Bugunga kelib internet insonlar hayotiga shunchalik singib ketganki, zamonaviy jamiyatni usiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. "Butunjahon o‘rgimchak to‘ri" yil sayin yangidan-yangi sohalarni qamrab olmoqda. Shunday ekan, Internet zamonamizning eng buyuk kashfiyotlari bilan bir qatorda turishga haqli.
Internet tarixi
Ma'lumotlarni tezkorlik bilan yetkazish qurilmasini yaratish haqida birinchi marta 1950-yillarda AQShda bosh qotirishgan. Biroq bunday qurilmaning qo‘llanilishi harbiy xatti-harakatlar qayd etilgan holatlarda axborot yetkazishda ustunlikka ega bo‘lish maqsadiga yo‘naltirilgan. Shu bois loyihani moliyalashtirish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari Mudofaa vazirligi mas'ul bo‘lgan.
ARPA (AQSh armiyasidagi yangi texnologiyalar uchun javob beruvchi agentlik)da paydo bo‘lgan g‘oyalardan biri tarmoqqa birlashtirilgan kompyuterlardan foydalanish bo‘ldi. G‘oya mohiyati shundan iborat ediki, bu tarmoq tugunlari maxsus ajratilgan inshootlarda bo‘lib, ulardan biri ishdan chiqqan taqdirda, qolgani avtonom ishlay olardi. Bu esa har qanday xabarni zudlik bilan tegishli manzilga yo‘llash imkonini berar edi.
AQShning to‘rt kompaniyasi loyihani amalga oshirishga kirishganidan so‘ng ARPA g‘oyasi qabul qilingan. Ular orasida Stenford tadqiqot markazi va uch universitet (Yuta, Kaliforniya shtatlaridagi Stenford universiteti va Kaliforniyadagi Los-Anjyeles universiteti) bor edi.
1961 yilda Leonard Kleyton tomonidan yaratilgan uslub ishlanmani hayotga tatbiq qilishga turtki berdi.
Sinovlarga 1969 yilning 29 oktabrida start berilgan. Ishlab chiqaruvchilar bir-biridan 640 km masofadagi ikki kompyuterni tanlashgan. Vazifa «LOGIN» so‘zini bir kompyuterdan boshqasiga yo‘llashdan iborat bo‘lgan. Ikkinchi urinishdayoq ijobiy natijaga erishilgan. Shu tariqa, Internet paydo bo‘lishining rasmiy sanasi 1969 yilning 29 oktabri hisoblanadi. Birinchi kompyuter tarmog‘i esa ishlab chiqaruvchilar sharafiga ARPANET deya nomlangan.
Mobil internet
Zamonamiz kishisi o‘z hayotini mobil internetsiz tasavvur qila olmasa kerak. Bu istagan vaqtda kerakli ma'lumot olishning eng oson va tezkor usulidir.
Ilk mobil internet 1998 yilda CSD-ulanish vositasida paydo bo‘lgan, lekin faqat 2000-yillardan keyingina tanila boshlagan. Bu CSD-ulanishning foydalanuvchiga juda qimmatga tushishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Keyinchalik mobil internetning yangi turi – WAP paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, foydalanuvchi faqat sarflagan trafigi uchungina pul to‘laydigan bo‘ldi. O‘shandan buyon mobil internet odamlar orasida keng tarqalib, ommalasha boshladi.
Undan keyin GPRS va EDGE-ulanish turlari paydo bo‘ldi. Bular mobil chatlarda muloqot qilish imkoni tufayli foydalanuvchilarning e'tirofiga sazovor bo‘ldi.
Bugunga kelib, 3G va 4G ulanish turlari eng mashhur hisoblanadi. 4G ulanish tezligi bo‘yicha yutadi, 3G esa hududiy tarqalish ko‘rsatkichlariga ko‘ra yetakchilik qiladi. Kelgusida takomillashtirilgan 5G internetning tatbiq qilinishi rejalashtirilmoqda.
Ilk elektron xabar
Birinchi elektron xabar dasturchi va elektron pochta ishlab chiqaruvchisi Rey Tomplinson tomonidan tuzilgan. U ARPANET dasturchisi bo‘lgan va e-mail orqali ma'lumot yetkazish serverini ishlab chiqqan. 1971 yilda dunyodagi birinchi elektron xabar yo‘llangan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, elektron pochta interfeysida katta o‘zgarishlar kuzatilmagan va u o‘zining asosiy vazifasini bajarishda davom etmoqda. Faqat elektron pochta funksionali kengaygan, masalan, matnli xabarga fayllarni biriktirish funksiyasi paydo bo‘lgan.
Birinchi sayt
Dunyodagi eng birinchi sayt 1991 yilning 6 avgustida paydo bo‘lgan, u Tom Berners-Li tomonidan ishlab chiqilgan. Sayt axborot matnli veb-sahifa ko‘rinishida bo‘lib, unda grafiklar bo‘lmagan.
Biroq bu veb-sahifa tufayli 90-yillar interfeysi bilan tanishish hamda saytlarning ichki va tashqi mazmunida erishilgan o‘zgarishlarni sezish imkoni paydo bo‘ldi.
Qiziq dalillar
Jahon miqyosida internet rivojlanishi davomida qayd etilgan ba'zi qiziq dalillar:
- Birinchi "smaylik" (smile - tabassum) 30 yildan ilgari paydo bo‘lgan. Uning yaratuvchisi sifatida Skott Falman e'tirof etiladi, "smaylik"ning o‘zi esa kayfiyatni ifodalovchi mashhur ramzlardan biri hisoblanadi.
- YouTube kanalida har daqiqada 100 soat davomiylikka ega yangi materiallar joylanadi.
- Internetda «spam» so‘zi tez-tez qo‘llanadi. Bu so‘zning kelib chiqishi qiziq. Spam – jonga teguvchi va tinimsiz reklama hisobiga mashhurlikka erishgan go‘sht konservalari nomi.
- Ilk veb-kameraning paydo bo‘lishi Kembrij universiteti bilan bog‘lanadi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, veb-kamera dastlab qahva damlagichda o‘rnatilgan bo‘lib, uning maqsadi qahvaning tayyor yo tayyor emasligini kuzatish bo‘lgan.
- Google qidiruv tizimiga bir oyda o‘rtacha 35 milliarddan ortiq so‘rovnoma kelib tushadi.
- Google logosini yaratishda orfografik xato ketgan. Qidiruv tizimini katta hajmdagi ochiq ma'lumotlarni ifodalash uchun dastlab Googol deya nomlash rejalashtirilgan. Biroq tasodifiy xatodan keyin o‘sha nomni qoldirishga qaror qilishgan, zero bu so‘z vizual jihatdan ishlab chiqaruvchilarga ko‘proq ma'qul bo‘lgan.