Rasmiy Moskvaning Damashqqa S-300 zenit-raketali komplekslar yetkazib berish to‘g‘risidagi qarori Suriya hukumatiga muhim obektlarni muhofazalash, shuningdek, Isroil va boshqa bir qator G‘arb davlatlari harbiy samolyotlari Suriya bo‘ylab zarbalar berish imkoniyatlarini cheklash maqsadini ifodalaydi.
24 sentabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ma'lum qildiki, Rossiya ikki hafta mobaynida suriyalik harbiylarga S-300 zenit-raketali majmuasini yetkazib beradi.
Bu Latakiyada urib tushirilgan Il-20 ga javob chorasi sifatida ko‘rilmoqda.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 2013 yilda Isroilning iltimosi bilan Suriyaga S-300 majmuasini yetkazib berishni to‘xtatgan edi. Shoygu «bugun vaziyat o‘zgargani, bunga esa Rossiya aybdor emasligi»ni qayd etib o‘tdi.
U 17 sentabr kuni Rossiyaning Il-20 samolyoti Xmeymim aviabazasiga qaytib kelish chog‘ida urib tushirilgani, uning bortidagi 15 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lganini eslatib o‘tdi. U Il-20 samolyoti xuddi shu vaqtda Suriyaning g‘arbiy qirg‘oqlariga hujum qilgan Isroilning F-16 samolyotlari tufayli zarbaga yo‘liqqanini takrorladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea Rossiyani Suriyada terrorizmga qarshi kurashayotgan rossiyalik harbiylarni himoya qilishga qaratilgan choralarni ko‘rishga undadi.
«Aminmizki, ushbu choralar «qizigan boshlar»ni sovitadi va bizning harbiy xizmatchilarimiz uchun xavf tug‘diruvchi bemulohaza xatti-harakatlardan tiyadi. Aks holda, yuzaga kelayotgan holatga muvofiq chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz», degan u.
Isroilning bu qarorga munosabati, bu qaror Rossiya va Isroil munosabatlariga qanday ta'sir etishi masalasi hozircha ochiq qolmoqda. Hozircha Isroilning Moskvadagi elchixonasi bu borada izoh bermayapti. Ammo shu yilning aprel oyidayoq Isroil mudofaa vaziri Avigdor Liberman agar Suriya Isroilga qarshi S-300 zenit-raketali majmualarini qo‘llaydigan bo‘lsa, bu qurollar yo‘q qilinishi haqida ogohlantirgandi.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov suriyaliklarga zenit-raketali majmualar yetkazib berilishidan maqsad uchinchi davlatga qarshi harakatlar emas, Suriyadagi rossiyalik harbiylar xavfsizligini ta'minlash ekanini qayd etib o‘tdi.
Harbiy munozaralardan diplomatik muzokaralarga
Mudofaa bo‘yicha Federatsiya kengashi qo‘mitasi a'zosi Frants Klintsevichning hisoblashicha, S-300 yetkazib berilishi ortidan Suriyada Isroil qurolli kuchlari va Rossiya harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqishi ehtimoli yo‘q.
«Bunday majmuaga ega bo‘lgan davlat o‘z hududidagi obektlar - tinch aholi va harbiylarini aviatsiya hujumidan muhofaza eta oladi», degan u. Uning so‘zlariga ko‘ra, «C-300 yetkazib berilishi mavjud taranglikni yumshatib, tomonlarni diplomatik yo‘lga undaydi».
RF tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov ham C-300 majmuasi yetkazib berilishi Rossiya va Isroil munosabatlarini buzmasligiga ishonch bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror «Rossiya va Suriyaning suveren huquqi».
Normalar va huquqqa zid emas
Iste'fodagi general-polkovnik, harbiy ekspert Leonid Ivashovning so‘zlariga ko‘ra, C-300 majmuasi yetkazib berilishi qarori shuni anglatadiki, Suriya hududlarining asosiy qismida hamda O‘rta Yer dengizining akvatoriyasida «agressiyadan xoli xavfsiz hudud» barpo etiladi.
Ivashovning so‘zlariga ko‘ra, «bunday hudud tashkil etish Rossiyaning va Suriyaning huquqi bo‘lib, bu qaror halqaro huquq normalariga zid kelmaydi». «Bu harakat AQSh, Isroil va xalqaro koalitsiya tarkibida Suriyada harbiy amaliyotlar o‘tkazib kelayotgan bir qator G‘arb davlatlarining keskin qarshiligiga uchraydi», deb hisoblamoqda u.
Isroil va G‘arb davlatlariga signal
«Bu Moskvaning shunchaki bir harbiy qadami emas, bu harbiy-siyosiy choradir. Birinchidan, bu Bashar Asad armiyasiga mamlakat hududini noqonuniy havo hujumlaridan himoya qilishda qo‘shimcha ishonch bag‘ishlaydi. Ikkinchidan, bu amerikaliklarga va koalitsiya tarkibidagi boshqa hamkorlariga Suriya havo hududiga kirish taqiqlanishini anglatadi», degan «Interfaks» bilan suhbatda harbiy ziddiyatlar va geostrategik prognozlash bo‘yicha ekspert, professor Yevgeniy Nikitenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Damashqqa C-300 zenit-raketali majmuani yetkazib berish shunchaki Suriya hududiga berilishi mumkin bo‘lgan zarbalarni to‘sishga emas, «hukumatning mamlakat hududi ustidan nazoratni ta'minlashi»ga xizmat qiladi. «Bu shunchaki zenit-raketali majmua emas, balki Suriyaning iqtisodiy tiklanishi va xavfsizligi kafolatidir», degan ekspert.
AQSh va Kanada harbiy-siyosiy tadqiqotlar instituti rahbari Vladimir Batyuk ham Suriyaga S-300 yetkazib berilishini «amerikaliklarga kuchni ko‘rsatib qo‘yish» sifatida baholamoqda. U S-300 - qudratli havo hujumidan mudofaa majmuasi ekani, «bu majmua amerikaliklarni Suriyaga hujum qilishidan avval yaxshilab o‘ylab ko‘rishga undashi»ni aytib o‘tgan.
U «shu vaqtgacha Suriya havo hujumidan mudofaa tizimida bo‘lgan qurollar eskirgani, Rossiyaning Il-20 samolyotini adashib urib tushirgan S-200 Sobiq Ittifoq davrida olib kelingani»ni qayd etib o‘tgan.
Ekspertlar S-300 yetkazib berilishini Isroil va G‘arbning boshqa qudratli davlatlariga Rossiya tomonidan berilgan signal - Rossiya bundan keyin Suriya havo kengliklarini nazorat qilmoqchi ekanini anglatish sifatida baholashgan.
S-300 Suriyani «o‘q o‘tkazmas» qilib qo‘ya olmaydi
Harbiy ekspert Nikolay Surkovning aytishicha, bu majmuani olgach, Suriya «mutlaqo mukammal havo hujumidan mudofaa tizimiga ega bo‘lib qolmaydi». Ammo hujum qiluvchi tomon keng ko‘lamli amaliyotda natijaga erishishi uchun yanada ko‘proq harbiy kemalar va harbiy samolyotlarni harakatga keltirishi zarur bo‘ladi.
Ekspertning qayd etishicha, S-300 Suriya havo hujumidan mudofaa tizimi imkoniyatlarini kardinal darajada oshiradi, ammo mamlakatning barcha hududlarini havo hujumlaridan himoya qila olmaydi. «Muhim jihati shundaki, Suriyaga bunday majmualardan qancha yetkazib beriladi va suriyalik harbiylar uni o‘zlashtirishi uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi? Texnikani qabul qilish boshqa ish, uni jangovar holatga keltirish va qo‘llashni o‘rganish boshqa ish. Shuni anglash kerakki, S-300 mamlakatning butun hududi himoyasi uchun emas, ayrim obektlar himoyasi uchundir», degan ekspert.
Mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha Federatsiya kengashi qo‘mitasi raisi Viktor Bondarev esa Suriyaga S-300 batareyalari joylashtirilishi Rossiyaning Xmeymimdagi harbiy bazasi xavfsizligini mustahkamlashini ta'kidlab o‘tgan. U Suriyaga bir nechta batareya yetkazib berilishi mumkinligini istisno etmagan.
Isroil yanada sezgir bo‘lishi talab etiladi
Damashqqa S-300 yetkazib berilishi Suriya hududida eronparast kuchlarga qarshi amaliyotlar o‘tkazib kelayotgan isroillik harbiylarning taktikalari o‘zgarishiga olib keladi. Endilikda isroilliklar yanada ehtiyotkorroq bo‘lib, radioelektron tizimlarini yanada sezgirroq qilib takomillashtirishlari talab etiladi.
«Ziddiyat kelib chiqish ehtimoli yuqori emas, ammo bu qaror Rossiyaning Isroil bilan munosabatlarini murakkablashtirishi tayin. Men vaziyat qurolli qarama-qarshilikkacha yetib bormasligiga umid qilaman. Ammo suriyalik harbiylar Rossiya yetkazib bergan majmua bilan isroillik uchuvchilarni urib tushirishsa, Isroil bu majmualarni va ular joylashgan bazalarni o‘qqa tutadi», degan harbiy ekspert Aleksey Arbatov.
«Qoidalarni Rossiya belgilab beradi»
Moskvaning Damashqqa S-300 yetkazib berish bo‘yicha qarori Suriyaga qarshi yirik harbiy amaliyot boshlashga hozirlik ko‘rayotgan Isroilni tiyib turishga qaratilgan. Ammo bu qaror Rossiya-Isroil munosabatlariga jiddiy zarar yetkazmaydi, deb hisoblamoqda Tashqi siyosat va Mudofaa bo‘yicha kengash prezidiumi raisi Fedor Lukyanov.
«Bir tomondan Isroilga aniq signal yo‘llandi. Boshqa tomondan, hech kim Isroil bilan erishilgan yuqori darajadagi munosabatlarga zarar yetkazilishi mumkinligiga qiziqmadi», degan u.
Uning fikr bildirishicha, bu qarordan maqsad «qoidalarni Rossiya belgilashini Isroilga anglatib qo‘yish»dan iborat.
Ko‘p narsani o‘zgartirmaydigan yengil javob
Yana bir harbiy ekspert Dmitriy Maryasisning fikr bildirishicha, Moskvaning qarori Isroilning Eron qo‘llovidagi kuchlarga qarshi Suriyadagi amaliyotlariga jiddiy ta'sir etmaydi.
«Menimcha, bu isroilliklar uchun juda yengil javob bo‘ldi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri Isroilning o‘ziga ta'sir ko‘rsatmaydi. Isroillik harbiylar o‘z nishonlariga zarba berish yo‘lini topa olishadi», degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Moskvaning Suriyaga S-300 yetkazib berish bo‘yicha qabul qilgan qarori hozirgi vaziyatdan kelib chiqib qaralsa, ehtimollar orasida eng kuchsiz qaror bo‘ldi».
Uning fikricha, Rossiya-Isroil munosabatlarida inqirozli holat kuzatilmaydi. «Il-20 voqeasidan keyin Rossiya Mudofaa vazirligi ayblovlari ortidan Isroil bundan qat'iyroq reaksiya kutgandi», deya qayd etadi ekspert.