Pager O‘zbekistonda Telegram o‘rnini bosa oladimi?

Fan-texnika 12:43 / 24.09.2018 18826

Telegram muloqot uchun juda qulay platforma. Rossiyalik dasturchi Pavel Durov tomonidan 2013 yilda foydalanishga taqdim etilgan ushbu messenjer keng imkoniyatlari, guruh va kanal boshqaruvi, tekin xizmat, o‘ziga xos dizayni bilan ommaviy muloqot vositasiga aylana oldi. Xususan, bugungi kunda O‘zbekistonda ham ushbu messenjer keng muloqot maydoniga aylangan.

Albatta, messenjerlar haqida fikr bildirganda ma'lumotlar xavfsizligiga ham alohida to‘xtalish zarur.

Oxirgi yillarda ko‘plab mamlakatlarda mahalliy messenjerlar yaratish orqali ularning xizmatlari o‘zlashtirilayotgani inobatga olinsa, kelajakda ushbu xizmatlarning ham mahalliylashishini taxmin qilish mumkin.

Respublikamizda ham mahalliy messenjerlarni yaratish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qancha huquqiy asoslar yaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 14 avgustdagi “Global internet axborot tarmog‘ida milliy kontentni yanada rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi № 625 sonli qarorning kompleks dasturida “Milliy messenjerlar yaratish va rivojlantirish” ishlari ham o‘rin olgan .

Mavzuni bejiz messenjerlardan boshlamadik. Bir necha kun avval kelajakda O‘zbekiston uchun asosiy muloqot vositasi sifatida Telegram o‘rnini bosa olishi mumkin bo‘lgan Pager nomli dastur va ushbu dasturning mobil ilovasi yaratilgani haqida eshitdik.

Foto: Pager 

Ho‘sh, Pager o‘zi qanday dastur va muloqot vositasi sifatida haqiqatdan ham Telegram o‘rnini egallay oladimi? Ushbu mavzular yuzasidan “ORIENT SOFTWARE TEAM” kompaniyasining asoschilaridan biri, dastur yaratuvchisi Anvar Karimov bilan suhbatlashdik.

- Dastlab jamoangiz va dastur haqida ma'lumot bersangiz.

Anvar Karimov:

-Jamoamiz dasturiy mahsulotlar yaratish bilan shug‘ullanadi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, kompaniyamiz xodimlari turli xil dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha katta tajribaga ega yoshlar hisoblanishadi. Jumladan, ikki yildan buyon dunyoda ommaviy hisoblangan messenjerlar, ularning samarasi va qo‘shimcha imkoniyatlarini o‘rganish ustida ish olib bormoqdamiz. Maqsad-O‘zbekiston uchun qulay, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan samarali ommaviy muloqot dasturini yaratish va tashqi internet xarajatlarini kamaytirish.

Pager dasturida matn, rasm, kontaktlar, media fayllarni yuborish, shuningdek barcha foydalanuvchilarni qiziqtiruvchi audio va video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniyatlari mavjud.

Dastur hozirgi kunda  IOS, ANDROID versiyalarida to‘liq foydalanish uchun tayyor, WEB va DESKTOP versiyalari ustida ish olib borilmoqda.

Dastur to‘rtta: o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida ishlaydi. Kelgusida yangi tillarni qo‘shish mumkin.

Foto: Pager 

-Ushbu ilovaga o‘xshash yana qanday dasturlar yaratilgan hamda Pagerning ulardan farqli jihati nimada?

Anvar Karimov:

-Pager’ning imkoniyat va ishlash yo‘nalishi Xitoyda ommaviy ravishda foydalanilayotgan Wechat, Yaponiyadagi Line, Koreyada KakaoTalk, Amerika va Yevropada  Whatsapp va bizda ommalashgan Telegram messenger’lariga o‘xshash. 

Ilovani boshlang‘ich messenjer sifatida tushunish mumkin. Biroq, keyinchalik uning yordamida aholiga turli yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatishni ham yo‘lga qo‘yamiz.

Masalan, kommunal xizmatlarga to‘lov qilish imkoniyati. Ushbu xizmatni yoqtirgan fuqarolar doimiy ravishda kommunal to‘lovlar, to‘lov qilish vaqti va hisobidagi mavjud mablag‘ haqida ma'lumotga ega bo‘lib borishadi yoki avtomobil haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzganligidan ogohlantiruvchi sms xabarlar, tadbirlar uchun onlayn chipta olish, navbatga yozilish kabi davlat xizmatlarini bir tizimga birlashtirish mumkin.

Shuningdek mamlakatimizdagi mavjud to‘lov tizimlari bilan ham dasturni integratsiya qilish rejalarimiz bor.
Albatta bu dasturimizni foydalanuvchilar tomonidan qanday qabul qilinishiga va kelgusidagi rivojiga bog‘liq.

Shuningdek, foydalanuvchilarni talab va istaklaridan kelib chiqqan holda yana qo‘shimcha xizmatlarni ham yo‘lga qo‘yish mumkin.

-Pagerda foydalanuvchilar uchun ma'lumotlarni almashish qanchalik darajada ishonchli?

Anvar Karimov:

-Dasturni yaratish davomida foydalanuvchi ma'lumotlarining xavfsizligiga alohida e'tibor qaratildi. Bunda ko‘pgina zamonaviy messenjerlar qatori bizda ham, foydalanuvchilarining barcha ma'lumot almashishlari shifrlangan holda amalga oshiriladi. Foydalanuvchilar Pager’da o‘zlarini xavfsiz hisoblashlari mumkin.

Foto: Pager 

-Qachon ushbu dasturdan foydalanishimiz mumkin?

Anvar Karimov:

-Hozirgi paytda dastur foydalanishga tayyor. Kompaniya xodimlari va tor doiradagi 100 dan ortiq foydalanuvchilar tomonidan sinov tariqasida foydalanilmoqda. Biroq ilovani ommaviy foydalanish uchun e'lon qilganimiz yo‘q, buning asosiy sabablari bizda server va internet tezligi ommaviy foydalanish uchun yetarli emas. Buning uchun alohida DATA CENTER va yuqori  tezlikka ega internet tarmoqlari kerak bo‘ladi. 

Ishonamanki, ushbu muammolarga ijobiy yechim topiladi va dastur ishga tushgan holatda yurtdoshlarimiz uchun har tomonlama qulay messenjer taklif qila olamiz.

-Yurtdoshlarimizga xavfsiz, iqtisodiy jihatdan qulay va qo‘shimcha imkoniyatlarga ega messenjerni va'da qilayapsiz. Ayting-chi, bu borada sizlarga investorlar yordami qanchalik zarur?

Anvar Karimov:

-Albatta, har qanday sohaning rivojlanishi uchun mablag‘ masalasi katta ahamiyatga ega. Bizning dasturiy mahsulot foydalanishga tayyor holatda, faqat yuqori tezlikka ega internet tarmoqlariga ulanish yoki kerakli xarakterdagi serverlardan foydalanish,  dasturiy mahsulotni rivojlantirib borish uchun ma'lum miqdorda mablag‘ talab qiladi.

Shu sababli, loyihadan ko‘zlangan maqsadlarga erishish va uni yanada rivojlantirish uchun investitsiya kiritish istagini bildirgan tadbirkorlar, vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga  doim tayyormiz.

Pager dasturi haqida qo‘shimcha ma'lumot va loyihada hamkorlik uchun telefon: +99899 833 24 11

Ko‘proq yangiliklar: