Facebook strategiyasi: iste'folar, xaridlar va milliardlab dollar daromad

Fan-texnika 14:00 / 26.09.2018 11019

25 sentabr kuni The New York Times gazetasi Instagram bosh direktori Kevin Sistrom va ijtimoiy tarmoqning bosh texnik direktori Mayk Kriger ijtimoiy tarmoqqa egalik qiluvchi Facebook rahbariyatiga iste'foga chiqishlari haqida ma'lum qilishganini yozdi. Gazetaning ma'lumot berishicha, yaqin haftalar ichida ular kompaniyani tark etadi.

Kevin Sistrom va  Mayk Kriger
Foto: The New York Times

Shunisi qiziqki, dunyoning gigant kompaniyalaridan biri bo‘lgan Facebook keyingi besh yil ichida internet va yuqori texnologiyalar olamida nufuzga ega bo‘lgan beshta kompaniyani sotib olgan. Ana shu besh kompaniyaning to‘rttasiga tamal toshini qo‘yganlar keyinchalik iste'foga chiqishlarini e'lon qilishgan. Ular tarixiga nazar solamiz.

Instagram

Facebook 2012 yilda Instagram kompaniyasini 1 mlrd dollarga sotib oldi. “Kompaniya o‘z brendi va rahbariyatini saqlab qoladi hamda sayyoramizning eng yirik ijtimoiy tarmog‘idan mustaqil ravishda rivojlanadi”, deb ma'lum qilgandi o‘shanda Mark Tsukerberg.

Foto: Instagram/Mark Zuckerberg

Oradan olti yil o‘tgach, gazetasi Instagram bosh direktori Kevin Sistrom va ijtimoiy tarmoqning bosh texnik direktori Mayk Kriger iste'foga chiqishlarini ma'lum qilishdi. Instagram hammuassislari o‘z iste'folari sabablarini izohlashmagan, ammo ular ta'til olishni rejalashtirayotganliklari haqida aytishgan.

WhatsApp

Foto: Brent Lewin/Bloomberg

Jahonning eng ommabop messenjerlaridan biri bo‘lgan WhatsApp ham 2014 yilda 19 mlrd dollar evaziga  Facebook tasarrufiga o‘tdi. Messenjer asoschilari Yan Kum va Brayan Ekton WhatsApp o‘z daxlsizligini saqlab qolishi, foydalanuvchilar haqidagi ma'lumotlarni hech qachon xo‘jayin kompaniyaga bermasliklarini bildirishdi. Ammo 2017 yilda Facebook WhatsApp’ni xizmat ko‘rsatish shartlarini o‘zgartirishga majbur qildi. Buning natijasida ijtimoiy tarmoq messenjer foydalanuvchilarining telefon raqamlarini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, Facebook rahbariyati foydalanuvchilar haqida ma'lumot to‘plash va ularga reklama ko‘rsatish maqsadida messenjer va ijtimoiy tarmoqdagi profillarni birlashtirish shartini qo‘ydi.

Facebook bosimi ostida messenjer yillik obunadan voz kechdi. Korxonalarga mijozlar bilan muloqot qilish imkoniyatini berish rejasi tufayli messenjer himoya tizimini susaytirishiga to‘g‘ri keldi.

2017 yil sentabrda WhatsApp hammuassislaridan biri Brayan Ekton kompaniyani tark etishini e'lon qildi. Shu yilning may oyida esa kompaniya bosh direktori Yan Kum ham ketishga qaror qildi.

Oculus

Foto: David Paul Morris/Bloomberg

2014 yil yanvarida Mark Tsukerberg Oculus Rift virtual voqelik ko‘zoynaklariga qiziqib qoldi. U bu qurilma bilan tanishish uchun kompaniya ofisiga shaxsan o‘zi bordi. Kompaniya asoschilari Palmer Laki va Brendan Ayrib bilan ikki oylik muzokaralardan so‘ng mart oyida Oculus VR Facebook tomonidan 2,4 mlrd dollarga sotib olindi.

2017 yil yanvarda ZeniMax media-giganti Facebook’ni Oculus VR kompaniyasini noqonuniy ravishda xarid qilishda aybladi. U dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoq Oculus virtual voqelik bo‘yicha barcha texnologiyalar ishlanmasini noqonuniy ravishda o‘ziga o‘tkazib olganini yaxshi bilgan holda bu kompaniyani sotib olganini va virtual voqelik ko‘zoynaklarini ZeniMax yaratganini iddao qildi. 

Tsukerberg sudda texnologiyalarni o‘g‘irlagani yuzasidan qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, VR-ko‘zoynaklarda ishlatiluvchi barcha texnologiyalar Oculus jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan.

O‘sha yil fevralida sud Facebook ZeniMax kompaniyasiga 500 mln dollar jarima to‘lashi kerakligi haqida hukm chiqardi.

Buning ustiga, Palmer 2016 yilda AQSh prezidentligiga nomzod Xillari Klintonga qarshi guruhni moliyalashtirishda ayblandi. 2017 yil martida Laki Facebook’dan ketdi. Undan avvalroq, 2016 yil dekabrda esa Oculus bosh direktori Brendan Ayrib kompaniyani tark etgandi.

LiveRail

LiveRail reklama serveri 2007 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u real vaqt rejimida reklama e'lonlari auksioni bilan shug‘ullanardi. 2014 yilda Facebook  mazkur videoreklama servisini 500 million dollarga sotib oldi. Ammo ikki yildan so‘ng, 2016 yil aprelda server yopildi va uning xodimlariga boshqa ish topishlari kerakligi aytildi.  O‘sha davrda LiveRail asoschisi va rahbari Mark Trefgarn ham Facebook’dan ketdi.

Navbatdagi kim?

2013 yilda Facebook Isroilning mobil tahlil bilan shug‘ullanuvchi Onavo kompaniyasini 120 million dollarga sotib oldi. Kompaniyaning 30 nafar xodimi Tsukerberg jamoasiga qo‘shildi. Mana besh yildirki, ular hamon  Facebook’da ishlab kelishmoqda.

Facebook hozirga qadar nechta loyihani sotib olgan

2005 yildan shu kungacha Facebook 58ta oldi-sotdi kelishuvini amalga oshirgan. Eng birinchisi – 2005 yilda Facebook.com domenining 200 ming dollarga sotib olinishi bo‘lgan bo‘lsa, oxirgisi VR-ovoz bilan shug‘ullanuvchi Two Big Ears shotland startapidir.

Startaplar uchun necha pul sarflangan?

Foto: Getty Images

Facebook texnologik startaplarni sotib olish uchun 23 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Mana, Mark Tsukerbergning eng yirik xaridlari ro‘yxati:

WhatsApp — 19 mlrd dollar.

Oculus VR — 2,4 mlrd dollar.

Instagram — 1 mlrd dollar.

LiveRail — 500 mln dollar.

Microsoft Atlas — 100 mln dollar.

Face.com  — 100 mln dollar.

Qolgan xaridlar uchun 10 mlndan 85 mln dollargacha sarflangan.

Foto: Getty Images

Facebook qaysi mamlakatlardagi startaplarni sotib olgan?

AQSh - 43 loyiha.

Buyuk Britaniya - 6 loyiha.

Isroil - 3 loyiha.

Belarus, Kanada, Finlyandiya, Hindiston, Malayziya va Niderlandiya – 1tadan loyiha.

Facebook nimadan daromad topadi va kompaniya qanchaga baholanadi?

Facebook asosan kompaniyalar va foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqda joylashtiradigan reklamadan  daromad topadi. Kompaniya hisobotida aytilishicha, Facebook sof daromadi joriy yilning 1-choragida 4,9 mlrd, 2-choragida 5,12 mlrd dollarni tashkil etgan. Kompaniyaning 2017 yildagi sof daromadi 15,9 mlrd dollar bo‘lgan.

Ikki mlrd nafardan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoq narxi ekspertlar tomonidan quyidagicha baholangan:

2018 yil: 542,95 mlrd dollar.

2017 yil: 314,8 mlrd dollar.

2015 yil: 225,7 mlrd dollar.

2011 yil: 50 mlrd dollar.

2010 yil: 35 mlrd dollar.

2007 yil: 15 mlrd dollar.

Ko‘proq yangiliklar: