchta — iPhone, qurilmalar uchun servislar va Apple Watch. iPhone bozori o‘z iqtisodiy siklining avjida. Oxirgi bir necha yilda yangi smartfonlar sotuvlari pasaydi, lekin kompaniya o‘z mobil qurilmalari narxini oshirish hisobiga salbiy ta'sirlarni qoplashning uddasidan chiqdi.
Apple servislari — yangi yo‘nalish, u kompaniyalarga sotilgan gadjyetlardan pul ishlash imkonini beradi. iCloud, Apple Music, Apple Pay, AppStore kabilar shular jumlasidandir. Mijozlar Apple texnikasidan qanchalik ko‘p foydalansa, ular shuncha ko‘p ma'lumot to‘playdi. Shu tariqa, iCloud bulut tizimi sekin-asta to‘lgani sayin foydalanuvchilar uni kengaytirish uchun yana oylik obunani xarid qilishiga to‘g‘ri keladi.
Apple Music musiqiy platformasi Spotify uchun jiddiy raqibga aylandi va tez orada u pulli foydalanuvchilar soni bo‘yicha Spotify’ni ortda qoldiradi. Spotify kapitalizatsiyasidan kelib chiqib, Apple Music’ni hozir 35 milliard dollarga baholash mumkin.
Apple Pay — tobora ko‘proq tranzaksiyalar smartfonlar orqali o‘tkazilayotgan naqdsiz iqtisodiyotga o‘tish sharoitlarida kompaniyalar daromadi o‘sishi uchun eng kuchli drayverlardan biri. Forbes baholariga ko‘ra, terminallar orqali to‘lovlarni amalga oshirish Apple’ga taxminan har bir operatsiyadan 0,03-0,05 foiz keltiradi, internet orqali xaridlar esa 0,15 foizli daromad bilan ta'minlaydi. Servislar asosan shu segment tufayli 2025 yilga borib nafaqat kompaniya daromadining asosiy manbai bo‘lib xizmat qiladi, balki uning marginalligini ham 25-30 foizga oshiradi.
Apple Watch «aqlli» soatlari korporatsiyaning tibbiy qurilmalar bozoriga chiqishini ta'minlaydi. Gadjyetlarning oxirgi modelida EKG qilish mumkin. Keyinchalik ushbu qurilmaning diagnostik funksiyalari yanada kengayadi.
Ehtimol, Apple Watch yordamida qon tahlillari va fiziologik suyuqliklar bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni o‘tkazish va shu tariqa diabet, onkologiya, buyrakdagi yetishmovchilik kabi kasalliklar belgilarini aniqlash imkoni paydo bo‘lar. Kelgusida Apple umumiy daromadida bu yo‘nalish hissasi oshishi va korporatsiya daromad manbalari ro‘yxatida uchinchi yoki to‘rtinchi o‘rinni egallashi mumkin.
Bo‘lg‘usi qirollar
Amazon, Microsoft va Alphabet — trillion dollarlik cho‘qqini zabt etish uchun navbatdagi nomzodlar. Uch kompaniya ham Amazon Web Services, Azura va Google Cloud orqali bulut texnologiyalar segmentida faol rivojlanmoqda.
2018 yilda dunyodagi bulut biznesi hajmi 75 milliard dollarga baholanmoqda. Bu bozorning 33 foizi – AWS, 18 foizi – Microsoft Azure va taxminan 10 foizi Google Cloud’ga tegishli. Mazkur segment 150 milliard dollar ko‘rsatkichiga yetish uchun 2020 yilgacha yiliga 40 foizdan qo‘shib boradi.
Amazon chakana biznesi yangi bozorlarga chiqish nuqtai nazaridan istiqbolli bo‘lib qolmoqda. So‘nggi ikki yilning o‘zida kompaniya eng katta sog‘lom oziqlanish do‘konlaridan biri hisoblangan Whole Foods va eng yirik onlayn-dorixona PillPack’ni xarid qildi. Ikki biznes ham kompaniyaga milliardlar keltirmoqda, biroq Amazon ko‘lamining intensiv kengayishi hisobiga ularning hissasi ikki va hatto uch baravarga oshishi mumkin.
Bu fonda Microsoft va Google ko‘rsatkichlari biroz orqada, zero ularning biznesi sekinroq rivojlanadi, ammo ularning o‘ziga yarasha o‘sish drayverlari bor. Microsoft uchun bu eng avvalo frilanser va biznes uchun onlayn-xizmatlardir, oylik obuna orqali bu xizmatlardan foydalanish mumkin. Iqtisodiyotning internet maydonga o‘tishiga qarab bu yo‘nalishlar barqaror rivojlanib boradi.
Alphabet’da vaziyat biroz boshqacha. Kompaniya reklama daromadining o‘sishi sekinlashadi, keyin esa umuman to‘xtaydi, zero Google’da reklama joylash uchun yangi platformalar paydo bo‘layotgani yo‘q. Internet-gigant foydalanuvchilarni jalb qilishga ko‘proq mablag‘ sarflay boshladi. Moliyaviy ko‘rsatkichlarni oshirish uchun Google Bets servisi kuchli drayver bo‘lib xizmat qilishi mumkin, kompaniya unga millionlab dollar sarflamoqda.
Alphabet rivojlantirayotgan yana ikki startap — Waymo va Deep Mind’ni unutmaslik kerak. Waymo mustaqil boshqariluvchi avtomobillar uchun texnologiyalar ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, unga tegishli mashinalar haydovchisiz 20 million mil yo‘lni bosib o‘tgan. Waymo bu texnologiyani obuna bo‘yicha sotish va barcha avtomobillarni o‘z dasturiy ta'minoti bilan jihozlash imkonini qo‘lga kiritsa, bu Alphabet’ga reklamadan ko‘p pul keltiradi. To‘liq mustaqil boshqaruvli avtomobillar sinovlari muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, salohiyatli spin-off Waymo’ni 100-200 milliard dollarga baholashi mumkin.
Sun'iy intellekt ishlab chiqishda misli ko‘rilmagan cho‘qqilarni zabt etgan Deep Mind’da ham shunday vaziyat. Aynan u eng yaxshi go (mantiqiy stol o‘yini) o‘yinchisini mag‘lub qilgan dasturni ishlab chiqqan. Ekspertlar kompyuter 2020 yilgacha insonni mag‘lub qila olmaydi, deb hisoblashar edi, biroq Deep Mind bu ishni 2017 yilda amalga oshirishning uddasidan chiqdi. Alphabet giganti serverlarni sovutishga doir xarajatlarni kamaytirish uchun Deep Mind algoritmlarini qo‘llamoqda, kompaniyaning tibbiy diagnostikadagi ishlanmalaridan foydalanilmoqda. Sun'iy intellekt imkoniyatlari cheksiz va Alphabet aynan shunga umid qilmoqda.
Amazon katta ehtimol bilan yaqin to‘qqiz oy ichida 1 trillion dollarlik ko‘rsatkichga erishishi mumkin, Microsoft va Alphabet’ga esa buning uchun bir yarim yil atrofida vaqt kerak bo‘ladi.
Katta autsayderlar
Facebook ijtimoiy tarmog‘i va Alibaba onlayn-riteylerida esa yaqin 1,5-2 yil ichida kapitalizatsiyani 1 trillion dollarga yetkazish imkoni kam. Biznes-model nuqtai nazaridan Google bilan o‘xshash bo‘lsa-da, Facebook foydalanuvchilar ma'lumotlari yo‘qolish asoratlaridan jabrlanmoqda. Davlatlar bu yo‘nalishdagi nazoratni kuchaytiradi, bu esa ijtimoiy tarmoq rivojlanishini sekinlashtiradi.
Alibaba — Amazon’ning Xitoydagi muqobili, biroq XXR yalpi ichki mahsuloti o‘sish suratlarining pasayishi va AQSh bilan savdo urushi natijasida kompaniya salohiyati ancha cheklandi. Uy bozori ixchamlashuvi va bulut texnologiyalarining rivojlanishi kabi kuchli o‘sish drayverlarining mavjudligi investorlarning Alibaba aksiyalariga bo‘lgan barqaror qiziqishini kafolatlamaydi, zero Xitoy iqtisodiyoti katta tavakkal ostida.
Shunday qilib, bugunga kelib 1 trillion dollar ko‘rsatkichga erishish uchun ikki kuchli nomzod mavjud — Apple va Amazon. Investorlar kutilmaganda o‘z moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan ajablantirishi mumkin bo‘lgan Microsoft va Alphabet’ni ham kuzatishlari kerak, lekin ularga biroz vaqt kerak.
Qanday bo‘lmasin, yuqorida nomlari keltirilgan barcha kompaniyalar nafaqat investitsion g‘oyalari bilan qiziq, ularning ishlanmalari, texnologiyalari, xizmatlari va mahsulotlari butun dunyo odamlarining hayotini tubdan o‘zgartirmoqda.