AQShning Boeing Co samolyotsozlik konserni yangi modeldagi Boeing-737 MAX’ samolyotlarining tumshug‘i bilan sho‘ng‘ishiga olib keluvchi, boshqaruv tizimidagi yangi funksiya bilan bog‘liq xatarlar haqidagi axborotni yashirgan. Bu haqda mutaxassislar fikrlariga iqtibos keltirgan holda The Wall Street Journal nashri ma'lum qildi.
Gap shundaki, Boeing-737 MAX 8 va MAX 9 modelidagi yangi samolyotlar uchuvchilarga samolyot tumshug‘ining xavfli sho‘ng‘ishidan qochishga yordam beruvchi tizim bilan jihozlangan. Biroq tizim ko‘zda tutilmagan vaziyatlarda samolyot tumshug‘ini shunchalik kuchli tushirishi mumkin bo‘lganki, bort kompyuterining vaziyatga aralashishidan bexabar uchuvchilar samolyotni to‘g‘rilay olishmagan va samolyot hattoki qo‘l boshqaruvida ham sho‘ng‘ishga ketgan.
Ko‘pchilik uchuvchilarga bunday tizimning borligi “syurpriz” bo‘ldi. Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning aytishicha, Boeing yangi funksiya haqida aviakompaniyalar va uchuvchilarga xabar bermagan va natijada ular ehtimoliy xatarlarga tayyorlanish imkoniga ega bo‘lishmagan.
“Kompaniya tomonidan samolyotlarga bunday tizim o‘rnatilib, bu haqda ushbu samolyotlarni boshqaruvchi uchuvchilarga aytmaslik ahmoqlik bo‘lgan. Nima uchun ular yangi funksiyaga o‘rgatilmaganlar?”, deb ta'kidlab o‘tgan Allied Pilots Association uyushmasining xavfsizlik bo‘yicha komissiyasi raisi Mayk Mayklz.
AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasidagi vaziyatdan xabardor manbaning aytishicha, samolyotlarning boshqaruv tizimidagi yangi funksiya o‘quv materiallarida tilga olinmagan hamda aviatashuvchilar va regulyatorlar bilan muhokama qilinmagan.
Yangi tizim bilan bog‘liq muammo borligi Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasiga qarashli Boeing-737 MAX-8 samolyoti halokati tergovi davomida aniqlangan. Samolyot havoga ko‘tarilgandan sanoqli daqiqalar o‘tib dengizga qulagan va cho‘kib ketgan.
Shundan keyin Boeing kompaniyasi Boeing 737 MAX’ning yangi modellaridan foydalanuvchi kompaniyalarga samolyotlar xato ko‘rsatkichlar sababli tumshug‘i bilan sho‘ng‘ishi mumkinligi haqida ogohlantirish yuborishi ma'lum qilingan.