Haqiqat osmonda, narvoni «hamyon»dami yoxud jizzaxliklarning dardini eshitadigan bormi?

Jamiyat 23:22 / 18.10.2018 27635

Jizzax viloyati, Do‘stlik tumani, Mevazor massivida qurilishi 2017 yil noyabr oyiga tugallanishi mo‘ljallangan ikki qavatli uyning bo‘lajak sohiblari nomidan KUN.UZ tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Murojaatning mazmuniga ko‘ra, shu hududdagi ikki qavatli uy hanuzgacha qurib, egalariga topshirilmagan. O‘tgan vaqt mobaynida bo‘lajak 32 nafar uy sohibi tuman, viloyat, respublika mutasaddi tashkilotlariga shikoyat bilan chiqishgan. Qilingan shikoyat va arizalardan esa natija yo‘q.

Kuf-sufchiga ishonsang ham, xo‘p-xo‘pchiga ishonma...

Uy uchun 2016 yil dekabr oyida dastlabki to‘lovni amalga oshirgan Dilshod O‘narov, mana, bir yildirki yuqori tashkilotlarning yolg‘on va'dalariga ishonib yashamoqda. Bu haqida uning o‘zi shunday deydi.

- Jondan o‘tmasa, jonim demas ekansiz. 2016 yil dekabr oyida 90.326998 so‘mlik uyning 15 foizini, ya'ni dastlabki badalini (13849350) to‘laganimda xursandchilikdan boshim osmonga yetgan edi. Ammo ming afsuslar bo‘lsinki, Mevazor massivida qurilayotgan qarama-qarshi joylashgan ikki qavatli uylarning biri bitish arafasida bo‘lsa, ikkinchisida 30-40 foiz ham ish bajarilmagan. Oradan bir  yil vaqt o‘tdi.

Bizning ham moddiy, ham ma'naviy zarar ko‘rayotganimiz bilan hech kimning ishi yo‘q. Bo‘lajak uy sohiblarining sakson foizi, shaxsan o‘zim ham ijarada turaman. Ijara haqi esa 350 000 so‘mni tashkil etadi. Shu bilan bir qatorda, bitmagan uy uchun Do‘stlik tuman Halq bankiga uy-joy kreditining belgilangan to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab kelmoqdamiz. Arz qilib bormagan joyimiz qolmadi.

Dastlab, tuman hokimligi, huquq-tartibot organlariga shikoyat qilgan bo‘lsak, keyinchalik viloyat hokimligidan tortib halq qabulxonasigacha murojaat qildik. Ammo har safar qop-qop va'dalar bilan qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib jo‘natishadi. Ana bitadi, mana bitadi bilan oradan shuncha vaqt o‘tdi. Uy bitishiga umid ham qilmay qo‘ydik. Dardimizni kim eshitadi?

Quruvchining ohidan tutun chiqdi...

Ushbu qurilish obektida ish olib borayotgan «Ahmad Hoji Al-Avaz» MChJ ish yurituvchisi Abdulla Abdurazzoqov esa uyni o‘z vaqtida bitmayotganiga MChJ «Qishloq Qurilish Invest» IK filialini aybladi.

- Do‘stlik tumani, Mevazor massividagi ushbu qurilishi nihoyasiga yetmay qolib ketgan uyni shu yilning iyun oyida bizga topshirishdi. Shu ikki qavatli uylarga o‘z hisobimdan 400 milliondan oshiq pul sarflaganman. Qurilish ishlari to‘xtab qolmasligi uchun 200 million so‘mga sement xarid qilganman. O‘z pulimni haligacha ololganim yo‘q, siz esa bitmagan uyni qachon bitadi deysiz? Biz MChJ «Qishloq qurilish Invest» IK Jizzax viloyati mintaqaviy filiali direktori Oybek Erkayevning lafziga ishonib, shu bitmagan uyda qurilish ishlarini boshlab yubordik. Siz boshlayvering, biz sizning hisob-raqamingizga pul o‘tkazib beramiz  deyishdi. Ammo va'da bajarilmadi.

Puldan haligacha darak yo‘q. Ertaga, indinga bilan, mana, qish ham kelib qoldi. Uyning nomiga va o‘ta sifatsiz qurilgani bor gap. Devorlar qiyshiq, ichkarida xonalarni ajratib turuvchi  devorlarni ushlasangiz qimirlaydi. Eng qizig‘i, ko‘pgina qurilish materiallari sotib yuborilgan. Masalan, deraza romlari. To‘rt-besh xonadonga deraza romlari o‘rnatilmagan. Ishchilarga o‘z hisobimizdan maosh berayapmiz. Sizga yolg‘on-menga chin, shaxsiy avtoulovimni garovga qo‘yib  foizga pul olganman. 2016 yilda qurilishi boshlangan ushbu uy uchun oddiy g‘ishtni 500 so‘mdan olishgan bo‘lsa, ayni kunda bitta g‘isht 1500 so‘m turadi. Men ham charchadim rosti. MChJ «Qishloq Qurilish Invest» IK olib borayotgan bunday «o‘yin»lar natijasida bor-budimdan ayrilmasam bo‘ldi, degan hadikdaman. Gapni po‘stkallasi, menga qachon mablag‘ ajratilsa, shundagina qurilish ishlarini boshlashim mumkin.

Suv boshidan loyqalanadimi?..

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida qurilishga mas'ul bo‘lgan Jizzax viloyati markazida faoliyat yuritayotgan MChJ «Qishloq Qurilish Invest» IK mintaqaviy filialiga yo‘l oldik. Filial direktorini uchrata olmagach, rahbar o‘rinbosari Yovbosar Bo‘ronovga uchrashdik. Tashrifimiz sababini bilgan Yovbosar Bo‘ronov bu borada hech qanday ma'lumot bera olmasligini, kechagina mehnat ta'tilidan chiqib hali hech narsadan xabari yo‘qligini bildirib o‘tdi. Yovbosar Bo‘ronovdan hech qanday ma'lumot ololmasligimiz ayon bo‘lgach, filial direktori Oybek Erkayevni kutishga qaror qildik. Oybek Erkayevning bizga bergan izohi esa, undan ham qiziq.

- Aslida, Mevazor massividagi qurilayotgan uylar uchun ajratilgan yerni o‘zi noto‘g‘ri tanlangan. Yer talabga javob bermaydi. Qurilish davomida yerdan bir necha marta suv chiqib ketgan.

Ushbu obekt mas'ullari «Silver Fortuna Servis» MChJ o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani bois ular bilan tuzilgan shartnomani bekor qilganmiz. Ayni kunda «Silver Fortuna Servis» MChJga jinoyat ishi ochilgan. Xullas, sabablar ko‘p muammoning yuzaga kelishida banklarning ham aybi bor. Lekin shunga qaramay biz harakat qilayapmiz. Uylar joriy yilning 10 noyabr sanasiga bitkazilib, o‘z egalariga topshiriladi. Buning uchun barcha imkoniyatlarimiz yetarli.

Kutganga kun uzoqmi?..

Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi - ikki hafta ichida yarim chala holatdagi ushbu bino haqiqatdanam ham qurilib sohiblariga topshirilarmikin? Muddat juda qisqa emasmi? Xo‘sh, shunday bo‘ldi ham deylik, qurilish ishlarining sifatli bajarilishiga kafolat bormi? Shuningdek, ismi ochiqlanishini istamagan quruvchilar «Silver Fortuna Servis» MChJni azaldan muammoli MChJ bo‘lganligini, lekin shunga qaramay nima sababdan yana bu MChJga buyurtma berilganini aytib o‘tishdi. O‘zingiz xulosa qiling, bitta do‘ppi hamma boshni aylanib chiqyapti. Do‘ppi eskirib ketdi. Lekin boshlar omon. Suv boshidan loyqalanadi.

Savollar ko‘p, javoblar esa... Mas'ullarning aybni bir-biriga ag‘darishiga qaraganda, Dilshod O‘narov kabi sargardon uy sohiblari bu yil ham yangi uyga ko‘chib o‘tolmaydi. Yoz o‘tdi, kuz o‘tayapti, eshik qoqib qish turibdi ostonada. Boshpanasiz aholi (aksariyati yosh o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari) maoshdan maoshga pul yetkazolmay sarson qolaveradimi?

Bu masalaga Jizzax viloyatidagi mutasaddi tashkilotlar, huquq-tartibot organi xodimlari nima deydi? Masala ijobiy yechim topadimi?

Xulosa shuki, kun sanab kutishdan charchagan, umidsiz, sarson yurtdoshlarimiz o‘z uylariga ega bo‘lishsin. Kimningdir jig‘ildoniga kirib ketgan mablag‘lar esa o‘z o‘rniga qaytarilsin. Toki haqiqat osmonda, narvoni «hamyon»da bo‘lmasin...

Gulchehra Sharipova

Ko‘proq yangiliklar: