Hyundai Auto Kazakhstan O‘zbekistonda yengil texnika distribyutoriga aylandi. Bu haqda Qozog‘istonning «Kursiv» nashriga bergan intervyusida kompaniya direktori Denis Kolomatskiy xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya hozirgi kunda ichki sertifikatlashni yakunlamoqda, avtomobillar olib kirmoqda, birinchi dilerlik markazini ro‘yxatdan o‘tkazmoqda va yangi yildan to‘laqonli ish boshlashni rejalashtirmoqda.
Kompaniya O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchi emas, balki distribyutor bo‘lishi sababli dastlabki bosqichda Qozog‘istonda yig‘ilgan avtomobillar sotilmaydi, ammo bu borada muzokaralar davom etyapti.
«O‘zbekiston Respublikasida siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar boshlangani tufayli, u yerga eng yirik kompaniyalar kirib kelmoqda. Hyundai Motor Company ham ushbu yangi va istiqbolli bozorga kirish istagini bildirdi va Astana Motors’ga mintaqaviy distribyutor bo‘lishni taklif qildi. Biz ham ushbu mintaqada salohiyatni ko‘ryapmiz va Hyundai Motor Company taklifini mamnuniyat bilan qabul qildik», - dedi Kolomatskiy.
Shuningdek, uning ta'kidlashicha, O‘zbekiston aholisi Qozog‘istondan ikki barobar ko‘p bo‘lib, avtomobil bozori uzoq vaqt davomida atigi bir necha modellarda taqdim etilgan. Boshlanishiga qariyb 1000 dona avtomobilni sotish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda pullik magistral yo‘llar qurilishi xabar qilingandi.