Huawei va Audi kompaniyalari «HUAWEI CONNECT 2018» konferensiyasi doirasida ulangan aqlli avtomobillar (ICV) sohasida kelgusi hamkorlik rejalarini ma'lum qilib, ushbu inqilobiy texnologiyaning imkoniyatlarini amalda namoyish qilish uchun yangi AudiQ7 modelini taqdim etishdi.
«Hozirda biz yuqori darajada avtomatlashgan haydovchisiz ulovning ishlash xususiyatlari, shuningdek, transport vositasi va infratuzilma o‘rtasida ishonchli aloqani ta'minlaydigan tarmoqlarni takomillashtirish ustida bosh qotirmoqdamiz. Biz Huawei bilan hamkorlikni kuchaytirish istagidamiz, chunki bundan ham kompaniyalar, ham iste'molchilar manfaat ko‘radi», – deydi Audi China R&D ijrochi direktori Saad Metts (SaadMetz).
«Avtomobillar kundan-kunga aqlli bo‘lib bormoqda va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bu yo‘nalishda yanada muhim ahamiyat kasb etyapti. Jahondagi eng ilg‘or premium brendlardan biri hisoblangan Audi kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikda avtomatik boshqaruv tizimini sezilarli darajada rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shishga ishonchimiz komil. Yaqin kelajakda dunyoning barcha hududlarida odamlar xavfsiz, qulay, aqlli va pilotsiz qurilmalardan foydalanishi mumkin bo‘ladi», – deb qo‘shimcha qildi Huawei kompaniyasining boshqaruv kengashi raisi va strategik marketing bo‘yicha direktori Vilyam Syuy (WilliamXu).
Shahar sharoitida avtomatlashgan boshqaruvni ta'minlash uchun Huawei Mobile Data Center(MDC) ma'lumotlar markazi AudiQ7 bilan integratsiyalangan. Ushbu prototip «HUAWEI CONNECT 2018» konferensiyasida ommaga tanishtirildi.
Bundan bir necha oy avval, 2018 yilning 10 iyul sanasida Berlin shahrida Huawei va Audi kompaniyalari intellektual ulangan avtomobillarni ishlab chiqish maqsadida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolashgan edi. Hamkorlikning yangi bosqichi ushbu ikki brendning umumiy strategiyasini amalga tatbiq etishda kuchli turtki bo‘lib xizmat qilmoqda.
Reklama huquqi asosida