«Bugun buyuk mukofot, tinchlik uchun Nobel mukofotini onam, Aun San Su Chji nomidan olish uchun qarshingizda turibman. Onam shaxsan o‘zi bu yerda bo‘lishiga vaziyat imkon bermaydi, shuning uchun u aytishi mumkin bo‘lgan minnatdorlik so‘zlarini sizlarga yetkazishga harakat qilaman. Birinchidan, onam nutqini bu mukofot o‘ziga emas, butun Birma xalqiga berilgan mukofot ekanligini aytishdan boshlagan bo‘lardi. U bu mukofot Birmada demokratiya o‘rnatilishi uchun o‘z farovonligi, ozodligi va hayotini qurbon qilayotgan barcha erkaklar, ayollar va bolalarga tegishli ekanini aytgan bo‘lardi».
1991 yil 10 dekabrda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirish marosimida «demokratiya va inson huquqlari yo‘lida kurashgani uchun» Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan birmalik dissident Aun San Su Chjining o‘g‘li Aleksandr Aris o‘z nutqini shu so‘zlar bilan boshlagandi. Aun San Su Chjining o‘zi bu vaqtda Myanmada uy qamog‘ida edi. U o‘sha paytda uzoq yillar hibsda bo‘lishini va 2010 yilda mamlakatdagi eng ta'siri kuchli shaxsga aylanishini bilmasdi. Aun San Su Chji nafaqat o‘z mamlakati, balki butun dunyoda ozodlik ramziga aylangandi.
Uzoq yillik uy qamog‘i
U 1945 yilda Birma mustaqilligi uchun kurashgan oila, mamlakat qahramoni general Aun San va siyosatchi hamda diplomat Xin Chji oilasida dunyoga kelgan. U ikki yoshligida otasi o‘ldiriladi, o‘n besh yoshga to‘lganida onasi elchilik qilayotgan Hindistonga keladi va Nyu-Dehlidagi kollejda o‘qiydi.
So‘ngra Aun San Su Chji tahsil olish uchun Buyuk Britaniyaga yo‘l oladi. U Oksfordda falsafa, siyosat va iqtisodiyot bo‘yicha bilim oladi, uch yil Nyu-Yorkda, BMT qarorgohida ishlaydi. Keyin tibetshunos Mi'ael Ayrisga turmushga chiqadi va ikki farzandli bo‘ladi.
1988 yil yozda Aun San Su Chji bemor onasini ko‘rish uchun Birmaga qaytadi. Bir necha haftadan so‘ng, 8 avgustda mamlakatda hukmron partiyaga qarshi talabalar isyoni boshlanadi. Ikki haftadan keyin mamlakat poytaxtida yarim millionga yaqin kishi namoyishga to‘planadi va ular oldida Aun San Su Chji birinchi siyosiy nutqini so‘zlaydi. Yana bir oydan so‘ng u «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi rahbariga aylanadi.
1989 yil iyulda u uy qamog‘iga olinadi. Bir yildan so‘ng uning partiyasi parlament saylovlarida ko‘p ovoz oladi, ammo hukumat ovoz berish natijalarini bekor qiladi. Aun San Su Chji 21 yil davomida bir necha marta ozod etiladi va yana hibsga olinadi. U so‘nggi bor 2010 yil noyabrda ozodlikka chiqadi. Bundan bir necha kun avval mamlakatda 20 yil ichidagi ilk demokratik saylovlar bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda Aun San Su Chji partiyasi saylovlarga qo‘yilmagandi, ammo oradan besh yil o‘tib hukumat tepasiga «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi keldi.
Aun San Su Chji hukumatga rahbarlik qilolmasdi (uning farzandlari Britaniya fuqarosi bo‘lganligi bunga xalaqit bergan) va 2016 yilda uning uchun alohida Myanma davlat maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Shunday qilib Aun San Su Chji amalda davlat rahbariga aylandi.
Qatliom va yuz minglab jabrdiydalar
2010 yillar o‘rtalarida Myanmada rohinjalar va arakanlar (islom va buddizmga e'tiqod qiluvchi etnik guruhlar) o‘rtasida to‘qnashuvlar kuchaydi. 2016 yildan Myanma armiyasi ularning nizolariga ochiqchasiga aralasha boshladi.
Myanmada rohinja aholisi mamlakat fuqarolari deb hisoblanmas, ular Bangladeshdan kirib kelgan noqonuniy muhojirlar deb atalardi. Ular asrlar osha shu mintaqada istiqomat qilib kelganiga qaramay, fuqarolik huquqlaridan mahrum etilgandi.
Myanma hukumatining harakatlari G‘arbning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi. 2017 yil martda rohinjalar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish uchun komissiya tuzishga qaror qilindi, ammo Myanma xalqaro inspektorlarni mamlakatga kiritishdan bosh tortdi.
2017 yil 25 avgust kuni Arakan Rohinja ozodlik armiyasi isyonchilari 30 ta politsiya blok postlari va armiya bazasiga hujum qilishi oqibatida ikki tomondan jami 71 kishi qurbon bo‘ldi.
Jyenevada BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashining 39-sessiyasi ochilishida BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad Al-Husayn Myanmaning Rakxayn shtatidagi rohinjalarga nisbatan zo‘ravonlikni etnik tozalash deb atadi.
"Myanma inson huquqlari sohasidagi tergovchilarni mamlakatga qo‘yishdan bosh tortar ekan, hozirgi vaziyatni to‘liq baholab bo‘lmaydi, biroq bu vaziyat kitoblarda qayd etilgan etnik tozalash tushunchasiga to‘g‘ri keladi", - dedi u.
Oradan deyarli bir oy o‘tib Bangladesh bosh vaziri Hasin Vazid BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyadagi umumsiyosiy muhokamalarda 800 mingdan ortiq myanmalik rohinja musulmonlari Bangladeshga qochib kelganini ma'lum qildi.
"Biz Myanma hukumatining o‘z chegara hududida rohinjalar qaytib bora olmasliklari uchun mina yotqizayotganini dahshat bilan kuzatyapmiz", - dedi Bangladesh hukumati rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, "rohinjalar yuzlab yillar mobaynida yashagan o‘z vatanlaridan etnik tozalashlar sababli qochmoqda".
2018 yilning 25 avgustida BMT Myanma harbiylari qatliom maqsadida musulmon rohinja xalqini ommaviy ravishda qirgani va zo‘rlaganini ma'lum qildi.
Hujjatda qayd etilishicha, davlat maslahatchisi Aun San Su Chji boshchiligidagi fuqarolik hukumati kamsonli xalqqa nisbatan nafrat targ‘ibot qilinishiga ruxsat bergan, hujjatlarni yo‘q qilgan va rohinjalarni harbiylarning ularga qarshi jinoyatlaridan himoya qilmagan. Hukumat shu tarzda yovuzliklarga o‘z hissasini qo‘shgan.
Rakxayn shtatidagi jinoyatlar va ularning sodir etilish uslublari xususiyati va jiddiyligi jihatidan qatliom o‘tkazish maqsadi bilan bir xil, deb hisoblashdi ekspertlar.
Shuningdek, Myanma hukumati jurnalist va faollarni ta'qib qilishda ham ayblandi. Xususan, shu yilning sentabr oyi boshida Myanmadagi sud Reuters axborot agentligining ikki nafar jurnalistini yetti yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Jurnalistlar rohinja xalqining ahvolini yoritishgan. Ular noqonuniy ravishda yashirin ma'lumot olishda aybdor deb topildi. Prokurorlar ma'lumotiga ko‘ra, muxbirlar maxfiy davlat hujjatlarini o‘zlashtirgan.
Yo‘qolgan obro‘
Bu voqealar Aun San Su Chjiga bo‘lgan munosabatni keskin o‘zgartirdi. Tanqidchilar u inson huquqlari uchun kurashuvchi shaxs sifatidagi obro‘si va nufuzini yo‘qotganini qayd etishdi.
The New York Times’ning yozishicha, Aun San Su Chji hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng «diktatorlik xususiyatlarini» namoyon eta boshlagan. Nashrning yozishicha, u aqlga sig‘maydigan bayonotlarni bergan (masalan, mamlakatning 90% aholisini tashkil etuvchi buddaviylar «musulmonlar global tahdidi»dan qo‘rquvda yashayotganini aytgan), ammo bu so‘zlari uning «farishtasifat» qiyofasi bois e'tiborsiz qolgan.
2018 yilning 3 oktabr kuni Aun San Su Chji Myanmada rohinjalarning qatliom qilinishiga befarq bo‘lgani uchun Kanadaning faxriy fuqarosi unvonidan mahrum etildi – bu unvon unga 2007 yilda berilgandi.
«O‘z davrida u inson huquqlari uchun kurash timsoli bo‘lgandi. Dunyo unga Myanmada demokratiya va tinchlik o‘rnatilishi garovi sifatida katta umidlar bilan qaragandi. Endilikda esa bunday bo‘lmaganini ko‘rib turibmiz», — dedi Aun San Su Chjini Kanada fuqaroligidan mahrum etishni taklif qilgan senator Ratna Omidvar.
Myanma yetakchisini tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotidan ham mahrum qilish taklif etilgandi, ammo Nobel qo‘mitasi bunday qilinmasligini bildirdi. Nobel jamg‘armasi ijrochi direktori Lars Xaykensten Aun San Su Chji Myanmada sodir bo‘lgan voqealarda qisman aybdor ekanligini va bu «o‘ta qayg‘uli» holatligini bildirdi, ammo undan mukofotni olib qo‘yishdan ma'no ko‘rmayotganligini aytdi.
«Bunday qilishimiz kishilar mukofot olganidan so‘ng o‘zlarini qanday tutganlari haqida doimiy bahs-munozara yuritishimizga olib keladi. Mukofot olganidan so‘ng xatti-harakatlari noma'qul tuyulgan yoki noto‘g‘ri bo‘lgan Nobel mukofoti laureatlari har doim bo‘lgan va bo‘ladi. Bundan qutulishning imkoni yo‘q deb o‘ylayman», - dedi Xaykensten.