189 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Indoneziyadagi Boeing 737 MAX 8 samolyotining qulashi yangi avloddagi Boeing samolyotlari ichida birinchisi bo‘ldi. Turli versiyalardagi MAX samolyotlari endi-endi aviakompaniyalarga yetkazib berilmoqda.
Mahalliy hokimiyat vakillarining ma'lum qilishlaricha, Lion Air aviakompaniyasiga tegishli layner Jakarta aeroportidan Pankalpinang tomon qilgan parvozidan 13 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qolgan. Bungacha samolyot ekipaji aeroportga qaytish uchun ruxsat so‘ragan.
Lion Air Group bosh direktori Edvard Siraitning Reuters’ga bildirishicha, ushbu laynerda texnik muammolar avval ham kuzatilgan: Balidan jakarta tomon uchganda ham nosozliklar ko‘zga tashlangan. Sirait barcha nosozliklar o‘shanda bartaraf etilganini aytib o‘tgan edi.
Sirait nosozlik aynan nimada namoyon bo‘lganiga aniqlik kiritmagan, biroq Lion Air’ning boshqa samolyotlarida bunday muammo yo‘qligini aytgan. Ayni paytda kompaniya 11 ta Boeing 737 MAX 8 samolyotlaridan foydalanmoqda, Lion Air ulardan voz kechmoqchi emas. Yava orollari sohiliga yaqin qulagan Boeing 737 MAX 8 shu yilning avgust oyidan buyon parvoz qilayotgan edi.
Lion Air — Indoneziyaning eng yirik (jami parvozlarning 45 foizi) hamda byudjyet aviakompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya ixtiyorida 118 ta samolyot bor. Shularning 11 tasi Boeing 737 MAX 8 samolyotlaridir. Kompaniya shu rusumdagi samolyotdan yana 90 ta buyurtma qilgan.
Indoneziya hukumati halokat sababini oshkor etmayapti. «Samolyot shu qadar zamonaviyki, u hamma ma'lumotni yuborishga ulgurgan, biz ularni sinchiklab o‘rganib chiqamiz. Lekin barchasiga oydinlik kiritadigan asosiy narsa — qora qutidir», — degan Indoneziya transport xavfsizligi qo‘mitasi rahbari Soryanto Tyaxyono.
Boeing 737 MAX — bu eng so‘nggi rusumdagi samolyotlarning yangi avlodi bo‘lib, texnik xarakteristikalari bo‘yicha 6 ming donadan ko‘proq ishlab chiqarilgan Next-Generation avlodidagi Boeing 737 samolyotlaridan ustunlik qiladi. MAX yoqilg‘ini kam sarflaydi (14 foizga), havo qarshiligini qisqartiradi, shuningdek, uning zararli tutun va shovqin chiqarish darajasi keskin pasaytirilgan.
Boeing 737 MAXʼning dastlabki parvozi 2016 yilning yanvarida o‘tkazilgan. 2017 yilning martida AQSh federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi (FAA) tijorat ekspluatatsiyasi uchun samolyotga sertifikat bergan, 2017 yilning mayidan dastlabki samolyotlar Malindo Air aviakompaniyasiga yetkazib berilgan. Bugungi kunda ishlab chiqarilgan yangi avloddagi samolyotlar soni ikki yuzga yaqinlashgan.
Umuman olganda, 1968 yildan buyon ishlab chiqarilgan turli avlod va turli rusumdagi Boeing 737 samolyotlarining soni 10 ming 300 taga yaqinlashgan. Boeing 737 jahondagi eng ommabop samolyot hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida Yer kurrasida bunday samolyotlarning 5 mingdan ziyodi osmonda bo‘ladi.
Boeing 737 — eng ko‘p aviahalokatga uchragan, eng ko‘p marta olib qochishga urinilgan samolyot hamdir. 2018 yilning oktabr holatiga ko‘ra 208 ta Boeing 737 samolyoti aviahalokatga uchragan va 5038 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.