Meva-sabzavot eksporti islohoti uchun yangi qaror. Endi «O‘zagroeksport» monopoliyasi cheklanadimi?

O‘zbekiston 17:10 / 19.10.2018 15402

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning 2016 yilning 7 aprel kungi qarori bilan «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tarkibida yangi va qayta ishlangan meva va sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi – «O‘zagroeksport» aksionerlik jamiyati tuzilgandi. «O‘zagroeksport» O‘zbekistonda meva-sabzavot eksporti sohasidagi gegemon tashkilotga aylandi.

Bu tashkilotning tug‘ilishi sohada faoliyat yurituvchi tijoratchilar uchun misli ko‘rilmagan cheklovlar o‘rnatilishi bilan birga kechdi. Bozor iqtisodiyoti asoslaridan xabardor kishilar tushunishdi – sohaning ustidan «maymunlar yig‘lashi» tayin edi. Shunday ham bo‘ldi. Qaysidir sohada monopoliya o‘rnatilishi sohani tezda dafn etish bilan barobar ekani yana bir bor o‘z isbotini topdi. Beli og‘rimagan mansabdor dehqon yetishtirgan mahsulotning g‘amini yemasligi va hech qanday qarorlar unda bunday g‘amni paydo qilolmasligi haqiqati aksiomaga aylandi. Birgina Surxondaryo viloyatida gektar-gektar maydonlarda dehqon mashaqqatlari bilan yetishtirilgan piyoz yig‘ishtirilmay dalada qolib ketdi. Monitoringlar o‘tkazilmasligi natijasida minglab dehqon oilalar ko‘rgan moddiy va ma'naviy zararlar hajmini hech kim eslamadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18 oktabr kuni e'lon qilingan «Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi yangi qarori vaziyatni tubdan o‘zgartirishga bo‘lgan irodaning belgisi ekani ko‘rinib turibdi. Hujjatga ko‘ra, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish mexanizmi ancha soddalashtirilgan. Endi yuridik shaxslar uni dastlabki to‘lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sug‘urta polisisiz eksport qilishlari mumkin. Shu yilning avgust oyidan boshlab bunday mahsulotlarning eksporti bo‘yicha narx belgilash tartibi ham o‘zgargandi.

Qolaversa, tadbirkorlik sub'yektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega bo‘lmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi, eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi.

Dunyoda tobora talab kuchayib borayotgan sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishning ulkan salohiyatiga ega mamlakatimiz uchun bu sohaning ahamiyati nafaqat mamlakatga valyuta jalb qilish bilan, balki qishloqlarda ishsizlik hajmini kamaytirish, o‘zga iqtisodiyotlar uchun arzon ishchi kuchi bo‘lib xizmat qilayotgan qishloq yoshlarini vatanda, o‘z oilalarining oldida mehnat qilishlari uchun muhim omil ekani bilan o‘lchanadi.

Sohaning o‘ziga xosligi shundaki, boshqa sohalarda ishchi o‘rnini yuzaga keltirish bir qancha kompleks harakatlarni, korxona va ishlab chiqarish tizimlarini yaratishni taqozo qilsa, mavjud holatimizda mazkur soha yordamida yoshlarni ishli qilish bunday tadbirlarni talab etmaydi. Dastlabki bosqichda birgina talab – jarayonga nojo‘ya aralashib xalaqit qilmaslik, to‘siqlar qo‘ymaslik. Zero, dehqon-savdogar tandemi azaldan unumli bo‘lgan va o‘zining insoniyatni yegulik bilan ta'minlash missiyasini muvaffaqiyat bilan bajarib kelgan. Davlatning bu yerdagi bosh tashvishi – sohaga aralashib unga zarar yetkazib qo‘ymaslik bo‘lmog‘i lozim. Buning uddasidan chiqishining o‘zi sohaga ko‘rsatilgan ko‘mak bo‘lib, bundan keyingina boshqa ko‘mak choralari dolzarblik hosil qiladi.

Masalan, Tashqi savdo vazirligiga yuklatiladigan qo‘shimcha funksiyalar qatoriga «meva-sabzavot mahsulotlari eksporti sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish» belgilanayapti. «Muvofiqlashtirish» tushunchasi keng bo‘lib, idoralarning faoliyatiga nisbatan qo‘llanganda aniqlikni talab etadi. Zero, aniqlik bo‘lmasa, nojo‘ya aralashuv hollari ham har gal «muvofiqlashtirish»ga kirib ketaveradi.

O‘zining qarovsiz holatida ham, yo‘llarga muttasil g‘ovlar qo‘yilganda ham nafaqat xalq dasturxonini ta'minlab kelayotgan, balki qo‘shni bozorlarni ham «quruq qo‘ymay» kelayotgan mazkur sohaga biroz erkinlik va imkon berilsa, hech kim kutmagan natijalar bo‘lishi, mehnat migratsiyasi oqibatida qishloqlarimizda yuzaga kelgan ijtimoiy-ma'naviy ahvolga ijobiy ta'sir etishi tayin.

Umid qilamizki, bugungi qaror mazkur – bozor va voqelik taqozo qilib turgan omillarning ahamiyati o‘z o‘rnida e'tiborga olingani bo‘lib, soha faoliyatini erkinlashtirishga qarab yo‘nalish olinadi, sohaning ertasi esa serhosil bo‘ladi.

Shokir Sharipov

Ko‘proq yangiliklar: